Elektrchilar ham “bodi-kamera” bilan ishlayapti

Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyatdagi 981 ming 249 iste’molchiga 14 ming 564 ta transformator punkti orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini bartaraf qilish maqsadida viloyat bo‘yicha 603 nafar ishchi va 22 ta maxsus texnikadan iborat 95 ta avariya brigadalari shakllantirilgan.
- Yoz mavsumini betalafot o‘tkazish hamda avariyalarni tezkor bartaraf qilish uchun 30 dona har xil quvvatdagi transformator punkti, 8,6 kilometr kabel va simlar, 76 dona mufta, 2,9 tonna transformator moyi zaxirasi yaratilgan, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali bosh muhandisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shamsiddin Boltayev. - Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida joriy yilda 23 dona “Damas” avtomashinasi hamda 4 dona maxsus texnika xarid qilinib, tegishli hududlarga topshirilgan. Shuningdek, filial tarkibiy korxonalarining olis hududlardagi ustachilik bo‘limlari uchun 47 dona maxsus jihozlangan konteynerlar xarid qilinib, xodimlarga xizmat xonalari tashkil etilgan.
Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 1207 dona transformator punkti va 2919,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida 876 dona transformator punkti va 2171,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. Viloyatda iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida yana 26 ming 490 dona temir-beton ustun hamda 371 dona har xil quvvatdagi transformator punkti o‘rnatish, 1321,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari tortish ishlari rejalashtirilgan.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda
Shamsiddin Boltayevga ko‘ra, Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi 88 ta mahallada 495 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 233 ta transformator punkti hamda 12 ming 975 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar 410,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari tortilib, 10 ming 895 dona temir-beton tayanchlari va 174 dona transformator punkti o‘rnatilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi tuman va shaharlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish rejasiga muvofiq, 148 ta mahallada (306 ta ob’yektda) 382,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 85 ta transformator punkti va 10015 dona beton ustunlari yangilanadi va modernizatsiya qilinadi. Yil boshidan esa 41 ta mahallada (38 ta ob’yektda) 58,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 5 dona har xil quvvatdagi transformator punktlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.
Bodi-kameralar test rejimida ishlamoqda
Sohada “Geo-axborot” elektron tizimi ishga tushirilib, mazkur tizimda inson omilisiz iste’molchi elektr tarmoqlariga ulanishni avtomatik tarzda onlayn tanlash imkoni yaratilmoqda.
- Bugungi kunda korrupsion holatlarning oldini olish uchun “E-dalolatnoma” rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi hamda tuman va shahar elektr ta’minotlariga 158 dona planshet ajratildi, - deydi “Energosavdo” filiali Samarqand bo‘linmasi boshlig‘i Asad Shukurov. - Shu bilan birga, iste’molchilar bilan bevosita ishlovchi inspektor xodimlar o‘rtasida korrupsion holatlar yuzaga kelmasligi uchun “bodi-kamera”lar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Hozirda Xitoydan 54 dona bodi-kamera xarid qilindi. Ushbu “bodi-kamera”lar Samarqand tumani hamda Samarqand shahar inspektorlariga topshirilgan bo‘lib, test-rejimida ishlamoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.