Samarqandda yiliga 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurilmoqda
Bojxona qo‘mitasiga biriktirilgan investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi mutasaddilari Samarqand shahrida Xitoyning “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan zamonaviy inshootning qurilish ishlari bilan tanishdi. Qurilish jarayonlari joyida o‘rganilib, loyihani amalga oshirish bosqichlari tahlil qilindi.
Umumiy qiymati 150 million AQSh dollarini tashkil etuvchi mazkur loyihaning joriy yil birinchi choragida 10 million dollarlik qismi o‘zlashtirilgan. Hozirgi vaqtda qurilish ishlarining qariyb 40 foizi bajarilib, ishlar jadal davom etmoqda.
Xitoylik mutaxassislarning ta’kidlashicha, qurilish ishlarini joriy yil noyabr oyiga qadar, belgilangan muddatdan avval yakunlash rejalashtirilgan.
Zavod ishga tushgandan so‘ng, yiliga 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida investitsion loyihalarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan amaliy masalalar muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan fikr almashindi.