Odamlarni boshqarayotgan ohanglar yoxud tomoshabin qachon ixtisoslashadi?
Erta tongda ko‘zimizni mayin musiqa sadolari ostida ochamiz, «budilnik» jiringlaydi. Nonushta ham sokin musiqa bilan mazaliroq tuyuladi. Qo‘l telefonida musiqa, mashinada musiqa, hordiq chiqarish uchun musiqa, to‘yu tomoshalar, bayramlarku, usiz o‘tmaydi. Madaniy hayotimizning ajralmas bu unsurida katta kuch va imkoniyat mujassam - insonlar tafakkuriga ta’sir qilish imkoniyati.
Ayni mavzuda mulohaza yuritishimizga turtki bo‘lgan ayrim holatlar haqida: meni viloyatimizdagi maktablardan birining telegram guruhiga qo‘shishdi. Unda o‘quvchi-yoshlarning madaniy tadbirlardagi chiqishlari joylashtirilar ekan. Kuzatdim, xorijiy tildagi qo‘shiqlar ijrosi va raqslar ham bisyor. Biroq bir o‘quvchining o‘zga tilda aytgan qo‘shig‘i hech birqolipga to‘g‘ri kelmasdi. Tilni bilmaydiganlar uchun yoqimli ohang. Ammo mazmuni... E’tirozimdan so‘ng guruhdan «surgun» qilindim. Hech kim, hatto o‘qituvchilar ham «Bu to‘g‘ri aytyapti, yosh bola ayolning qomati haqida qo‘shiq aytmaydi-ku», demadi.
Bu-ku, dunyoning «kir» ishlaridan bexabar yoshlar ekan, yaqin-yaqingacha ayrim esini tanigan odamlarimiz ham mashinasida angliyalik «mashhur» xonandaning noodatiy shahvoniy hirslarni madh etuvchi qo‘shig‘ini balandlatib eshitib yurgani yolg‘onmi? Uning fonida video montaj qilib, kulgiga qolgan blogerlar-chi? Kimlarni, nimalarni madh etyapmiz o‘zi?
Nomi o‘zbekcha, eshitilishi...
Milliylikni qadrlaydiganlarga «zamondan ortdaqolgan», degan tamg‘ani bosamiz. Mustabid tuzumdan esdalik qarash, barcha milliy qadriyatlarimizni eskilik sarqitiga chiqargan g‘oya ta’siri bu. Afsuski, undan haligacha qutulganimiz yo‘q. Yomon bo‘lsa ham chetniki bo‘lsin, deymiz. Imkoni bo‘lsa, ust-bosh Turkiyaniki, qo‘l telefoni Amerikaniki, soat Shveysariyaniki bo‘lishi kerak. Oshni uyda ham yesa bo‘ladi, ko‘chaga chiqsak, bolalarga KFS, pitsa, xot-dog olib beramiz. Zararli bo‘lsa, nima qilibdi. Adibimiz Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» asaridagi «Xo‘rozqand xorijniki desa, yotib yalaydi», degan kinoyali ibora bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Bu gap faqat moddiyatga taalluqli emas. «Ommaviy madaniyat» va u orqali singdirilayotgan mafkura «xo‘rozqand»larning eng xavflisi hisoblanadi. San’at esa uni bizga o‘rab-chirmab, ishtahani ochadigan shaklda yetkazayotgan qurolga aylangan. O‘z-o‘zimizga qarshi ishlayotgan qurol.
- Ilgari badiiy kengash bo‘lar edi, - deydiO‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limi rahbari Odil Rustamov. – San’atkorlar tomonidan tayyorlangan har qanday «mahsulot» avval unda tahlil qilinib, ruxsat berilsagina, ommaga chiqarilardi. Balki xalqimizning o‘lmas asarlari yaralishiga shu«tegirmon» sababchi bo‘lgandir. Bugun nazorat deyarli yo‘q. Istagan inson o‘zini san’atkor, deb e’lon qilyapti va «mahsulot»ini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatyapti. Nazorat haqida gap ochsangiz, «senzurachi», «eski tuzum tarafdori»ga chiqarishadi. O‘zlariga qo‘yib bersangiz, buzuqlikni ham zamonaviylik, deb ataydi. Xonandalarimiz aytayotgan qo‘shiqlarni eshityapsizmi? Yarmi xorijdan ko‘chirilgan, qolgan yarmi tuturiqsiz. Dard yo‘q, mazmun yo‘q she’rlarida.
