Elektr energiyasi: Debitor qarzdorlikni kamaytirish va noqonuniy foydalanishga qarshi nazorat tadbirlari kuchaytirildi
Viloyat prokuraturasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali hamda “Energosavdo” filiali viloyat bo‘linmasi tomonidan joriy yil davomida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 13 857 mlrd so‘m debitor qarzdorlikni kamaytirishga erishilgan.
"Jumladan, ulgurji iste’molchilar hissasiga 8 959,6 mlrd so‘m, aholi iste’molchilari hissasiga esa 4 897,4 mlrd so‘m to‘g‘ri keladi, - deyiladi hududiy filialning axborot xizmati xabarida. - Nazorat tadbirlari davomida qator qarzdor iste’molchilar elektr tarmog‘idan ajratildi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Temurbek Ahmadov dalasi” fermer xo‘jaligi 1 mlrd 114 mln so‘m, Samarqand tumanidagi “Jomboy sement” MChJ 3 mlrd 127 mln so‘m, Oqdaryo tumanidagi “Adham Kenjabekov” fermer xo‘jaligi 150,5 mln so‘m, Nurobod tumanidagi “Qo‘yboqar ishonchi” fermer xo‘jaligi 111,2 mln so‘m, Ishtixon tumanidagi “Asr Fayz Stroy” qo‘shma korxonasi 174,6 mln so‘m debitor qarzdorlik sababli tarmoqdan uzildi".
Nazorat reydlari davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari ham aniqlangan. Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida jami 684 ta noqonuniy foydalanish holati qayd etilib, ularning 62 tasi ulgurji, 622 tasi aholi iste’molchilariga to‘g‘ri kelgan. Mazkur holatlar bo‘yicha 4 631 ming kVt/soat, ya’ni 7 mlrd 823,5 mln so‘mlik qayta hisob-kitob amalga oshirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, noqonuniy ulanishlar eng ko‘p Samarqand shahri (94 ta), Samarqand tumani (71 ta) hamda Jomboy tumani (59 ta) hududlarida aniqlangan.
Jumladan, Nurobod tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida “N B S” avtoyuvish shoxobchasining hisoblagichdan tashqari tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani fosh etildi. Ushbu holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.