Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Men «xalq dushmani»ning bolasimanmi?

Bugun ma’rifatparvar olim, shoir va tarjimon Saidrizo Alizoda tavallud topgan kun. U 1887 yil 15 fevralda Samarqand shahrida tug‘ilgan.

 Taqdirning muruvvatini qarangki, 1937 yilda avj olayotgan qatag‘on vaqtida jadid Saidrizo xonadoniga, aniqrog‘i, o‘g‘li Tag‘iga Xudo o‘g‘il hadya etdi. Nevaralari ko‘p bo‘lsa-da, bobo chaqaloqqa alohida mehr qo‘ydi, uni shifoxonadan foytunda o‘zi olib keldi hamda Farhod ismini berdi. Nadomatlar bo‘lsinkim, ko‘p o‘tmay bu muruvvat quvonchi oila uchun uzoq davom etgan iztirobga aylandi. Suyukli nevarasining chillasi chiqqan kuni Saidrizo Alizodani xalq dushmani sifatida qamoqqa olishdi. Nafaqat oila, balki butun sulola NKVDning nishoniga aylandi, aybsiz aybdor sifatida tashvishlar girdobida qoldi.

Hibsxonadagi bobosi, har kuni tergovga qatnayotgan otasi va amakilari ortidan onasining qo‘lida borayotgan go‘dak mavridi kelganda Alizodalar sha’ni uchun mashaqqat chekishi, jadid bobosi nomini oqlashga erishishi, Samarqandga Sibirdan uning qabrini ko‘chirib kelishi hamda Saidrizo imzosiga oid gazeta va kitoblarni axtarib dunyo kezishini xayoliga ham keltirmasdi. 

Garchi ilgari bu haqda matbuot va kitoblarda ko‘p bor yozilgan bo‘lsa-da, biz allomaning tug‘ilgan kuni oldidan Farhod aka bilan ma’rifatparvar bobosi, buyuk jadid merosini topish yo‘lidagi zahmatlari  haqida yurakdan suhbatlashishga harakat qildik.

Surgun

Saidrizodan: «Meni Rossiya turmalaridan biriga jo‘natishar ekan, issiq kiyimlarimdan keltiringlar, iloji bo‘lsa...» degan xabar kelgach, oiladagilar darhol tayyorgarlik ko‘rdilar, Samarqand shahridagi turmaga qarab yo‘l oladilar. Aksiga olib o‘sha yili qish zabtiga olgandi. Turmada mahbuslar bilan o‘zbek tilida gaplashish mumkin emasligi uchun kelin ham chaqalog‘i bilan birga borishga majbur bo‘ladi. Chunki Farhod akaning onasi ozarbayjon millatiga mansub bo‘lib, rus tilida yaxshi so‘zlashgan. Ulkan turmaning temir darvozasidagi yong‘oq kattaligichalik tirqishdan so‘zlashgan ayollar otasining shu qisqa fursatda qanchalik ozib-to‘zib ketganini his qiladilar. Saidrizo Alizoda kelinidan tirqishdan nevarasining barmoqchalarini uzatishini so‘raydi, go‘dakning qo‘lchalarini ushlab, namlangan ko‘zlariga surtadi va darvoza ortida turgan yaqinlariga «Hali yorug‘ kunlar keladi, shu nevaram ko‘p yaxshiliklar keltiradi», deya xayrlashadi. 

Ikki aftodahol ayol turmadan qaytar ekan, o‘qimishli, ma’rifat tarqatib yurgan otalari albatta, tez orada yonimizga qaytadi, degan umid bilan isinishdi. Ammo ular bu umidlari puchga chiqishini, oldinda ularni hali bundan-da og‘ir qiyinchiliklar kutayotganini tasavvur qila olmasdi, ota aytgan yorug‘ kunlar kelishiga esa necha qahraton, necha qovun pishig‘i o‘tishi kerakligini bilmasdi ular. 

Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi hoji mir Maxsum eronlik bo‘lib, 1882 yilda Xurosondan Buxoroga, so‘ngroq Samarqandga ko‘chib kelgan. Saidrizo Alizoda olti yil Samarqandda madrasa tahsilini olgan, bir muddat otasiga gilam sotishda yordamlashib turgan, bir rus zobiti bilan tanishib qolib, uning maslahati, ko‘magi bilan Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi bo‘lib ishga kirgan, xuddi shu kasb uni matbuotga oshno qilgan, unga bir umr sodiq qolgan.