Ijtimoiy tarmoqda «o‘zbek xit qo‘shiqlari», deya qidiruv berib, birinchi veb-saytga kirdik. Ro‘yxatda «Kuyov bo‘lish mazzada», «Kayf-kayf», «Sovg‘a qil», «Yuragim onangni uyimas», «Malikam», «Qizil ko‘ylak» degan nomlarni o‘qidik. Ikkinchi, uchinchi veb-saytda ham shunga o‘xshash estrada qo‘shiqlari «top»ga chiqqan. Bari sevgi va ayriliq, kayfu safo, maishiy ikir-chikirlar haqida.
Shulardan birining matniga qarang:
Qizil ko‘ylagim sen uchun emas,
Uzun sochlarim, sen uchun emas.
Yozgan she’rlaring o‘zingnikimas,
Sening sevging ham men uchun emas.
Senga bergan savolimga javob bermaysan,
Hech bo‘lmasa, telegramdan yozib qo‘ymaysan...
Bu nima degani? Kishini tafakkurga undaydigan, ruhiyatni oziqlantiradigan kuchli qo‘shiqlar qani? Nomigina o‘zbekcha, ammo eshitilishi ajnabiy bo‘lgan bunday qo‘shiqlarga olinayotgan kliplarni-ku ta’riflashga hojat yo‘q.
Mavzu doirasida odamlarning fikrlarini o‘rganar ekanmiz, ularning orasida talab bo‘lmasa, taklif bo‘lmaydi, deganlar ham bo‘ldi. Bu iqtisodiyotda to‘g‘ridir, biroq madaniyat borasida boshqacha bo‘lishikerak nazarimizda. Sababi, inson xato qilishga moyil. Ko‘ngilga qo‘yib bersak, nimalarni tusamaydi? Agar madaniyat bosilgan layklarga qarab rang olaversa, engjirkanch ijod namunalari «top»ga chiqishi shubhasiz. Ishonmasangiz, ijtimoiy tarmoqda tajriba o‘tkazibko‘ring, «Odamlarni boshqarayotgan ohanglar» yoki«Xiyonatkor kelin taqdiri», qay bir sarlavhali maqola yoki video ko‘proq ko‘riladi deb o‘ylaysiz? Natija oldindan aniq. Shunday ekan, madaniyat, xususan, musiqa san’ati ham, avvalo, odamlarning manfaatiga xizmat qilishi kerak. San’at tomoshabinga ixtisoslashishi emas, balki tomoshabinni ixtisoslashtirishi lozim.
“Welcome” yoki «Dobro pojalovat»
Aholisining asosiy qismi o‘zbek, davlat tili o‘zbek tili bo‘lgan mamlakatning chekka bir qishlog‘ida ochilgan do‘kon peshtoqida ham «Welcome» yoki «Dobro pojalovat» degan yozuvni ko‘rish mumkin. Bu g‘alati emasmi? “Open”, “Close”, «Otkrito», «Zakrito» shular jumlasidan. Bunga e’tibor ham bermaymiz, shundaymi? Sababi, bizning tafakkurimiz shu tildagi madaniyatga to‘yingan. Va bu to‘yinish asta-sekinlik bilan, yillar davomida ortib bormoqda.
Garvard universiteti professori Jozef Nay o‘zining «Yumshoq kuch» asarida «ommaviy madaniyat»ning siyosiy ta’siri haqida to‘xtalar ekan, amerikalik tarixchi, shoir va folklorshunos Karl Sendburgning 1961 yildagi nutqidan iqtibos keltiradi. Unda shunday deyilgan: «Gollivud Garvarddan ustunmi? Javob quyidagicha: Garvard kabi benuqson emas, lekin shunga qaramay ahamiyatliroq». Bu madaniyat har qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, xoh u ijobiy bo‘ladimi yoki teskari, o‘z xaridorini topishi va bu ma’lum bir siyosiy kuchlarning manfaatiga xizmat qilishini anglatadi. Muallif buni «yumshoq kuch», deb ataydi. Uning asosiy vositalari esa kino, san’at, adabiyot, ilm-fan hamda axborot hisoblanadi.
