Ochiqlikka ko‘niking, birodar!

Bu haqda gapirilmagan gap qolmadi. Hatto ochiqlik, oshkoralik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan bir paytda ham ayrimlarga (rahbarlar ham shular safida) uni bot-bot tushuntirishga to‘g‘ri kelyapti.

Negaki, yillar davomidagi ko‘nikmamizni sindirish qiyinroq kechyapti, ammo tan olish kerakki, ochiqlikni chin ko‘ngildan istagan fuqaro ham, rahbar ham ko‘p narsaga erishyapti. Ayrimlar tan olishni istamayapti-yu, lekin jamiyatimizda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni, aniqrog‘i, jamiyatimizning o‘sayotgan saviyasini xorijda ham tan olishyapti.

Ochiqlikning foydasi nimada?

Birinchidan, u har qanday kishiga ham, rahbarga ham hayotini, ishini rejalashtirishni o‘rgatadi. O‘z niyatini birovlar bilan maslahat qilishga chorlaydi. Natijada xatolardan xoli bo‘lib, boshlagan yumushini muvaffaqiyatli yakunlaydi.

Ikkinchidan, har qanday rahbar qanchalik mahoratli, uddaburon bo‘lmasin, obro‘ga yolg‘iz erisha olmaydi, jamoatchilikka suyanadi. Jamoatchilik esa barcha loyihalar, rejalar ijrosini nazorat qilishda unga yordam beradi. Biroq, hech narsadan xabari yo‘q jamoatchilik nimani ham nazorat qila oladi?

Uchinchidan, ochiqlik insonning qalbiga ezgu niyatlarni, fe’liga esa yaxshi fazilatlarni singdiradi. Ya’ni, boshqalarni ham eshita bilish, foydali maslahatlarni qabul qilish va erishilgan natijaning quvonchini boshqalar bilan baham ko‘ra olish. Bu esa, shubhasiz, har bir rahbarga obro‘ keltiradi.

To‘rtinchidan, ochiqlik mas’uliyatni oshiradi. Xom-xatala narsalarni ko‘pchilikka ma’lum qilmaymiz, shaxsiy manfaatlardan tiyilamiz, eng muhimi, olib borayotgan ishimizdan barchaning xabardorligini ta’minlaymiz. Nazarimda, aynan shuning uchun ham o‘rtamiyona yoki saviyasi past rahbarlar ochiqlikni xush ko‘rishmaydi.

Ming afsuski, ana shu mazmun-mohiyatni barcha birdek tushunib yetmayapti. Ba’zi tashkilotlar veb-saytlariga nazar tashlasangiz, almisoqdan qolgan ma’lumotlar va eskirib ketgan axborotlardan boshqa narsaga ko‘zingiz tushmaydi. Axborot xizmatlarining vazifasi bo‘lib o‘tgan voqea haqidagi ma’lumotni saytga qo‘yish emas, balki odamlarni rejalashtirilgan loyihalardan xabardor etishdir. Qani, kelgusida bizning hududda nima yangiliklar bo‘lar ekan, degan fikrda odamlar saytga ko‘proq kirishadi.

Aslida ochiq bo‘lish ko‘p mehnat ham, asab ham talab qilmaydi. Misol uchun sizga fuqarodan shikoyat keldi. Uni o‘rinbosaringizga yuborasiz, u esa bo‘lim boshlig‘iga, bo‘lim boshlig‘i bu yumushni birorta xodimiga topshiradi. Ana shu tajribasiz yoki noshud xodimning masalani puxta o‘rganmasligi, noto‘g‘ri xulosa chiqarishi keyinchalik fuqaro va yana boshqa o‘nlab tashkilotlarning ovoragarchiligiga sabab bo‘ladi. Siz bu xatoni to‘g‘rilash o‘rniga o‘zingizni oqlamoqchi bo‘lib boshqa xatolarga ham yo‘l qo‘yasiz.

Keling, bir tasavvur qilaylik. Agar siz shu shikoyat asosida muallif huzuriga mahalla oqsoqoli, shu hududdan saylangan deputat, jurnalist va blogerlar bilan birga borsangiz, masalaga tegishli mutaxassaslarni ham chaqirsangiz hamda muammoni birgalikda o‘rgansangiz, masala o‘sha yerning o‘zida yechimni topishi tabiiy. Negaki, bu holatda oraga shaxsiy manfaat ham, shaxsiy munosabat ham kira olmaydi.

Ochiqlikka og‘ir bo‘lsa-da, og‘rinib bo‘lsa-da, ko‘nikyapmiz. Binobarin, davlatimiz rahbari bu siyosatda orqaga mutlaqo yo‘l yo‘qligini takror va takror aytyapti.

Ochiqlik xalqqa mehr berish, xalq bilan maslahatlashish, xalqning dardini yengillatishga xizmat qiladi. Shu sababli qalbi ham, faoliyati ham ochiq rahbarlar doimo izzat-ikromda. Har bir fuqaro, har bir rahbar ana shunday sharaf sari intilishi lozim.

Farmon Toshev.