“Povorot”(ni) nega “qayirma” demaymiz? desak bo‘ladi-ku!
Shahrimizning eng gavjum, kelgan ham, ketgan ham birrov tegib o‘tadigan, keyingi paytlarda tiqilinchligi bilan muhokama mavzusiga aylangan joy “povorot”ga hijjalab ta’rif bermoq niyatim yo‘q. Qiziqqanlar o‘zlari izlanib, o‘qib-o‘rganishlari mumkin. Afsuski, sobiq ittifoq davrida ruscha atalgan joy nomlaridan haligacha qutulganimiz yo‘q. Bugun, hatto, ko‘pchilik buning ruscha so‘z ekanligini ham bilmaydi.
Samarqand shahrida bunday joy nomlari ancha-muncha topiladi. Negadir, joy nomlarini o‘zining asl tarixiy nomlari bilan atash, mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘libdiki, haligacha o‘rniga keltirilgani yo‘q. Kamiga, yaqin yillardan boshlab, tuppa-tuzuk joy nomlarini forsiylashtirish urfi boshlanib ketdiki, endi bu alohida masala.
Keling, sizni chalg‘itmay asosiy mavzuga qaytay. O‘zbek tilining izohli lug‘atida, “Qayirma” so‘ziga – “qayiriladigan”, “bukiladigan” deya ta’rif berilgan. Agar mana shu so‘zni internetdan qidirsangiz ham sizni hayratga soladigan bir holatga duch kelasizki, O‘zbekistonda “Qayirma” degan joy nomi bo‘lmagan birorta hudud yo‘q. Qoyil qoladigan joyingiz, bu atama deyarli qo‘shni respublikalarda ham mo‘lligidir. Shap-shap demasdan ham bilsak bo‘ladiki, bu, joy nomi sifatida ming yillardan beri bor.
Endi shunday savol tug‘iladi, ota-bobolarimiz ming yildan beri qayrilib, burilib oladigan joyni “Qayirma” deb nomlab kelgan ekan, nega biz haligacha tilimizga sugaldek taqaladigan “povorot” degan so‘zni ishlatishimiz kerak. Kamiga, izlanishda o‘lgudek erinchoqligimiz.
E’tiborga olinar, balki olinmas, men Samarqandimizning mana shu “povorot” deya atalib, tilimizdan chiqishi qiyin bo‘lgan ushbu joy nomini ota-bobomizdan qolgan “Qayirma” deb o‘zgartirishni taklif qilaman. Bu ham bobo-momolarimiz, ajdodlarimiz oldida yuzimizni yorug‘ qiladigan burchdir.
Bundan tashqari, yovqur shoirimiz Azim Suyun o‘z she’riyatida “qayirmalar” degan yangi va qulay bir janrni kashf qilganki, aslida bu, bobomeros so‘zning o‘zagidir.
Fazliddin MADIYeV.