Saidrizo Alizoda o‘zbek, tojik, rus tillarida matbuotga xat, maqolalar yozib turadi, «Samarqand» gazetasi, «Oyina» jurnalida Behbudiyning yaqin hamkori bo‘ladi, «Telegraf xabarlari» nomli varaqani o‘zbek tilida o‘z hisobidan chiqaradi (1914), «Sharq» gazetasiga muharrirlik, «Hurriyat» gazetasida tarjimon va muxbirlik (1917), 1922 yildan «Zarafshon» gazetasida bo‘limga mudirlik qiladi, «Ovozi tojik» gazetasi asoschilaridan biri bo‘ladi, unga mas’ul kotiblik qiladi. 1919 yili o‘sha davr ruhiga mos «Shu’lai inqilob» nomida haftalik jurnal tashkil etadi va uni boshqaradi. Fors va tojik tillarida nashr etilgan, adadi 4 ming nusxaga yaqin bo‘lgan ushbu majalla O‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, bir qancha arab mamlakatlariga tarqalgan edi.

«Xalq dushmani»ning bolasiman...

Uyda kelin, Farhod akaning onasi qo‘lida go‘dagi va to‘rt farzandi bilan katta hovlida qolishadi. Negaki nafaqat Saidrizo Alizoda, uning yana ikki ukasi ham xalq dushmani sifatida bir necha yilga “kesilib" ketishdi. 

- Kattasi endigini to‘qqiz yoshga kirgan, qo‘lida chaqalog‘i bilan boquvchisiz qolgan volidamning o‘sha paytdagi ahvolini tasavvur qilavering, - deya o‘tmishni xuddi kechagina sodir bo‘lgan voqealarday eslab hayajon bilan gapirib beradi Farhod aka. – Men 3-4 yoshga kirganimda onam «8 mart» fabrikasiga ishga chiqadi. Urushning ilk yillari onamning hali kun yorishmay uzun tayoq ko‘tarib ishga ketayotganlarini hozirgacha eslayman. Uyimizdan piyoda, ayniqsa, qishda loy, qor qoplagan ko‘chalar, och itlar hujum qilib qolishidan qo‘rqib, soat sakkizga qadar ishga borguncha bir soat ketardi. Ishga besh daqiqa kechikkan turmaga ravona bo‘lardi. Zamon og‘ir edi. Do‘kondan 20 gramm non kam chiqqani uchun 10 yilga «kesilib» ketgandi rus millatiga mansub bir yangam. Amakim rafiqasini qamoqdan chiqishini 10 yil kutdi. Shafqatsiz yillar edi...

Harqalay yaxshi odamlar yordamida kun ko‘rdik. 7 yoshga to‘lganimda Samarqandda bir yuqumli kasallik tarqaladi. Onam shu illatga chalindilar, uzluksiz haroratdan ranglari sarg‘ayib ketdi, uyda pul ham, yegulik ham tugagan. Shunda onam zo‘rg‘a o‘rinlaridan turib, ichkari uydan, bir dasta gazeta chiqarib, ularni bozorda nos sotgichlarga pullab kelishimni aytdilar. Undan tushgan pulga dori va yegulik olishim kerak. 

O‘sha paytlari aholi «kukushka» deb ataydigan transport vokzaldan Siyob bozorigacha, ertalab va kechqurun qatnardi. Men esa qoq tushda yo‘lga chiqqanman. Xullas, bozorga borib, gazetani endi sota boshlaganimda forma kiygan odam chayqovchilik qilyapsan, deb qo‘limdan tortib, bir qop-qora mashinaga o‘tqazib qo‘ydi. U yerda mendan boshqa, yoshi katta odamlar ham bor edi. Gap-so‘zlardan angladimki, o‘sha kuni NKVD xodimlari bozorda chayqovchilik qilyapti, degan gumonda bo‘lganlarni ushlab ketayotgan ekan. Kunning qizig‘ida mashinani ichida qariyb kechgacha o‘tirdik. Keyin hibsxonaga olib borishdi. Kameraga kirayotganimda yoshi ulug‘roq bir kishi menga rahmi keldi, shekilli, egnidagi yaktagini to‘shab, joy hozirladi, shu holimcha uxlab qolibman. Turganimdan so‘ng so‘roqqa chaqirishdi.

- Nega gazeta sotding?

- Uyda onam kasal, pulimiz yo‘q.

- Erkak kishi yo‘qmi uyda, boquvchilaring kim?

- Ular qamoqda...bobom, dadam...

- Ularam o‘g‘ridirda, o‘g‘rining bolasi ekansanda!

- Yo‘q, ular xalq dushmani...

