Xalq o‘yinlari nega yo‘qolib ketyapti?

Yoshligimda o‘rtoqlarim bilan qo‘y, mol terisini dumaloq qilib kesib, shunga mos qo‘rg‘oshin yoki tangani yopishtirib, lanka tepardik. Yoki chillak, eshakmindi, arqon tortish, kamondan otish kabi o‘yinlarda vaqtimiz chog‘ o‘tardi.

Biroq ota-bobolarimizdan bizgacha yetib  kelgan bu xalq o‘yinlari keyingi paytda e’tibordan chetda qolib ketmoqda.

Xalq o‘yinlarning dastlabki namunalari Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Kaykovusning “Qobusnoma” va Alisher Navoiyning asarlarida uchraydi.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida 150 ga yaqin milliy o‘yinlar va 20 dan ortiq bolalar o‘yini tavsif qilingan. Masalan, “qorang‘uni” (qorong‘ida qo‘rg‘on olish), “bandol” (asir olish), “o‘tish-o‘tish” (davra o‘yini), “chavgon” (to‘p o‘yini), “o‘t bandal” (tayoq o‘yini), qilichbozlik, nayzadorlik haqida ma’lumot beriladi. Mavsumiy “tolbargak”, “gul o‘yini”, “qorxat”, “yomg‘ir yog‘aloq”, “topishmoq top”, “tez aytish”, “kim aytdi” ham shular jumlasidan.

Xalq o‘yinlari aqliy va jismoniy rivojlanishga xizmat qilgan

Qadimda o‘g‘il bolalar “Chillak”, “Tortishmachoq”ni yaxshi ko‘rsa, qizlar “Supur-supur”, “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Happak tosh” kabilarga qiziqqan. O‘yinlarga e’tibor bersangiz, hammasi ham harakatdan yoki jismoniy va aqliy mehnatdan iborat. Misol uchun, tez aytish bilan bolalar nutqidagi nuqsonlar to‘g‘rilangan bo‘lsa, topishmoqlar orqali zehni oshgan. Tortishmachoq, chillak kabi o‘yinlar bolalarning jismoniy imkoniyatlarini oshirgan. Vaqt o‘tishi bilan bu harakatlar takomillashib borgan. “Tosh ko‘tarish”, “Ot ustida kurash”, “Ko‘pkari”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Chillak” va boshqa shu kabi xalq o‘yinlari ko‘rinishiga kelib, yoshlarning sevimli mashg‘uloti va musobaqalariga aylangan.

Muammo nimada?

Afsuski, hozirgi kunga kelib, ushbu o‘yinlar yo‘qolib ketyapti va buning bir nechta sabablari bor. Birinchidan, hozir ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar mobil qurilmalar, gadjetlar va kompyuter o‘yinlariga bog‘lanib qolgan. Ikkinchidan, bog‘cha va maktablarda xalq o‘yinlari alohida dars sifatida o‘qitilmaydi. Uchinchidan, an’anaviy sport musobaqalari kabi xalq o‘yinlari muntazam o‘tkazilmaydi. Ya’ni, Navro‘z bayramida, turli festival yoki madaniy tadbirlar doirasida musobaqalar tashkil etiladi, xolos. To‘rtinchidan, hududlarda xalq o‘yinlarini tashkil etish, rivojlantirish uchun bo‘limlar yo‘q. Shu bois xalqimizning tarixiy qadriyatlari, an’analari, milliy urf-odatlari ham yo‘qolib bormoqda.

Qarorda bor, amalda esa…

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 maydagi «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Unda milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining mohiyati haqida targ‘ibot materiallarini (qo‘llanma, buklet, banner, flayer va boshqalar) tayyorlash, bolalar va o‘smirlar uchun alohida shartlarni nazarda tutuvchi «Milliy xalq o‘yinlari» o‘quv metodik qo‘llanmasini nashr etish, shuningdek, har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish, rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil qilish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqish belgilangan.

Biroq  qarordagi mazkur vazifalar qog‘ozda qolib ketyapti.

Viloyat sport boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarorda belgilangan vazifalar nafaqat viloyatda, balki respublikada ham bajarilmagan. Chunki qaror ijrosi nazoratga olinmagan. Faqat bayram va turli festivallar doirasida xalq o‘yinlari bo‘yicha nomigagina musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda.

Taklif o‘rnida

Milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish uchun, avvalo, hududiy dastur ishlab chiqish, viloyatda etnosport federatsiyasi yoki bo‘limini tashkil etish hamda hududlardagi sport maktablarida xalq o‘yinlari guruhlarini ochish kerak. Shuningdek, iste’dodli yoshlarni aniqlash maqsadida mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Besh tashabbus olimpiadasi» ommaviy sport musobaqalari qatoriga milliy xalq o‘yinlarini ham kiritish, hududiy va respublika bosqichlarida musobaqalar tashkil qilish hamda milliy o‘yinlar festivali va musobaqalarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.