Xalq roziligiga erishish mas’ullarning oliy maqsadi bo‘lishi zarur

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz birinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiya ishini viloyat Kengashi raisi Sh.Negmatov boshqardi.

Kun tartibiga ko‘ra, dastlab “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i R.Hotamovning hisoboti eshitildi.

- Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq, joriy yilda 231 ta mahallada xatlov ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, yilning birinchi yarim yilligida rejalashtirilgan 84 ta mahalla o‘rniga amalda 97 ta mahallada xatlov ishlari olib borilgan, - dedi R.Hotamov. - Shundan 78 ta mahallada ishlar to‘liq yakunlangan bo‘lib, qolgan mahallalarda bu ish davom ettirilmoqda.

Qonun kuchga kirgan davrdan buyon xatlov ishlari amalga oshirilishi belgilangan 564 ta mahallada jami 142 ming 473 ta ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilgan. Ularning 100 ming 931 tasi UzKAD axborot tizimida faol bosqichga o‘tkazilgan bo‘lib, 2026-yil 12-iyun holatiga ko‘ra “E’tirof” axborot tizimiga 69 ming 212 ta ob’yekt bo‘yicha ma’lumotlar kiritilgan.

Mazkur ob’yektlarning 45 ming 723 tasi muhokama bosqichida, 1 ming 605 tasi e’lon jarayonida, 3 ming 275 tasi adliya organlarida ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, 3 ming 886 ta ob’yekt bo‘yicha bir martalik to‘lovlarni amalga oshirish, 512 ta obyekt bo‘yicha esa qaror qabul qilish ishlari kutilmoqda. Ayni vaqtda 1 ming 906 ta ob’yekt turli sabablarga ko‘ra rad etilgan.

Deputatlar ayrim hollarda aholi va ishchi guruh a’zolari tomonidan Qonun talablarini yetarlicha tushunib yetmayotgani, xususan, yer uchastkasining egallab olingan davrini aniqlash va tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar, huquqi e’tirof etilgan obyektlarni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlari fuqarolar murojaatlarining ko‘payishiga sabab bo‘layotganini bildirishdi va bunga izoh so‘rashdi.

Ijro doirasida 11 ming 110 ta ob’yektga nisbatan xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan egalik huquqlari e’tirof etilgan bo‘lsa-da, ularning atigi 3 ming 376 tasi bo‘yicha ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilingan. Bu esa huquqi e’tirof etilgan ob’yektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini jadallashtirish, aholi o‘rtasida qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Shundan so‘ng viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i A.Qurbonov ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida ekologik nazorat tadbirlari natijasida 1572 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 4 milliard 76 million so‘mdan ziyod ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 7 million 188 ming tup ko‘chat ekilib, sanoat korxonalari tomonidan 170 gektardan ortiq maydonda “yashil belbog‘”lar barpo etilgan. Chiqindilarni qayta ishlash korxonalari tomonidan 39,4 ming tonna chiqindi qayta ishlangan hamda aholining maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari bilan qamrov darajasi 65 foizga yetkazilgan.

Sessiyada Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili X.Rahmonovning 2025-yilda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil Bolalar ombudsmanining viloyatdagi mintaqaviy vakiliga jismoniy va yuridik shaxslardan 133 ta murojaat tushgan bo‘lib, ularning 16 tasi ijobiy hal etilgan, 11 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Davlat organlari va tashkilotlarida bola huquqlari ta’minlanishi holati yuzasidan 13 marotaba monitoring o‘tkazilgan.

Shunga qaramasdan, viloyatda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, 2025-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 135 ta jinoyat sodir etilib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 42 taga oshgan. Sodir etilgan jinoyatlarning 83 tasi maktab o‘quvchilari hisobiga to‘g‘ri kelib, bu jami voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 61,4 foizini tashkil etadi.

Hisobot davrida 46 nafar bolaga nisbatan zo‘ravonlik - 20 tasi ruhiy, 16 tasi jismoniy, 7 tasi jinsiy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga 1164 nafar bola nazoratsiz va qarovsiz qolganligi sababli joylashtirilgan.

Deputatlar axborot yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, mazkur holatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli ishlar samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng sessiyada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish, Past Darg‘om, Urgut, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlaridan birlashtirish va ixchamlashtirishga tushgan mahallalarning chegaralarini belgilash, viloyat mahalliy byudjetining 2026-yil 1-yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish, drayver loyihalarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilma obyektlarining manzilli ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish, «O‘zbekiston Temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 8 ta tezyurar elektropoyezd xarid qilish loyiha konsepsiyasini ma’qullash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini (Samarqand shahrining Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida 125 ta obyekt, «Ipak Yo‘li» davlat muzeyi tashkil etish uchun 8 ta turar va noturarjoy obyektlari) olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish masalalari ham ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.