Shunday deyishimni bilaman, chakagimga shunaqa musht urildiki, haliyam uning zarbini eslayman. Burnim qonab, yerga ag‘anab tushdim, uning qahr bilan «xalq dushmanining bolasimisan?» degan gapi qulog‘imda qoldi. Oqu qorani yaxshi tanimaganimdanmi soddalikmi, bilmadim, bu gapni aytib yuborganman. Menga tungi soat 2 larda javob berishdi. Yarim kechasi, ko‘chalar qop-qorong‘u, och-nahor, dorisiz uyga yetvolishim kerak. Yarim yo‘lga yetganimda, meni izlab yo‘lga chiqqan, bechora onajonimga duch keldim.

«Saidrizo Alizoda nohaq qamalgan»

Dadam, amakilarim ertaroq chiqdi. Sovuq o‘lkalarda o‘rmondan kesilgan daraxtlarni daryodan olib o‘tish bilan shug‘ullangani uchun nimjon, yarimjon bo‘lib qaytdilar. Hayot davom etaverar ekan, asta-sekinlik bilan izga tusha boshladi. Ammo bobom qaytmadi...

Samarqanddagi 14-maktabni tugatdim, keyin armiyaga ketdim. 1959 yilda Ivanovoda xizmatni o‘tab, armiyadan qaytib kelganimda, otam meni bir maktub bilan kutib oldilar. Saidrizo Alizoda nohaq qamalgan degan, mazmundagi maktubni dadam bilan yig‘lab o‘qidik. «Men hammasini surishtiraman, hammalaringiz oqlanishlaringiz kerak! Men armiyada bittagina arzimas aybim uchun uch kungina karserga tushgandim. Uch kun bir asrday tuyulgandi. Siz shuncha yil qanday chidadingiz dada, axir? Qilday aybingiz bo‘lsa ham alam qilmaydi, hech bir aybsiz odam qanday bardosh berishi mumkin bu azoblarga? Bobom-chi? Uning aybi maktab ochgani, ma’rifat tarqatganimi? Sovuq o‘lkalarda xor bo‘lib...». Alam bilan aytgan gaplarimga dadam titrab, ammo bosiqlik bilan bir og‘iz javob berdilar, xolos. «O‘g‘lim, uch kun bo‘lsayam, kamera nima ekanligini ko‘ribsan. Boshqa ko‘rma, iltimos. Zamon hali notinch...».

Haqsizliklarni ko‘raverib, yuragini oldirib qo‘ygan otam bechora bu xatdan xursand bo‘lishniyam, kuyunishniyam bilmay o‘tirgandi aslida. Bu orada taqdir meni Ozarbayjon yurtiga rizq topishga yo‘lladi. Onam ozarbayjon millatiga mansub ayol bo‘lgani uchun qarindoshlarimiz yonida o‘qib, ishlashimga yaxshi imkon bo‘ladi, degan niyatda Bokuga qarab yo‘l oldik. Kaspiy dengizining Ozarbayjonga tegishli qismida neft-gaz razvedkasi bilan shug‘ullanuvchi trestda uzoq yillar geolog bo‘lib ishladim. Onam ancha keksayib qolganlari uchun yana Samarqandga qaytdik.  

Tush

1977 yilning bahor oylarida bir tush ko‘rdim. Bobom oppoq kiyimda, chorrahadagi mana shu uyda, deya aniq ta’rif bilan bir hovlini aytdilar. O‘sha yerda mening kitoblarim bor, ularni uyga olib kelib qo‘y, dedilar. Dadamga bu haqda aytgandim, u uyni bilishlarini, unda yashovchi kishi bilan bobom birga ishlaganlarini aytdi. Buni qarangki, keyingi kun yana aynan shu tushni ko‘rdim. Keyin aniq shahd bilan dadamni olib, o‘sha hovliga bordik. Avvaliga uy egalari unashmadi, ammo aniq fikrlarni aytganimizdan so‘ng,  ichkariga taklif etishdi. Rostdan ham bir javon kitoblar orasida bobomga tegishli bo‘lganlari ham bor ekan, ularni ko‘zda yosh bilan uyga olib keldik. Shundan so‘ng bobom hayoti bilan bog‘liq barcha voqeliklarni tiklashim, uning nomini oqlashim kerakligini chuqurroq angladim. 