Ayni fikr faqat Amerikaga taalluqli emas. Bugungi geosiyosiy makonda mafkuraviy ta’sir ob’yektlari haddan ziyod ko‘p. Misol uchun, turkcha seriallar ishqibozlari Istanbulda, zamonaviy kinolarni xush ko‘ruvchilar Yevropada, rus qo‘shiqlari ixlosmandlari Moskvada yashashni orzu qiladi. Tomoshabin hatto ularning tilini bilmasligi ham mumkin, ammo qalb yaqinligini sezadi. Oqibatda ular o‘sha kuchning har qanday siyosatiga ko‘z yumadi, g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Madaniyatimizdagi bu bo‘shliqni to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar to‘ldiradi va biz ularning manfaatiga xizmat qilamiz.
Ma’naviy tahdidga qarshi kurashadigan «armiya»miz bormi?
Bu shunday tahdidki, uni kuch bilan yengib bo‘lmaydi. Uning uchun chegaralar yo‘q va istaymizmi-yo‘qmi, u bilan doimiy muloqotda bo‘lamiz. Xo‘sh, unga qarshi qanday kurashish mumkin, dersiz? Albatta, o‘z quroli bilan – madaniyat orqali. Faqat uni ham to‘g‘ri qo‘llash masalasi bor. Bunda eng katta mas’uliyat mahalliy ijod ahli hamda madaniyatning har bir mahalla, xonadonga kirib borishini ta’minlaydigan madaniyat xodimlari zimmasida qolmoqda.
Ayni masalada Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muhim fikrlar bildirilgan edi. Unda mas’ullar oldiga «G‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi?», «Yoshlarimizning tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?», degan dolzarb savollar qo‘yildi. Yurtboshimiz “Agar biz bu yorug‘ dunyoda «o‘zbek», «o‘zbekistonlik», «O‘zbekiston» degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart”, deya ta’kidladi. Yaqin kelajakdagi vazifalar, maqsadlar aniq qilib belgilandi. Endi ularni to‘g‘ri ijro qilish qoldi.
- Viloyatimizda 80 ta madaniyat markazi, 32 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 4 ta davlat teatri, 29 ta badiiy jamoa faoliyat yuritadi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi madaniy faoliyatni rivojlantirish va xalq ijodiyoti shu’basi mudiri Valijon Umarov. – Ular Samarqandning bugungi madaniy qiyofasini yaratadi. Albatta, tegishli rejalar tuzilgan, har bir xodimga mahalla va tashkilotlar biriktirilgan. Lekin ishni tashkil etish mexanizmi oqsayapti. Misol uchun, o‘tgan yili viloyatimizda turli darajadagi 1500 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ularga tayyorgarlik ko‘rish uchun jalb qilingan xodimlar, texnika va mehnat ko‘lamini tasavvur qila olasizmi? Besh daqiqalik sahna ko‘rinishining o‘zida o‘nlab ijodkorning mashaqqatli mehnati bor. Bu yil ham viloyatimiz katta tadbirlarga mezbonlik qilishi kutilmoqda. Ijodkorlarning rag‘bati ham mehnatiga mos bo‘lishi kerak. Yuklama va rag‘batning nomutanosibligi ortidan sohada kadrlar qo‘nimsizligi yuzaga kelgan. Oliy ma’lumotli mutaxassislar ishni tashlab, boshqa, daromadliroq sohalarga o‘tib ketyapti.
Ishonish qiyin, ammo bugun madaniyat markazi xodimining oylik maoshi yurtimizdagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga yaqin ekan. Bu ma’lumotdan keyin ularga «Nega mahallalarga chiqib, saviyali tadbir o‘tkazmayapsiz?», degan savolni berish noqulay. Ozgina iqtidori namoyon bo‘lgan qo‘shiqchining to‘ylardan ortmay qolishi sababi ham shunda. Ular oila boqishi kerak. Buning uchun esa pul beruvchi, ya’ni odamlarning istagidan kelib chiqib ijod qilinadi. Bu istak bizni qayerga yetaklashi haqida yuqorida aytdik.
- Biz o‘zimizga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga harakat qilyapmiz, - deydi Bulung‘ur tumani madaniyat markazi rahbari Bobomurod Ro‘ziyev. – Belgilangan reja asosida mahallalarda madaniy tadbirlar o‘tkazilyapti. Ammo aksariyat mahallalarda buning uchun yetarli sharoit yo‘q. Bu bir muammo bo‘lsa, ikkinchisi malakali kadrlar yetishmasligi. Maosh kam, qolaversa, madaniy tadbirlarni o‘tkazish xizmatlari pullik qilingani bilan ko‘p hollarda tekinga ishlayapmiz. Yaxshi mutaxassislar viloyat markazi yoki Toshkentga ketib qolyapti.
