Ma’rifatparvar olim Saidrizo Alizoda tavalludiga 139 yil to‘ldi

Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi 14-umumta’lim maktabida  ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizoda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev hamda tadqiqoqtchi-olimlar so‘zga chiqib, jurnalist, shoir, tarjimon hamda ma’rifatparvar olimning hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosi hamda u yashagan davr haqida to‘xtalib o‘tishdi.

— Bobom 1917 yilda Samarqandda birinchi o‘zbek alifbosini, 1920 yilda esa ilk tojik alifbosini yaratgan, — deydi Farhod Alizoda. — O‘n to‘rt tilni bilgan va o‘quvchilar uchun «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Handasa» kabi o‘ndan ziyod darslik tuzgan. Shu bilan birga, noshir va jurnalist sifatida «Samarqand» gazetasi hamda «Oyina» jurnalida Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda ishlagan. «Sharq», «Hurriyat», «Zarafshon», «Ovozi tojik» gazetalarida faoliyat yuritgan. 1919 yilda “Shu’lai inqilob” jurnaliga asos solgan va chop ettirgan.

Bobomizning bugungi avlod uchun ibrat qilib ko‘rsatishga arzigulik sifatlari ko‘p. U kishi nafaqat bilimdon va ziyoli, balki xalq dardi bilan yashagan fidoyi inson bo‘lgan. Ilm-ma’rifatni taraqqiyotning asosi deb bilgan, yoshlarning savodli, dunyoqarashi keng bo‘lib ulg‘ayishini orzu qilgan. Uning sa’y-harakatlari tufayli ko‘plab yoshlar zamonaviy bilim olish imkoniga ega bo‘lgan. U kishining hayoti va qoldirgan boy merosini o‘rganish, asarlarini targ‘ib qilish asosiy vazifamiz.

— Samarqand jadidlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Ajziy, Hoji Muinlar qatorida Saidrizo Alizoda nomi ham sharaf bilan tilga olinadi, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ilmiy xodimi Yunus Safarov. — U ham mustamlakachi sovet hukumati, mahalliy amaldorlar va din peshvolarining jamiyatdagi adolatsizlik hamda chirkin illatlarini keskin tanqid qilgan. Uning fel’yeton, maqola va she’rlari o‘z davridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muhitni ochiq-oydin fosh etishi bilan ajralib turgan. Afsuski, jadidchilik harakati namoyandalaridan biri bo‘lgan ma’rifatparvar olim nomi ko‘p yillar davomida unutilib, rasmiy ro‘yxatlarda tilga olinmay kelingan. Uning boy ilmiy va ijodiy merosi faqat XX asr so‘ngiga kelibgina tadqiq etila boshlandi. Keyinchalik Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizodaning qariyb 50 yillik izlanishlari samarasi o‘laroq, uning qabri Samarqandga olib kelindi, uy-muzeyi tashkil etildi. Olimning hayoti va ijodiga oid qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, gazeta-jurnallardagi maqolalari jamlanib, ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi. Bugun Saidrizo Alizoda nomi milliy uyg‘onish tarixi bilan bog‘liq holda yana tiklanmoqda. Uning ma’rifatparvarlik g‘oyalari esa yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbirda Saidrizo Alizoda nomi berilgan 14-maktab o‘quvchilari tomonidan ijodkorning asarlari va hayotiga oid ma’lumotlar taqdim etildi hamda olimning byusti poyiga gullar qo‘yildi.