O‘sha yili Rossiyaga qarab yo‘l oldim. Birinchi navbatda bobomning xokini vataniga qaytarishim kerak! Moskvadan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan  Vladimir turmasiga borib, qaysi eshiklarga bosh urib, kimlar bilan qadrdonlashib ketganlarimni aytib bersam, shuning o‘zi bir kitob bo‘ladi. Ammo bir nimani aytishim kerak: qayerga bormayin, bobomning amalga oshirgan ishlarini eshitganlarning o‘zi yordamga chog‘landi. Chunki o‘zbekistonlik oddiy fuqaroning Vladimir turmaxonasigacha borib, u yerdan bobosini xokini, «delo»sini olishday ishni amalga oshirish o‘sha yillar uchun oson emasdi. Esimdan chiqmaydigani, bobomning delosini ko‘zdan kechirayotgan qamoqxona xo‘jayini bir keksa ayolni huzuriga chaqirtirib, Alizoda haqida so‘ray boshladi. «Ha, o‘sha paytlar men ishlaganman, Saidrizo Alizoda dunyoqarashi juda keng inson edi, bir necha tillarni bilishidan hayratlanganman. Qamoqxona kutubxonasiga juda ko‘p kelardi...» O‘shanda bu keksa ayol ko‘zimga qadrli insonimday ko‘rindi.

 

7877 raqamli delo

7877 raqamli deloni menga 15 yil davomida hech kimga ko‘rsatmaslik sharti bilan berishdi. Ehhe, undagi gaplarning o‘zi bir ilmiy ishga manba bo‘ladi.

Bobomning xokini olib ketishga ruxsat berishdi, ammo buning uchun Samarqand viloyati rasmiylaridan shu insonning xokini berishingizni so‘raymiz, degan bitta rasmiy xat kerak ekan. Men bu xatni olish uchun naq o‘n yil kutdim. 1987 yilda yana Vladimir turmasiga qarab yo‘l oldim. O‘n yil oldin do‘st tutinib, kezi kelganda sovg‘a-salomlar bilan ko‘nglini olgan insonlarim bormikan, ular endi aytgan gaplarida turisharmikan, degan xayolda hadik bilan bordim. Shukurki, turma rahbarlari o‘zgarib ketgan bo‘lsa ham ishim hal bo‘ldi. Delo raqami bilan raqamlangan qabrtoshi ikki askar tomonidan kavlandi. Aksiga olib ertalabdan boshlangan yomg‘ir tinmadi o‘sha kuni. Askarlar qabrni kovlaguncha jiqqa ho‘l bo‘ldi, ularga rahmim keldi, o‘zim tushdim qabrga. Faqat suyaklargina qolgan, ularni shunchalik avaylab o‘zim olib borgan idishga terdikki, bunday «zargarlik»dan nafaqat ko‘zimiz, balki qalbimiz ham yig‘layotganini sezganday yomg‘ir tinmasdi...

Xullas, yurakda yuk bo‘lib turgan birinchi ish uddalandi: ma’rifatparvar bobomning qabri Samarqandga keltirilib, "Panjob" qabristoniga dafn etildi. Moskvaga borgan yillarim biron daqiqa vaqtimni bekor ketkazmadim. Lenin kutubxonasidan bobom ishlagan, nashr ettirgan gazetalarni izladim, topdim, nusxalatdim. Xorij davlatlarida bobomning asarlari saqlanayotgan kutubxonalar manzilini bilgach, yana tinchim buzildi. Elchixonalar, konsullarga murojaat eta boshladim. Afsuski, eski, kam nusxadagi kitoblar bilan bog‘liq masalalar davlat miqyosida hal bo‘lar ekan. O‘sha mamlakatlar rahbarlariga xat yozdim. Barcha masalani Moskva hal qiladigan bir paytda keyin bilsam, mening maktublarim O‘zbekistondan nariga ham chiqmayotgan ekan. Moskvaga borib xat yozdim. Ko‘p davlatlarda bo‘ldim, kitoblarni topdim, keltirdim, o‘zimdagi ma’lumotlar, arxivim kengaya boshladi.

Saidrizo Alizoda 1937 yil dekabrda siyosiy chaquv natijasida hibsga olinadi, 8 yil Samarqand - Toshkent - Tobolsk - Vladimir turmalarida o‘tirib, 1945 yil 24 dekabrida sil kasalidan vafot etadi.

9-qavatdagi uchrashuv

O‘tgan asrning 80-yillarida «Lenin yo‘li», hozirgi «Zarafshon» gazetasida kichik xabar e’lon qilingandi. Unda Samarqandda yaqin kunlarda Sharq va Osiyo davlatlarining madaniy kengashi o‘tkazilishi aytilgandi. Ozarbayjondan ham vakillar kelishini bilib, o‘sha kuni to‘g‘ri mehmonlar joylashgan mehmonxonaga bordi. Ozarbayjonlik vakillar 9-qavatda ekan, ko‘tarilib, eshikni taqillatsam, bir ayol eshikni ochdi. "Menga Ja’farzoda kerak", dedim." Menman", dedi ayol. To‘g‘risi, biroz noqulay ahvolga tushdim. Chunki e’londa ozarbayjonlik vakillar A.Ja’farzoda boshchiligida keladi, deyilgandi. Erkak kishi deb o‘ylab, mehmonxonaga to‘g‘ri kelaverganim uchun uzr so‘radim. Xonaga kirsam, shoira Zulfiya, yana qirg‘izistonlik shoira ham bor ekan. Aziza Ja’farzoda esa o‘sha paytlar Ozarbayjondagi xotin-qizlar qo‘mitasining raisi ekan. Muddaomni aytdim. Bobomning ozarbayjon tilida maqolalari, kitoblari e’lon qilinganini, bu haqda ozarbayjon ziyoli qatlami xabardor bo‘lishi kerakligini bildirdim. Aziza xonim avvaliga ishonqiramadi, men kitoblarni olib borgandim, ko‘rsatganimdan so‘ng hayratini yashirmadi.

Keyinchalik Ja’farzodaning tashabbusi bilan Bokudan Samarqandga muxbir keldi. Jurnalist Saidrizo Alizoda bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarni to‘plab ketdi, u kishini ko‘rgan insonlar bilan suhbatlashdi, kattagina manba bilan vataniga qaytdi va keyinchalik ular asosida kitob chop etdi. 1992 yilda Ozarbayjonda jadid bobomning 85 yilligi keng nishonlandi, men ham bu anjumanda ishtirok etib keldim.

 

Farhod Alizoda - jonli ensiklopediya

Men bunga ishonch hosil qildim. Bobosining ilmiy merosi bahonasida jadidlar bilan bog‘liq tarixni mukammal o‘rgangan Farhod Alizodaning yelib-yugurishlari bilan Saidrizo Alizoda uy-muzeyi tashkil etildi, Samarqand shahridagi 14-umumta’lim maktabi va ko‘cha ulug‘ ma’rifatparvar nomi bilan ataldi, ko‘cha boshiga byusti o‘rnatildi.

Bu ishlarga butun umrini sarflayapti Farhod aka. U kishi bilan gaplasharkansiz, katta bir tarix kitob o‘qiyotganday bo‘lasiz. Shu yoshida ham armiyadagi komandiri deysizmi, birinchi sinfda dars bergan o‘qituvchisimi yoki o‘sha yillari o‘zi yurgan ko‘chalar nomlarimi, qaysi davlatda, kim bilan uchrashgani hammasini, nomma-nom, ism-familiyasi bilan adashmay aytib beradi. Tirik ensiklopediya! O‘jarligi, qaysarligi ham bor gap. Maqsadidan ortga chekinmaydi. Ehtimol, shuning uchundir, bugun muzeyda yig‘ilgan ma’lumotlar nechta bir ilmiy ishga manba bo‘lishi mumkin. Pokiston, Eron, Turkiya kabi davlatlarda bo‘lib, bobosining kitoblarini keltirishga muvaffaq bo‘ladi. Asli kasbi geolog kishining bobosi ishlariga bu qadar fidolik bilan yondashgani kishini hayratga soladi. Axir bobosi tugul otasi amalga oshirgan ulug‘ ishlardan bebahra o‘tgan farzandlar kammi? Bobosining nima ish qilganini tushunmay o‘tib ketayotgan nevaralar oz deysizmi? Balki bobosi olis o‘lkalarga ketayotib, murg‘ak go‘dakning qo‘llarini ko‘ziga surtar ekan, hayotiga ro‘shnolik aynan shu nevarasi orqali kelishini botinan sezdirgandir. Vaholanki, bu inson ham yaxshigina kasbi orqali, keyinroq esa o‘ziga yarasha hurmatga sazovor farzandlari qanotida, tinchgina, xotirjam yashashi mumkin edi. Ammo 87 yoshida ham tinchgina yashamaydi, hujjat varaqlaydi, kitob titkilaydi, qaysi kitobi, qaysi maqolasi, qaysi risolasi qayerda, hammasini yodida saqlaydi. Men esa bu insonni ma’dan qidiruvchi emas, ma’rifat qidiruvchi geolog degim keldi. O‘zi esa ko‘nglimdagi fikrimni lo‘nda qilib ifodaladi:

- Men hamon bobomning xotirasidan quvvat olib yashayman!

 Gulruh Mo‘minova.