Tumanda ishlayotgan 65 nafar madaniyat xodimidan bor-yo‘g‘i 5 nafari oliy va 5 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ekan. Qolganlari maktabni tugatgan. Kadrlar yetishmaydi, borlari ham mutaxassis emas. Bu viloyatimizdagi eng namunali madaniyat markazlaridan biridagi vaziyat. Holbuki, madaniyat markazlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomning 5-bandida tumanlar va shaharlar markazlarining har birida bittadan markaziy madaniyat markazlari, qishloq va shaharchalarda aholi soni 7 ming nafar va undan ortiq bo‘lganda, markazlar tashkil etish belgilangan. Aholi soni ortib borayotgan bo‘lsa, nega tizim kengayish o‘rniga torayib, «holsiz»lanib boryapti?
Pullik xizmatlar masalasida. «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasida madaniyat markazlari ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra, ijtimoiy-madaniy bo‘sh vaqtni tashkil etish sohasida pulli xizmatlar ko‘rsatishi belgilangan. Ya’ni, vazirlik tomonidan tasdiqlangan ayrim tadbirlardan tashqari, barcha tadbirlar, xoh uni hokimlik tashkil qilsin, xoh xususiy tashkilot, xizmatlar pullik bo‘lishi kerak. Bu mablag‘ o‘z navbatida sohani rivojlantirish, tadbirga jalb qilingan xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Ayni muammo faqat Bulung‘ur tumaniga taalluqli emas. Misol uchun, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limi o‘tgan yili 150 ta madaniy tadbir o‘tkazgan bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 17 tasiga pul to‘langan. Nima, qonun ishlamaydimi? Madaniyat xodimlari nimaning hisobiga faoliyat yuritadi? Madaniy terrorga qarshi birinchi safda turib jang qilishi kerak bo‘lgan «askar»larni «och» qoldirishning oqibati nima bo‘ladi?
Afsuski, biz faqat oqibatlar bilan kurashib yashayapmiz. Uning tahlili va mulohaza asosida ish yuritishga o‘rganmaganmiz. Vaholanki, qarshimizda turgan kuchlar kelgusi 10 yillik uchun ham reja tuzib qo‘ygani aniq. Prezidentimiz «Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak», deganda balki shuni nazarda tutgandir?
Yoshlarga milliy cholg‘uni o‘rganish nega kerak?
- Milliy madaniyatimiz juda boy, uni chetlab o‘tib, xorij san’atidan ilhom olishimiz katta xato, - deydi xonanda Valijon Ermatov. – Buning oqibatida qo‘shiqlarimizning saviyasi tushib bormoqda. Aksariyat ijodkorlar bugun faqat to‘y-tomosha, «diskoteka»larga moslab qo‘shiq yaratyapti. To‘g‘ri, bunday sayoz ashulalarning umri qisqa bo‘ladi, biroq shu davr avlodining tafakkurida qanday muhrlanishini o‘ylab ko‘rish kerak. Bu bilan zamonaviy ijro usullaridan foydalanmaslik kerak, demoqchi emasman. Milliylik va zamonaviylik o‘rtasidagi muvozanatni topishimiz lozim. Shaxsan men folklorimizni estrada yo‘nalishida ijro etish ustida ishlayapman. Albatta, bu yo‘lda ko‘p mehnat qilish, izlanish kerak. Ayrimlarga o‘xshab, tezda mashhur bo‘lib ketmasmiz. Ammo yakuniy natija o‘zini oqlaydi.
Suhbatdoshimizdan «Bugungi yoshlarni madaniy terrordan qanday himoya qilish mumkin?», deb so‘radik.
- Xorazmda bo‘lganimda har bir xonadonda tor borligi e’tiborimni tortdi, - deydi V.Ermatov. – U yerda oddiy inson ham tor chertib, u yoki bu murakkablikdagi milliy qo‘shiqni kuylab berishi mumkin. Tabiiyki, yosh avlod buni ko‘rib, milliy ohanglar sehrini qalbiga joylab ulg‘aymoqda. Shu bois xorazmcha qo‘shiqlarni xorazmliklardan ziyoda qilib ijro etish qiyin. Ular kuyni yurakdan his qiladi. Biz ham yoshlarga bolaligidan folklor va milliy san’atimizning boshqa yo‘nalishlarini o‘rgatib borishimiz kerak.
