Elektrga cheklov kiritish ko‘rsatilmagan xizmat uchun pul undirish emasmi?

Bir yilcha oldin chiqindidan qarzdorligi bor fuqarolarning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatish boshlangandi. Aslida bu amaliyot iste’molchi huquqini poymol qilish ekanligi kunday ravshan bo‘lsa-da, raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar foydasiga biror bir harakat kuzatilmadi. Chiqindi tashish korxonalari esa asossiz ravishda xonadonda yashaydigan odam soniga qarab summa belgilab, sun’iy qarzdorlik yasayverishdi. Qoidaga ko‘ra chiqindi tashish korxonasi mahalladagi iste’molchilarning 51 foizi imzo chekkan taqdirda bu faoliyatni yo‘lga qo‘yadi va belgilangan narx asosida haftada necha marotaba chiqindi yig‘ishni tashkil etishi ko‘rsatiladi. Uyda yashaydigan chaqaloq ham iste’molchi sifatida hisoblanib, pul undirilar ekan, demak har bir xonadondagilarning yarmidan ortig‘i rozi bo‘lishi kerak. Ya’ni, hech bo‘lmaganda har bir iste’molchi shartnoma bilan tanishishi shart. Chunki xizmat ko‘rsatuvchi va pul to‘lovchi o‘z majburiyatini to‘la anglab yetishi zarur. Lekin joylarda ayniqsa qish paytlari oylab chiqindi tashish mashinasi kelmasada, qarzdorlik hisoblangan holatlar bo‘ldi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda chiqindidan qarzdor 200 mingga yaqin abonentning elektrga to‘lov qilishi cheklangan. Fevral boshida respublika bo‘yicha chiqindi xizmatidan qarzdorlik 108 milliard so‘mdan oshgan.

Shartnoma nima uchun zarur?

Shartnoma xizmat ko‘rsatuvchi va haq to‘lovchining majburiyatlarini belgilaydi va to‘lovlar kafolatini ta’minlaydi. Bir xizmat sifatsiz va o‘z vaqtida bajarilmasa boshqa xizmat turi orqali jazolash demokratik huquqiy tamoyillarga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Agarda ikki taraf ham shartnoma tuzishda o‘z majburiyatlarini to‘g‘ri anglasa va bajarilgan xizmat uchun to‘lovlar amalga oshirilmasa sudga berib undirish choralarini ko‘rish mumkinku. Lekin ko‘rsatilmagan xizmat va vaqtida olib ketilmagan chiqindi uchun elektrga to‘lovni cheklash o‘rta asrlar tutumini eslatmoqda.

Bir necha kundan buyon fuqarnolar shirkat, boshqaruv-servis kompaniyalariga “kvartplata”ni har oyning 15-sanasiga qadar elektr energiyasiga cheklov kiritish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunda ham o‘sha “shirkat”lar yashovchilar bilan shartnoma tuzmagan va ikki tomon majburiyatlari belgilanmagan, vazifalar taqsimlanmagan holda otning kallasidek to‘lovlar beligilanishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Misol uchun, hali yangi maskan bo‘lgan Qorasuv massivida ham BSKlar oylik to‘lovlarni katta summada belgilashi haqida murojaatlar ko‘p keladi. “Ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, daraxt ekish, atrofini o‘rash, sug‘orish, qishda yo‘laklarni tozalashni ham o‘zimiz pul yig‘ib bajaramiz, shirkat esa katta to‘lovni liftga bog‘lab qo‘ygan. Shundoq ham uy uchun kredit to‘layotgan yashovchilar uchun bu og‘irlik qiladi. Ularni bu harakatini kimdir nazorat qiladimi?” deyiladi bir murojaatda. Rostdan ham uy uchun kredit to‘loavchilarga bunchalik katta oylik to‘lov belgilash qanchalik to‘g‘ri, buning ustiga massivdagi uylar yaqinda qurilgan va katta xarajat talab qilinadigan ahvolda bo‘lmasa, ya’na “kvarplata”ni elektr to‘lovlariga bog‘lash g‘oyasi iste’molchi manfaatiga zid ravishda bo‘lsa ham pul undirishga o‘xshab kelmayaptimi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.