“Narxi” oshib borayotgan kasblar
Dunyo tahlilchilarining fikriga ko‘ra, shu yillarda ba’zi mamlakatlarda payvandlovchi, elektromontaj ustasi kabi kasblarga bo‘lgan ehtiyoj bir necha karraga oshib, ularning oylik maoshi ofis xodimlaridan ko‘ra ancha ko‘tarilib ketgan. Sababi oddiy, bu sohaga qiziquvchilar kamayib, o‘zlarini zamonaviy texnologiyalarga “urayotgan” yoshlar tobora ko‘paymoqda. Ammo yuqorida nomlari keltirilgan kasblarga sun’iy intellekt arasholmaydi va bu hunar inson omilisiz amalga oshmaydi.
Samarqand shahridagi 1-son texnikumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi bu kabi tanqislikning oldini olishga xizmat qiladi.
Sababi, Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqada 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan texnikum o‘quvchisi, oliy ta’lim muassasasi talabasi, faol yoshlar hamda band bo‘lmagan aholi vakillari ishtirok etdi. Tanlovda 500 dan ziyod yigit-qiz elektromontaj, payvandlash texnologiyasi, santexnika, tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik kabi 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va amaliy ko‘nikmasini namoyish etdi.
— Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Professional ta’lim tizimida kasbiy mahorat musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida tashkil etildi, — deydi viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. — Undan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllantirishdan iborat. Musobaqa jarayonida ishtirokchilarning nazariy tayyorgarligi va amaliy ko‘nikmasi hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida xolis baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar saralab olindi.
Viloyat bosqichi yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Baxtiyor MUSTANOV.