Farzandingiz bilan maslahatlashasizmi?
Savolni bejiz bunday qo‘ymadim. Chunki ota-onaning farzandi, farzandlarning esa ota-onalari bilan maslahatlashmay ish qilish holati ko‘p uchramoqda. Yomoni, bu ba’zan oilaviy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lyapti.
Ayniqsa, ota o‘g‘lining, ona qizining maslahatsiz ish qilishidan norozi bo‘lgan holatlar ko‘p. Xo‘sh, o‘zaro bunday munosabatda kim aybdor – ota-onami yoki farzandlar?
Bahs tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bu savolga, men ayb ko‘proq ota-onada degan bo‘lardim. Nega? Chunki bola tarbiyaning asosiy qismini uyida, oilada oladi.
Bugun maslahatlashmagani uchun bolasidan xafa bo‘lgan ota-ona bolasi yosh bo‘lganida unga har bir ishni maslahatlashib qilish kerakligini o‘rgatganmi? Yo‘q. Aksincha, farzandi go‘daklik chog‘idan otasi yoki onasi har qanday ishni hech kim bilan maslahatlashmay qilganini ko‘rib ulg‘aygan va endi u yoshligida kattalardan o‘rgangan ishni takrorlayapti.
Agar ota-ona ba’zi qilinadigan ishlarda farzandi fikri bilan qiziqsa, bu foydadan xoli bo‘lmaganiga vaqt o‘tib amin bo‘ladi. Masalan, hovlida yashaydigan oilada ota erta bahorda yerni ekinga tayyorlashdan oldin o‘g‘lini chaqirib, “Nima deysan, ekin ekishni boshlaymizmi”, deb fikrini so‘rasa, bola ko‘ngliga dadam men bilan maslahatlashyapti degan fikr keladi. Kun ochiq vaqtda yer ag‘darib, jo‘yak olib, ekin ekilmasa, erta yomg‘ir yog‘sa, bu ishni qilish bir haftaga kechikishi mumkinligi, bu esa hosil yetilishi bir oyga ortga surilishiga olib kelishi tushuntirilsa, bola bu borada ham o‘quvli bo‘ladi, ham otam men bilan qiladigan ishini maslahatlashyapti, deb g‘ururlanadi.
Ona ham qizlari bilan maslahatlashgandek qilib ular qilishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘rgatib borsa, qizlarida biror ishni qilishdan oldin maslahatlashish kerak degan tushuncha shakllanib boradi va bu ko‘nikma ularning kelgusi hayotlarida mahim qarorlar qabul qilishda qo‘l keladi.
Hatto buyuk sarkarda Amir Temur ham har bir yurishini kengash muhokamasidan o‘tkazgani haqida tuzuklarida keltirib o‘tgan. Oilada narsa sotib olish bo‘ladimi yoki biror tadbir o‘tkazish, bu balki oilaviy dam olishni tashkillashtirish bo‘lar, umuman, butun oilaga taalluqli bo‘lgan biror bir qaror qabul qilishda, agar bunda bolalar ishtiroki o‘rinli bo‘lsa, ular fikrini so‘rash orqali miyasiga kelgusida har qanday ishni oldin maslahatlashib, keyin qilish kerak ekan tushuncha paydo bo‘ladi. Unga amal qilishni o‘rgangan farzandlar esa hayot yo‘llarida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni qiynalmay yengib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Balki sizda boshqa fikr, takliflar ham bordik. Bu borada mulohaza yuriting, yozing, munozaraga kirishaylik.
Xurshid NURULLAYeV.