"C5+1" sammiti: yangi imkoniyatlar eshigi
Davlatimiz rahbari AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitda ishtirok etish uchun Vashington shahriga bordi.
Albatta, tashrif dasturida bir qator muhim masalalar o‘rin olgan. Ammo o‘z navbatida o‘quvchida haqli savol tug‘ilishi tabiiy - bu o‘zi qanday sammit va undan O‘zbekiston, qolaversa, Marziy Osiyo uchun qanday naf yoki manfaat bor?
Avvalo, qayd etish lozim, O‘zbekiston bugun tashqi siyosatda muvozanatli yo‘lni tanlagan. Bir tomondan, qo‘shni davlatlar bilan hamjihatlik, ikkinchi tomondan, global hamkorlar — AQSh, Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari bilan ochiq muloqot.
“C5+1” formati aynan shu siyosiy yo‘lning amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi nufuzini yanada mustahkamlashi bilan ahamiyatli.
Markaziy Osiyo mustaqil mintaqa sifatida
Aslida, mintaqa Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi manfaatlari kesishgan hududlardan biri hisoblanadi. Ularning har biri Markaziy Osiyoda o‘z manfaatlariga ega. Tarixiy jihatdan mintaqa 100 yildan ko‘proq vaqt davomida Rossiya ta’siri ostida bo‘lib keldi. Sovet ittifoqi parchalangandan so‘ng mintaqada Rossiyaning ta’siri biroz cheklanganidan so‘ng qo‘shni Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti orqali o‘z iqtisodiy va siyosiy ustunligini namoyish eta boshladi. O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi va AQSh ham mintaqaga katta qiziqish bildirib kelmoqda.

Umuman, Markaziy Osiyodagi besh mamlakat ishtirokidagi “C5+1” formati AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan yo‘lga qo‘yilgan.
Bu format ilk bor Yaponiya tomonidan 1997 yilda taklif qilingan. O‘shanda Yaponiya Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqot uchun platforma yaratishni ilgari surgan.
Avval boshdanoq faqat bitta mamlakatga qaratilmagan bu format Markaziy Osiyo mamlakatlariga kompleks yondashuvga asoslangani bilan e’tiborli bo‘ldi. U dunyoning yangi mintaqasi — Markaziy Osiyo uchun buyuk davlatlar bilan muloqotda siyosiy mavqei va iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun mos deb hisoblangan.
O‘zaro munosabatlarda yangi ufq
AQSh mustaqillikning dastlabki davrlaridanoq O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarini xalqaro tizimda muhim geosiyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqada joylashgan davlatlar sifatida e’tirof etdi. 1991 yilda “Erkinlikni qo‘llab-quvvatlash” qonunini, 1999 yilga kelib esa “Yangi Ipak yo‘li” strategiyasini qabul qilgan.
2015 yil 27 sentyabrda BMTning Bosh Assambleyasi doirasida o‘sha paytdagi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 5 ta Markaziy Osiyo davlati tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, “C5+1” formatini tuzadi. Mazkur formatning maqsadi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari orasida mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish, deb belgilangan.
O‘sha yil 1 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «C5+1» tuzilgani rasman tasdiqlandi. Mazkur uchrashuv yakunida Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risida Qo‘shma deklarasiya qabul qilingan.
Bu hujjat savdo, transport, kommunikatsiya, energetika sohalarini rivojlantirish, mintaqa mamlakatlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, xavfsizlikning transchegaraviy tahdidlari (giyohvand moddalar, qurol, odam savdosi)ga, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash, yadro qurollari tarqalishiga qarshi kurashish, madaniy-ma’rifiy sohadagi aloqalarni kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik institutlarni mustahkamlash kabi dolzarb masalalarda hamkorlik qilishni ko‘zda tutadi.
Shundan so‘ng Markaziy Osiyo va AQSh vazirlari uchrashuvi muntazamlik kasb etdi. Ayni shu davrga kelib, Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqil davlatchilikning ilk bosqichidan o‘tib, global miqyosda o‘zlarini tarixi, madaniyati, qadriyatlari bir bo‘lgan yagona mintaqa vakillari sifatida namoyon qila boshladi. Vashington taklif qilgan «C5+1» ko‘rinishidagi maslahat mexanizmining muvafaqqiyati esa ko‘p jihatdan mintaqa mamlakatlarining hamkorlik tomon tobora kuchayib borayotgan intilishi mahsuli, deyish mumkin.
Birinchi yoki so‘nggisi emas
Qayd qilingan format doirasida dastlab tashqi ishlar vazirlari o‘zi uchrashgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan uning darajasi yuksalib boryapti.
Xususan, 2023 yil 19 sentyabr kuni davlatimiz rahbari Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘iston, Qirg‘iz, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari qatnashgandi.
O‘shanda uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
“C5+1”ning foydasi nima?
Qayd qilinayotgan sammit yangi sarmoyalar va ish o‘rinlari yartishda muhim ahamiyatga ega. Negaki,O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirayotgan bir paytda AQSh bilan hamkorlik investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini oshiradi. Energetika, sanoat, ITva qishloq xo‘jaligi sohalarida amerikalik kompaniyalar qiziqish bildirmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Transport va tranzitda yangi yo‘llar
O‘zbekistonning geografik joylashuvi — bu katta ustunlik. "C5+1" orqali muhokama qilingan “O‘rta koridor” (Trans-Caspian Route) tashabbusi O‘zbekistonga Yevropaga chiqishning yangi logistik yo‘lini ochadi. Bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki mamlakatning strategik ahamiyatini ham oshiradi.
Energetika va ekologiyada hamkorlik
Toza energiya, quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya tejovchi texnologiyalar — bugungi kunda O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri. AQSh bilan hamkorlik bu sohadagi innovatsion loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.
Xavfsizlik va barqarorlik
Mintaqadagi tinchlik — O‘zbekiston uchun eng muhim masala. “C5+1” formati Afg‘onistondagi vaziyat, chegara xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.
Umuman, “C5+1” sammiti — bu shunchaki diplomatik tadbir emas. U Yangi O‘zbekistonning o‘zi o‘rnini belgilab beruvchi muhim voqea.
Xabarlarga ko‘ra...
Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, Prezidentimiz AQSh Prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari, AQSh vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSh bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlar yakunida ikki va ko‘p tomonlama qator hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Yo.Marqayev tayyorladi.