YUNESKO Bosh direktori Odri Azulening xizmatlari e’tirof etildi

Samarqandda davom etayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining bugun o‘tkazilgan o‘ninchi majlisida vakolat muddati tugayotgan tashkilot Bosh direktori Odri Azule xonim o‘zining xayrlashuv nutqini taqdim etdi.

2017 yildan buyon YuNESKO Bosh direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan Odri Azule xonim o‘tgan sakkiz yil davomida tashkilot maqsadlaridan kelib chiqib, dunyoda ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish, dunyo xalqlarining tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani va buning uchun YuNESKO shtab kvartirasi va tashkilotga a’zo davlatlar vakillariga minnatdorlik bildirdi.

– Biz dunyodagi bugungi murakkab sharoitda YuNESKOning asosiy maqsad va qadriyatlariga sodiq holda sayyoramizning barcha qit’alaridagi xalqlarning hayotini yanada yaxshilash, ularning munosib sharoitda ta’lim olish, gender tenglikni ta’minlash, sun’iy intellekdan foydalanish, madaniyat va san’atdan bahramand bo‘lishlari uchun astoydil mehnat qildik, yangi loyihalar, dasturlarni amalga oshirdik, – dedi YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim. –  Jumladan, 89 davlatga ayollarning ta’limdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashiga ko‘maklashdik, 44 davlatda gender masalasi qamrab olingan ta’lim dasturlari hayotga tatbiq etildi, jinsiy tenglikka erishildi. Oliy ta’limda xotin-qizlar qamrovi keyingi 30 yilda uch barobar ko‘paydi. Eng muhimi, bugun dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlari ta’lim, madaniyat va madaniy industriya iqtisodiy rivojlanishning asosi ekanligini tan oldi va shunga mos tarzda siyosat yuritmoqda. YuNESKO doim kuchli, o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lgan va bundan keyin ham shunday nufuzli xalqaro tashkilot bo‘lib qolishiga ishonaman.

Odri Azule xonim o‘z so‘zida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirgani va mazkur tadbirni yuksak saviyada tashkil etgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Qariyb bir haftadan buyon qadimiy Samarqandda Bosh konferensiya sessiyasi doirasida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, ko‘rgazma va konsert dasturlari dunyoning 5 qit’asidagi 180 dan ortiq davlatdan kelgan vakillar, nufuzli mehmonlar uchun unutilmas taassurot qoldirayotganini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda YuNESKOga a’zo davlatlar vakillari Odri Azulening ikki muddat tashkilotga rahbarlik qilib, dunyo xalqlari manfaatlari yo‘lida amalga oshirgan sa’y-harakatlari, jo‘shqin faoliyatini e’tirof etib, unga minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron YuNESKO Bosh direktoriga videomurojaat yo‘llab, uning samarali faoliyatini alohida ta’kidladi va Fransiya xalqi nomidan rahmat aytdi.