Samarqandda yana ikkita sanatoriy quriladi
Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Bekzod O‘rolboyev aytdi. Unga ko‘ra, bu yil Qo‘shrabot va Urgut tumanlarining bahavo tog‘ yonbag‘rida ishchi-xizmatchilarning dam olishlari uchun bittadan sanatoriya quriladi. Bu maqsadlarda davlatimiz tomonidan 292 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida B.O‘rolboyev kasaba uyushmalarining mehnat inspeksiyalari xodimlari tomonidan keyingi uch yilda 59 ta xat va murojaatlar ijobiy hal etilganini qayd etdi. Shuningdek, 240 nafar fuqaroga mehnatni muhofaza qilishga oid munosabatlar yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan.
Keyingi yillarda 125 ta ish o‘rinlari mehnat sharoitlari bo‘yicha baholanib, 699 ta korxona va tashkilotlarga mehnatni muhofaza qilish ishlarini tizimli tashkil etish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida amaliy yordam ko‘rsatilgan. 22 nafar fuqaroga sog‘ligiga yetkazilgan shikast uchun oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan 60 million so‘mdan ziyod tovon pullari undirib berilgan.
O‘tgan yili 5600 nafar ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirish maqsadida 16 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan.
Joriy yilda 6 mingdan ortiq ishchi-xodimi va ularning oila a’zolarini imtiyozli ravishda sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan, - deydi Bekzod O‘rolboyev. - Shu maqsadda turli korxona va tashkilotlarga qarashli bo‘lgan 15 ta bolalar oromgohlari kasaba uyushmalari viloyat kengashi qoshida tashkil etilgan oromgohlar departamentiga o‘tkazildi. Ular yozgi mavsumga tayyorlash uchun oromgohlar jamg‘armasi hisobidan ta’mirdan chiqarilmoqda. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Ibn Sino oromgohida 260 o‘rinli yangi bolalar dam olish maskani quriladi. Shuningdek, Paxtachidagi “Xumor”, Samarqand tumanidagi “Alpomish”, “Do‘stlik”, “Sitora” hamda Urgut tumanidagi bir qator oromgohlar ham qayta ta’mirdan chiqariladi. Endi mazkur oromgohlar faqat uch oylik yozgi mavsumdagina emas, balki yil davomida dam oluvchilarni qabul qiluvchi maskanga aylantiriladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.