Elektr energiyasi tarmog‘i xorij kompaniyasiga o‘tkazilmoqda, endi elektr narxi qimmatlashadimi?

So‘nggi vaqtlarda viloyatimiz elektr energiyasi tarmoqlari xorijiy kompaniyalar ixtiyoriga o‘tkazilishi va ular tomonidan boshqarilishi to‘g‘risidagi xabarlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda elektr narxi oshishi mumkinligi haqida turli gap-so‘zlar ko‘paydi.

Xorij kompaniyasi mutaxassislari viloyatimizdagi tuman va shahar hududiy elektr ta’minoti korxonalari faoliyatini o‘rganmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2024-2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyigacha viloyatimizda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy operatorga o‘tkazish bo‘yicha tender g‘olibini e’lon qilish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati dastlab 250 million dollarga baholangan bo‘lib, viloyatimizda past kuchlanishli taqsimlash tarmoqlari infratuzilmasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish, boshqarish, texnik xizmat ko‘rsatish va taqsimlashni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumki, Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi viloyat elektr taqsimlash tarmog‘ini boshqarish va modernizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tenderda g‘olib chiqqan edi. Kompaniya 30 yillik boshqaruv davomida sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

- Joriy yilning 18 noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bo‘yicha uchinchi davra suhbati chog‘ida “Aksa Enerji” kompaniyasiga xalqaro tenderda g‘alaba qozonganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etildi, - deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev. - Loyiha Samarqand viloyatidagi elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularni konsessiyaga berishni nazarda tutadi. Bir yilda energiya iste’moli taxminan 5,5 milliard kVt/soat va aholisi 4,3 million bo‘lgan mazkur viloyat sanoat, ta’lim va turizm nuqtai nazaridan eng strategik mintaqalardan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘z tajribasi va tezkor moslashuvchanligi bilan 30 yillik investitsiya davrida uzluksiz elektr ta’minoti, zamonaviy infratuzilma va ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan modelni yaratishni niyat qilgan.

“Aksa Enerji” kompaniyasi 1960 yilda tashkil etilgan  Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Ushbu xolding nafaqat energetika masalalari bilan, balki qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ham qator loyihalar ustida ish olib boradi. Bugungi kunda ularning loyihalari asosida dunyoning bir qancha mamlakatlarida, jumladan, Turkiyadan tashqari Gana, Madagaskar, Mali va Kongo davlatlarida elektr stansiyalari qurilmoqda. Kompaniya faoliyati bizga ham begona emas, ular 2022 yilda Buxoro viloyatida quvvati 270 MVT, Toshkentda quvvati 240 MVT bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalarini qurib foydalanishga topshirgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida quvvati 400 MVT bo‘lgan gaz porshenli elektr stansiyasi qurilishiga 250 million dollar sarmoya kiritgan.

“Aksa Enerji” kompaniyasi tarmoqlarni 30 yil davomida boshqaradi va muddat shartlar bajarilishi bo‘yicha uzaytirilishi ham mumkin. Agar loyiha samarali davom etadigan bo‘lsa, barcha hududlardagi elektr tarmoqlari bosqichma-bosqich xususiy boshqaruvga o‘tkaziladi.

DXSh asosidagi rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida elektr tarmoqlari, transformator stansiyalari va nimstansiyalarni yangilash, davlat xarajatlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, elektr uzilishlarini minimallashtirish va uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam berishi ham kutilmoqda.

- Bugungi kunda viloyatimiz elektr tarmoqlarining jami uzunligi 30 ming kilometrdan ortiqni tashkil etib, shundan 16,7 ming kilometr uzunlikdagi tarmoq, ya’ni 54 foizi eskirib ketgan, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali bosh muhandisi Ilhom Norboyev. - Jumladan, 35−110 kVlik 144 ta podstansiya, ishlab turgan 10−6/0,4 kVlik 13 172 ta transformator punktidan 4512 tasi ma’nan eskirgan. Shuningdek, 54 foiz, ya’ni 128 ta quvvat transformatorini almashtirish talab etiladi. Investor butun tarmoqni boshqarib boradi, ta’mirlaydi va yangi tarmoqlar quradi. Natijada ular tarmoq orqali o‘tayotgan har bir kVt/soat elektr energiyasi uchun ma’lum summa oladi. Iste’molchi esa ishlatgan elektr energiyasi uchun mobil ilovalar orqali hozirgidek haq to‘lashda davom etaveradi. Shunchaki, ular to‘layotgan mablag‘ning bir qismi tarmoqni boshqarayotgan investor hisobiga tushadi.

Energetika vazirligi ikki yil ichida mamlakatimiz energetika tizimining barqaror va uzluksiz ishlashiga erishishni maqsad qilgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirish, to‘liq raqamlashtirish, uzatish tarmoqlarini boshqarishga xususiy operatorlarni jalb qilishni rejalashtirgan.

Davlat xususiy sheriklik dasturiga ko‘ra, 2027 yil 1 iyulgacha barcha hududlardagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kerak. Bu borada Samarqand tajribasi birinchisi bo‘ldi, endilikda Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qurish va xususiy sektor boshqaruviga berish bo‘yicha tender e’lon qilinadi.

Dilmurod To‘xtayev.