YuNESKOning yangi Bosh direktori Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlarida bo‘ldi
YuNESKOning yangi saylangan Bosh direktori Xolid Ahmad al-Ananiy viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamrohligida Samarqanddagi bir qator madaniy meros ob’yektlari, muqaddas qadamjolarda bo‘ldi.
Jumladan, Registon majmuasi, Shohi Zinda yodgorligi, Amir Temur maqbarasi hamda Amir Temur masjidi bilan tanishuv chog‘ida ushbu madaniy meros ob’yektlarini asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Samarqandning boy merosini asrab-avaylash, tarixiy obidalarni restavratsiya qilish va ularni kelajak avlodga yetkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ahmad al-Ananiy Imom Buxoriy majmuasini ham ziyorat qildi. Bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, majmuaning zamonaviy me’moriy uslubda, ulug‘ muhaddis olimning maqomiga munosib tarzda qayta barpo qilingani e’tirof etildi.
Mehmonlar majmuada tashkil etilgan innovatsion muzeyni ham ko‘zdan kechirdilar. Muzeydan Qur’oni karimda ismlari tilga olingan 25 nafar payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, hayoti va hadis ilmining rivojlanish bosqichlari haqida ma’lumotlar joy olgan.

Samarqand obidalari bilan tanishuv chog‘ida Adiz Boboyev YuNESKO bilan hamkorlik Samarqandning jahon madaniy maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tomonlar kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar va tashabbuslar yuzasidan kelishib oldilar.