Pul evaziga tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorlikni "o‘chirib" bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Samarqand tumanida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda “Hududgaz” Past Darg‘om filiali operatori J.P. fuqaro M.A.ning xonadonida tabiiy gaz ta’minotidan 3 mln so‘m qarzdorligini yo‘q qilib hamda yangi gaz hisoblagich o‘rnatib berishi evaziga 4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida ushbu hududda ham tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi elektr-montyori Sh.E. va boshqalar tadbirkor M.Sh.ning tikuvchilik sexida elektr ta’minotidan 14 mln so‘m qarzdorligini kamaytirib berishi evaziga 3,8 mln so‘mni olib, qarzdorlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani nobud qilgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.