Mazkur tajriba Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ham o‘z aksini topgan. Unda, xususan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatilishi hamda bu haqda ularning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari (shahodatnoma)ga tegishli qayd kiritilishi belgilangan. Hujjatga muvofiq, musiqa fani o‘qituvchilarining milliy cholg‘ulardan kamida bittasini, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab esa kamida uchtasini chala olish mahoratiga ega bo‘lishi majburiy hisoblanadi.
Agar bu hujjat lozim shaklda ishlaganida, balki suhbatdoshimiz aytgan fikrlar amalga oshardi. Ammo uning ijrosiga qiziqib ko‘rganimizda, aksini ko‘rdik. Birinchidan, maktablarda musiqa darsi hamon haftasiga bir soat o‘tilyapti. Bu 30 nafar o‘quvchisi bor sinfda har bir bola cholg‘u asbobini chalib ko‘rishi uchun haftada o‘rtacha 1,5 minut beriladi degani. O‘qituvchi to‘garak tashkil qilishi ham mumkin, lekin hozirgi zamonda butun sinf unda qatnashadi, deb ayta olamizmi? Tabiiyki, shahodatnomaga tegishli qaydni kiritish masalasi ham kechikmoqda. Qarorda esa muddatlar aniq qilib belgilangan.
Mavzuga qancha chuqurlashsak, muammoning ildizi ham shuncha chuqurlashib, yo‘g‘onlashib bormoqda. Eng qizig‘i, ularning ayrimlariga o‘z vaqtida yechimlar ishlab chiqilgan, qarorlar qabul qilingan, biroq amaliy ish kutilganidek emas.
«Do‘ppi» fenomeni
Albatta, madaniyatni faqat hujjat va qonunlar bilan tartibga solish qiyin. Bu murakkab jarayonda ijtimoiy fikrni yo‘naltirish, insonlar kayfiyati va istaklarini inobatga olish ham muhim. Bu haqda gap ketganda, bir qiziq fenomenga e’tiboringizni qaratishni lozim topdik.
Bilasiz, milliy do‘ppimiz ma’lum bir davrda faqat janozalarda kiyiladigan bosh kiyim bo‘lib qoldi. Boshqa vaqt uni faqat yoshi ulug‘ insonlarda ko‘rar edik. Bu to‘g‘rida ko‘p fikrlar bildirildi, ko‘rsatuvlar tayyorlandi, katta-katta maqolalar yozildi. Foydasi kam bo‘ldi. Lekin el nazariga tushgan insonlar sahnaga do‘ppi kiyib chiqqan edi, u yana «moda»ga qaytdi. Hozir undan IT-mutaxassislari ham milliy logotiplarni yasashda foydalanishmoqda. Demak, bugungi targ‘ibot so‘zda emas, amalda ko‘rsatilsa, yaxshiroq natija beryapti. Madaniy tahdidlarga qarshi kurashda ham shunday usul kerak. Ya’ni, biz kino, san’at, adabiyot, ilm-fan va axborot makonida o‘z brendimizni yaratishimiz, uni rivojlantirib borishimiz lozim.
Yana bir masala. Uncha uzoq bo‘lmagan o‘tmishda mahalla-yu qishloqlarning guzari yoki ko‘chalarida turli sayillar o‘tkazilgani, milliy sport o‘yinlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgani esingizdami? Unda dasturxon uylarda pishirilgan taomlar, ko‘pchilik bo‘lib tayyorlangan sumalak va osh bilan to‘ldirilardi. Insonlarni yaqinlashtirgan, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlagan bunday tadbirlar nega bugun o‘tkazilmayapti? Qanday to‘siq bor? Qo‘shnilari bir-birini tanimaydigan, yoshlari kompyuterdan bosh ko‘tarmaydigan jamiyat bo‘lamizmi biz ham? Nazarimizda, xalqqa bayramlarni qaytarish kerak. Va bu jarayonga mahalla faollari, turli darajadagi rahbarlar bosh bo‘lishi lozim. Xalqimizning ma’naviyati uchun qayg‘urmasak, buni boshqalar qiladi, qilyapti ham.
Asqar Barotov.