Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanma kimlarga, qanday tartibda beriladi?
1 oktyabrdan boshlab aholiga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish tartibi o‘zgardi. Endi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar olish davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP)ga murojaat qilishlari lozim.
Vazirlar Mahkamasining “Aholiga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish sohasiga axborot-texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi 2021 yil 19 noyabrdagi qarori bilan “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlangan edi.
Yangi tartibga ko‘ra, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki ularning vakillari davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat etishi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Murojaatga asosan elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi. So‘rovnomaga imtiyozdan foydalanish huquqini beruvchi hujjat (pensiya guvohnomasi) va tibbiy ma’lumotnoma ilova qilinadi. Boshqa hujjat talab qilish taqiqlanadi.
Yo‘llanma quyidagi toifadagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi:
- urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilganlar;
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari);
- respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirganlar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolganlar;
- yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagilar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lganlar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar;
- yoshga doir pensiya oluvchilar.
Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, ularning so‘rovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, tasdiqlangandan so‘ng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga kelib tushadi.
Sanatoriylarga yo‘llanmalar birinchi navbatda urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga beriladi. Yo‘llanmalar 12 kunga, yo‘llanmalarning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin beriladi.
Agar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni sxema tarzida bosqichlari bilan ko‘rsatsak, uni tushunish yengillashadi.
Birinchi bosqich. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘llanma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.
Ikkinchi bosqich. Davlat xizmatlari markazi so‘rovnoma to‘ldirilgandan keyin 10 daqiqa ichida uni vakolatli organga yuboradi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali so‘rovnomani vakolatli organga avtomatik tarzda yuboradi.
Uchinchi bosqich. Vakolatli organ so‘rovnoma tushganidan so‘ng uni elektron reyestrda qayd etadi. Yo‘llanma berish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablarini tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXPga elektron tarzda yuboradi. Yo‘llanma rasmiylashtirilgan taqdirda, tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXPga elektron tarzda yuboradi.
To‘rtinchi bosqich. Davlat xizmatlari markazi yo‘llanma tushganidan so‘ng uni keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron manziliga yuboradi va ularni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. O‘zi (yoki ishonchli vakili) kelib murojaat qilganda, yo‘llanmani elektron yoki qog‘oz shaklida beradi. Yo‘llanma berish rad etilgan taqdirda, rad etish sabablari to‘g‘risida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni xabardor qiladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu yangi tartib 1 oktyabrdan qo‘llanib kelinmoqda. Faqat oktyabr oyining o‘zida davlat xizmatlari markaziga sanatoriylarga yo‘llanma olish uchun 100 ga yaqin murojaat kelib tushdi.
Aziz Melikov,
Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi.