Elektr energiyasi to‘lovingizga cheklov o‘rnatildimi?
Unda maishiy chiqindidan bo‘lgan qarzingizni to‘lab qo‘yishingiz shart
Maishiy chiqindi muammosi butun dunyoda dolzarb ekologik masalalardan biriga aylandi. Aholi sonining ortishi, sanoat va iste’molning jadal rivojlanishi natijasida chiqindilar miqdori yil sayin ko‘payib bormoqda. Agar bu muammoga o‘z vaqtida yechim topilmasa, atrof-muhit, inson salomatligi va iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
“Toza hudud” davlat muassasasi viloyatimizda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish faoliyati bilan shug‘ullansa-da, so‘nggi vaqtlarda shahar va tumanlarda davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat qilayotgan korxonalar soni ham ortib boryapti. Mazkur korxona Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzurida “Toza hudud” davlat muassasasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ayni paytda tashkilotning Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Jomboy, Oqdaryo, Toyloq, Ishtixon, Urgut, Past Darg‘om tumanlarida filiallari tomonidan 509 ta mahalladagi chiqindi tashib chiqarilmoqda.
- Maxsus chiqindi tashuvchi texnikalarimiz imkoniyatidan kelib chiqib, 288 ta mahalla bilan ommaviy shartnomalar tuzilgan, – deydi “Toza hudud” davlat muassasasi boshlig‘i Baxtiyor Latipov. – Hozirda 48 mingga yaqin aholiga 145 ta maxsus texnika yordamida xizmat qilyapmiz. Ularning barchasiga onlayn kuzatish uskunalari, joriy yilda esa 130 tasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Natijada har bir maxsus texnikani kuzatish imkoniyati yaratilib, haydovchilarning rejadan tashqari harakati oldi olindi.
Joriy yilda Urgut, Past Darg‘om, Jomboy, Toyloq tumanlariga 5 dona yangi maxsus texnikalar lizing asosida xarid qilinib, moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi. Aholi qamrovining oshishi natijasida “Toza makon” tizimiga yana 2073 nafar abonent qo‘shilib, ularning soni 50,6 ming nafarga ko‘paydi. Biroq ularning barcha aholi punktlarini qamrab olishiga imkoniyati yetmayapti. Filiallarda chiqindi to‘plovchi quti va konteynerlar, ishchilar, tashuvchi maxsus mashinalarning yetishmovchiligi bunga xalal beryapti. Bugungi kunda tashkilot bilan o‘zaro shartnoma imzolagan mahallalarning barchasini to‘liq qamrab olish uchun yana qo‘shimcha 80 ta maxsus texnika talab etiladi.
“Toza hudud” davlat muassasasi oldida turgan muammolardan biri tashkilotning soliqlar va majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligidir. Shuningdek, chiqindilarni to‘plash poligonlaridan yillar davomida yig‘ilib kelgan qarzlarini ham o‘z vaqtida to‘lay olishmayapti. Natijada tashkilotning shahar va tumanlardagi filiallariga qarashli chiqindi tashuvchi texnikalar qarzdorlik bartaraf qilinmaguncha Majburiy ijro byurosi tomonidan jarima maydoniga olib qo‘yilmoqda. Bu holat esa xizmat ko‘rsatish sifatiga, tushum va rejalar bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
- 2026 yilda aholiga chiqindilarni to‘plash xizmatini ko‘rsatishdagi qamrovni oshirish maqsadida qo‘shimcha 20 ta “Isuzu” rusumli, sig‘imi 7 kub bo‘lgan maxsus texnikani lizing asosida olishni rejalashtirganmiz, - deydi Baxtiyor Latipov. – Shuningdek, tashkilotimiz bilan ommaviy shartnoma tuzgan mahallalarda joylashgan ko‘p qavatli uylar va chiqindi yig‘ish maydonchalariga qo‘shimcha 200 dona konteyner o‘rnatamiz. Natijada abonentlarimiz soni 200 ming nafarga yetadi.
- Yaqinda uyimizda elektr energiyasi o‘chib qoldi, kechgacha kutsak ham chirog‘imiz yonmadi, – deydi bulung‘urlik Sherbek Rahmonqulov. – Ertalab gap nimada ekanligini bilish uchun tuman hududiy elektr ta’minoti bo‘limiga bordim. U yerda menga o‘xshab elektrga pul to‘lolmay yurganlar soni anchagina ekan. Bilsam, chiqindidan qarzimiz borligi uchun “aqlli hisoblagich”imiz to‘lovni qabul qilmayotgan ekan. Telefonim buzuqligi uchun “Toza hudud” billing dasturidan kelgan ogohlantirishni ko‘rmay qolibman. Bir yildan buyon chiqindidan qarzdor bo‘lgan ekanmiz.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda chiqindidan qarzi bo‘lgan fuqarolarning elektr energiyasiga to‘lov qilishi cheklab qo‘yilgan. Bunday qadam tashlashga qarzdorlar o‘z vaqtida to‘lov qilmagani sabab bo‘lyapti. Viloyatimizda ham shu amaliyot boshlandi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand filiali tomonidan maishiy chiqindidan 2 milliard 414 million so‘m qarzi bo‘lgan 9791 nafar iste’molchining elektr energiyasiga to‘lov qilishiga vaqtinchalik taqiq qo‘yildi. Jumladan, Bulung‘ur tumanida 1639 nafar, Jomboy tumanida 2367 nafar, Past Darg‘om tumanida 533 nafar iste’molchiga shunday chora ko‘rildi. Chiqindidan qarzdorlarga dastlab elektr uchun to‘lov qilishni cheklash haqida SMS ogohlantirishlar yuboriladi. Besh kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, to‘lov qilish cheklanadi.
2025 yilning 1 dekabr holatida aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tashkilotning debitor qarzdorligi 14,8 milliard so‘mni tashkil etgan. Qarzdorligi bo‘lgan 29827 nafar abonent ogohlantirilgan. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “Adolat” dasturi bo‘yicha fuqarolik sudlari orqali 4,3 milliard so‘m qarzdorlik undiruvga yo‘naltirildi.
Yana bir gap. 2026 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn tarzda amalga oshirilib, to‘lovlarni uyma-uy undirish amaliyoti to‘xtatildi. Istisno tariqasida, internet aloqasi bo‘lmagan, olis hududlarda yashovchilar bank kassalari va «O‘zbekiston pochtasi» orqali to‘lov qilsa bo‘ladi. Iste’molchi tomonidan qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq vaqtinchalik cheklov yechiladi.
Hozirda “Toza hudud” davlat muassasasi qarzdorlikni undirish maqsadida mahalla va qishloqlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda, ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov madaniyatini oshirish borasida turli targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Dilmurod To‘xtayev.