Elektr ta’minotidagi kuchlanish pasayishi bartaraf etiladi
Saytimizda “Elektr bor, ammo sifat past - iste’molchidagi majburiyat elektr ta’minoti korxonasida yo‘q(mi?)” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Unda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Samarqand shahrining Xo‘jag‘unjoyish mahallasida elektr energiyasi kuchlanishining keskin pasayishi yuzasidan fuqaro murojaati o‘rganilgani haqida so‘z boradi.
Mazkur holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan muammoning sabablarini aniqlash va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlarda murojaatchi A.Qilichevning xonadoni quvvati 400 kVA bo‘lgan KTP-1257-transformator punktidan chiquvchi 3-sonli 0,4 kV elektr uzatish tarmog‘i orqali elektr energiyasi bilan ta’minlanishi aniqlandi.
Mazkur tarmoqning uzunligi va undagi iste’mol yuklamasining yuqoriligi elektr energiyasini uzatish jarayonida kuchlanish yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, kechki soatlarda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji ortishi va tarmoqdagi yuklama ko‘payishi natijasida transformator punktidan uzoqda joylashgan xonadonlarga elektr energiyasi past kuchlanishda yetib bormoqda.
O‘rganish jarayonida kunduzgi vaqtda elektr tarmog‘idagi kuchlanish taxminan 240 voltni, kechki soatlarda esa 160–180 voltni tashkil etayotgani qayd etildi. Aniqlangan muammoni bartaraf etish, iste’molchilarni belgilangan me’yorlardagi kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mazkur tarmoqning texnik holatini yaxshilash hamda kuchlanish pasayishining oldini olishga qaratilgan zarur texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Shuningdek, murojaatchiga muammoning kelib chiqish sabablari, tarmoqning texnik xususiyatlari hamda uni bartaraf etish yuzasidan rejalashtirilgan ishlar haqida batafsil tushuntirish berildi. Mazkur muammoni qisqa muddatda bartaraf etish, elektr tarmog‘ining texnik holatini yaxshilash hamda iste’molchilarni sifatli va belgilangan me’yorlarga muvofiq elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali.