O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlari e’tirof etildi

Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Mustahkam majburiyat va mintaqaviy hamkorlik orqali maktabgacha ta’limni rivojlantirish” mavzuida tadbir tashkil etildi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi mutasaddilari, YuNESKOning ta’lim sohasi bo‘yicha mas’ullari va O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda YuNICEF vakillari ishtirok etdi.

Dastlab mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi islohotlar haqida videorolik namoyish etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, YuNESKO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini bugungi kunda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada YuNESKO tashabbus va loyihalarining ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini zamonaviy, inklyuziv va innovatsion muhit asosida tashkil etish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Tarbiyachilarning malakasini oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sifat yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 2022 yilda 71,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 77 foizga yetkazildi.
Tadbir davomida YuNESKO shafeligida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha II toifali mintaqaviy markaz haqida ham ma’lumot berildi.

- Bu markaz O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘lib, mamlakatimiz va butun mintaqamiz uchun yangi mas’uliyat va yangi imkoniyatlarni ochadi, - dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova. - Markazning asosiy vazifasi - erta bolalik ta’limi sohasida mintaqaviy yetakchilikni rivojlantirish, bilim va tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqot va siyosat tahlillarini chuqurlashtirishdir.

Markazning yaratilishi - O‘zbekistonning YuNESKO bilan ko‘p yillik ishonchli hamkorligi va erta ta’limni rivojlantirish bo‘yicha global sa’y-harakatlardagi yetakchiligini yanada mustahkamlaydi.
U xalqaro hamjamiyat uchun ochiq platforma bo‘ladi - tajriba, innovatsiya va ilmiy yangiliklarni baham ko‘rish maydonidir. Shu orqali Toshkent shahri erta bolalik ta’limi bo‘yicha Markaziy Osiyoning ilmiy va ta’limiy markaziga aylanadi.

Anjuman davomida soha mas’ullari, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil qilinib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.