So‘nggi sigaret ham tugadi, mana...

Bir kun avval meni Xatirchidan Samarqand viloyat partiya komitetining fan bo‘limiga chaqirishib:
- Ertaga Toshkentda Respublika ziyolilarining kengashi bo‘ladi, siz so‘zga chiqasiz, ma’ruzani tayyorlab beramiz, - deyishdi.
Keyin kimlarnidir chaqirishdi. Professorlar ekan shekilli. Ular rosa bahslashishdi. Men chetda mung‘ayib o‘tiraverdim. Oxiri zerikib, jur’at qilmayroq so‘radim:
- O‘zim yozsam maylimi?
Bo‘lim mudiri men – Xatirchi tumanidagi 14-maktabning matematika o‘qituvchisiga nopisand qaradi-da:
- Professorlar tayyorlashadi, – dedi. Men uyalib, jim bo‘lib qoldim. Professorlar men tushunmaydigan allanarsalarni uzoq gapirishdi, kun bo‘yi ma’ruzani yozishdi. Oxiri kimgadir mashinkada yozdirishga berishdi. Mashinkada yozishni bilsam ham, jim o‘tiraverdim. So‘ng o‘qitib ko‘rib, menga ruxsat berishdi.
Xullas, so‘zga chiqishimga besh–o‘n daqiqalar qolganda, bir kishi yonimdagi odamni turg‘izib, o‘tirib oldi-da, ma’ruzangizni menga bering, dedilar. Tezlik bilan ko‘z yugurtirib, g‘aliz jumlalarni chizib-chizib tashladilar. Men oson tushunadigan so‘zlarni yozdilar. Qoyil qolib, bu kishi boyagi ikki professordan ham zo‘r ekan, deb, zavqlanib turibman.
- Adashmaysizmi? - dedilar.
- Adashmayman, - dedim. Yana shoshilib boshqa joyga o‘tib ketdilar. Yonimdagi boshqa birov:
- Bu odamni taniysizmi? - dedilar.
- Yo‘q,
- “Lenin yo‘li” gazetasining redaktori Ahmadjon Muxtorov bo‘ladilar.
Og‘zim ochilib turgan paytda menga so‘z berishdi. Bu yog‘i alohida voqea. ...
Oradan uch to‘rt yil o‘tib, maktab direktorligidan A.Muxtorov rahbarlik qiladigan “Lenin yo‘li” gazetasiga muxbir bo‘lib ishga keldim.
Ahmadjon aka Muxtorov haqiqiy jurnalist sifatida hammamizga namuna edilar. Yig‘ilishlardan, safarlardan shoshib kelardilar-da, kotibasiga maqolalarni diktovka qilishni boshlardilar. Ovozi kelib turgan qabulxona eshigidan sharpa chiqarmay o‘tishga harakat qilardik. Maqolalarida ortiqcha so‘z ham, xato fikr ham bo‘lmasdi.
Bir marta qabristonlarning ahvoli haqida reyd o‘tkazib, o‘n ikki soat mobaynida ko‘rganlarini gazetaning besh-oltita sonlariga maqola qilib berdilar. Hayron qoldim, qisqa fursatda shuncha ko‘p narsalarni ko‘rish, yozish mumkin ekan.
Bir kuni “Sizni nurotaliklar so‘rashyapti, maqola tayyorlab keling”, dedilar. “Nima haqida yozay”, desam, “O‘zingiz bilasiz”, dedilar. Erk tekkanidan yayrab, uch kun ketib, gazetaning beshta soniga maqolalar, ocherklar tayyorlab keldim. Maza qilib yozdim. To‘xtatmay berib borishdi gazetaga.
Yana bir gal qo‘limga Xatirchidan kelgan shikoyat xatini tutqazishdi. “Aliment to‘lashdan qochib yurgan ota haqida yozib keling”, deyishdi. Xatirchiga bordim, voqeani o‘rgandim, Bir kun emas, to‘rt kun ketdim. Bir satr ham yozolmadim. Oxiri yurak yutib, Ahmadjon akaning qabuliga kirdim.
- Yozdingizmi, qani maqola? - deb so‘radilar.
- Yozolmadim... odam o‘zining yurti haqida yomon so‘z yozolmas ekan...- yerga qaradim... ta’nali gaplarini kutib turgan edim.
