Sanatoriyga imtiyozli yo‘llanmani kimlar olishi mumkin?
Ijtimoiy himoya milliy agentligida sanatoriyga bepul yo‘llanma oluvchi shaxslarning toifalari quyidagicha:
Bir yilda bir marotaba navbat asosida
* Urushda nogironlikni orttirgan shaxslarga tenglashtirilgan fuqarolar;
* Respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
* Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan, shuningdek, Chernobil AES halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
* Yadro paligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
* O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga.
Ikki yilda bir marotaba navbat asosida
* Urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga;
* Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning beva xotinlariga (beva erlariga);
* I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bor shaxsni kuzatib boruvchi fuqaroga.
Uch yilda bir marotaba navbat asosida
* Yoshga doir pensiya oluvchilarga.
Ma’lumot uchun, Respublika bo‘ylab Agentlik tasarrufidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylarning bir vaqtdagi qabul quvvati - 1722 nafar, yillik quvvati - 51660 nafarni tashkil etadi.
Sanatoriyga yo‘llanma necha kunga beriladi?
Sanatoriya yo‘llanmalari 12 kunlik sog‘lomlashtirish xizmatlaridan foydalanish uchun beriladi. Yo‘llanmalar faqat ularda ko‘rsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanadi.
- Yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi.
- Sanatoriy yo‘llanmasidan faqat unda ko‘rsatilgan shaxs foydalanishi mumkin.
Sanatoriyga yo‘llanma olish uchun imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar quyidagi idoralarga murojaat qilishlari mumkin:
* Davlat xizmatlari markaziga;
* Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan shaxsiy kabinet orqali my.gov.uz ga;
* “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga.
Murojaatchining imtiyozli toifasi ustuvorligi bo‘yicha avtomatik tanlanadi. Murojaatchining tanlagan sanatoriysi va toifasiga navbatga qo‘yiladi.
Sanatoriyga navbati kelgan murojatchilarni xabardor qilish
* Murojaatchining YaIDXP va YaMIH dagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi;
* Telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuboriladi;
* “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi fuqaro bilan bog‘lanadi;
* Ijtimoiy xodimlar murojaatchining uyiga borgan holda xabar beradi.
Bobur JAMOLOV,
Kattaqo‘rg‘on shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassisi.