“Samarqand – 3000 yillik meros”

YuNESKO Bosh konferensiyasining  43-sessiyasi doirasida Samarqand shahrining uch ming yillik tarixini ilmiy jihatdan baholash va uning insoniyat tamaddunidagi o‘rnini keng yoritish maqsadida shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston-Fransiya xalqaro arxeologlar assotsiatsiyasi a’zolari, mamlakatimiz va xorijlik arxeolog, tarixchi olimlar ishtirok etdi.

Anjuman ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori o‘rinbosari Elmurod Najimov, YuNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Assomo, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, Samarqandning azaldan Sharq va G‘arb tamadduni kesishgan, fan, hunarmandchilik, savdo va me’morchilik rivojlangan, ma’naviyat va madaniyat markazi bo‘lib kelganini ta’kidladilar. Keyingi yillarda bu qadimiy shahar tarixini o‘rganish borasida olib borilgan izlanish va tadqiqotlar natijasida Samarqandning o‘tmishi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar aniqlangani, bu esa nafaqat ushbu kent, balki mintaqa xalqlari shaharsozlik madaniyati, davlatchilik tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga egaligini qayd etdilar.

Konferensiyada arxeolog va tarixchi olimlar bu yerda olib borilgan tadqiqotlar shahar hududidagi ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi ikki ming yillikka borib taqalishini ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlashdi.

– Arxeologik qazishmalar jarayonida Samarqanddagi Ko‘ktepa, Afrosiyob va boshqa yodgorliklarda qadimgi shahar madaniyatiga oid turli arxitektura inshootlari, xo‘jalik va diniy binolar, moddiy madaniyat namunalari aniqlangan, – deydi professor Temur Shirinov. – Bu topilmalar Samarqand va uning vohasida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, taxminan 40 gektar maydonni egallagan Ko‘ktepa mutaxassislar tomonidan monumental inshootlar va mudofaa devorlariga ega shahar deb hisoblanadi. Bu yerda guvalak g‘ishtlardan qurilgan binolar, ibodatxona topilgan. 1990 yilda Afrosiyobdagi 27-qazuvda o‘zbek arxeologi M.To‘rabekov guvalak g‘ishtlar va bo‘yalgan sopoldan yasalgan mudofaa devorini topdi. Keyinchalik fransuz arxeologi Frans Grene Afrosiyobda topilgan bo‘yalgan sopol parchalarini miloddan avvalgi X–VIII asrlarga tegishli deb hisobladi. Ammo arxeolog M.Isomiddinov boshchiligidagi tadqiqotlar davomida biz kengligi 7 metrdan ortiq bo‘lgan guvalak g‘ishtlaridan yasalgan ulkan mudofaa devorini topdik. Uning ostida bo‘yalgan keramikadan iborat avvalgi, teng darajada ulkan mudofaa devori topildi. Afrosiyob davriga oid bu arxeologik majmua miloddan avvalgi X–VIII asrlarga oid deb aniqlangan. Shunday qilib, Ko‘ktepa va Afrosiyobning eng qadimgi madaniy qatlamlarida bir xil arxeologik majmualar, xususan, g‘ishtlardan qurilgan mudofaa devori topilgan.

Muhokamalar davomida Afrosiyob va Ko‘ktepa arxeologik yodgorliklarda xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijalari tahlil qilinib, bu boradagi ishlarni davom ettirish zarurligi bildirildi. 

YuNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Assomo Samarqandning tarixi va madaniy merosini keng ko‘lamda o‘rganishda davom etish, ularni hujjatlashtirish keraklishini ta’kidladi hamda 2026 yilda Samarqandda madaniy meros bo‘yicha xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.