- To‘g‘ri qilibsiz, boravering, - dedilar.
Loaqal yo‘q narsaga to‘rt kun ketasizmi, demadilar. Yurtimga mehrimni tushundi, bag‘rikenglik qildi..
Yana bir gal rus shoiri Vladimir Solouxindan so‘zma-so‘z tarjimalarni berdilar. O‘zi salkam tayyor, ammo madaniyat bo‘limidan o‘tishi kerak ekan. Bo‘lim boshlig‘imiz bor edi. Negadir menga beribdi. Tayyorlab, Ahmadjon Muxtorov tarjimalari, deb berdim. Ertasiga gazetaga qarasam, Xosiyat Bobomurodova rus tilidan o‘girgan, degan o‘zgartirishni o‘qidim.
Ahmadjon aka Toshkentga “Qishloq haqiqati” gazetasiga muharrir bo‘lib ketdilar. Bir o‘tganimda bir turkum she’rlar qoldirdim. Odatda shoirlar va jurnalistlar o‘rtasida zimdan nimadir borga o‘xshaydi. Badiiy asarlarni bermaslikka harakat qilishadi. Shunga qaramay, yarim bet hajmdagi she’rlarimni berishga qaror qilishibdi. Eshitishim bilanoq muharrirga qo‘ng‘iroq qildim:
- Iltimos, mening she’rlarimni qoldirsangiz ham mayli. Uning o‘rniga qiziltepalik (Navoiy viloyati) iste’dodli adiba, Nozik Qo‘ziyeva (joylari jannatda bo‘lsin)ning asarini bering. U juda tortinchoq, asarlarini hech joyga ko‘tarib bormaydi.
- Xo‘p, - dedilar.
Gazetaning ikki soniga Nozik Qo‘ziyevaning “Imomiddin qissasi” nomli hajviy asarini to‘liq berdi. Men qadrdon dugonamdan ko‘proq suyundim, juda suyundim. Buning ustiga mening she’rlarimni ham berishidan umidim yo‘q edi. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir-ikki kun o‘tib, yarim bet bo‘lib, suratim va she’rlarim “Yo‘q, seni yashirib bo‘lmaydi, sevgi”, degan sarlavha bilan chiqib turibdi!
Ushbu maqolani yozishdan avval eski she’r daftarimni rosa izladim... Bir hafta izladim. Ilgari daftarga yozardik, kompyuterlar yo‘q edi. Qirqdan oshiq daftarlar orasidan izlagan she’rimni topmaguncha bu maqolani boshlay olmadim. Nihoyat topdim. Yozilganiga qirq yildan oshgan, kitoblarimga kirmagan she’r.
Voqea bunday bo‘lgan edi, oblast partiya komitetining birinchi sekretari o‘tkazgan obodonlashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilishga to‘rt kishi muharrirning mashinasida ketdik. Qaytishda Ahmadjon aka bizdan ruxsat so‘rab, sigaret chekdi. Bo‘shagan qutisini g‘ijimlab tashlarkan, “So‘nggi sigaret ham tugadi, mana....” deb jim qoldi... Biroz o‘tib, shuni she’r qiling, dedilar. Harakat qilaman, dedim. She’r o‘sha tundayoq tayyor bo‘lgan edi. O‘zimga g‘o‘rroq tuyulib, ko‘rsatishni ep ko‘rmabman. Mana endi topib oldim:
Yo‘ldagi o‘ylar
- So‘nggi sigaret ham tugadi, mana – Ahmadjon Muxtorov.
Chekib bo‘ldim chog‘i, so‘nggi g‘amni ham,
Endi ular qaytib bezovta qilmas.
Qalbimni zang kabi kemirgan alam,
Yana takror mening ustimdan kulmas.
Yo‘llarning tashvishi tugadi, o‘ldi,
Eng so‘nggi parchasi aylandi kulga.
Bari mening yuragimga ko‘mildi,
Qayta oyoq bosib chiqolmas yo‘lga.
Oxirgi chekilgan sigaret kabi
Tugadi, shodlikdan topmoqlik huzur.
So‘nggi bo‘sa olar oftobning labi,
Mening ko‘zlarimda so‘nib borar nur.
Tugadi, g‘unchaning qilmog‘i xanda,
Endi meva tugmas orzular bog‘i,
Mening so‘ng nafasim muzlarkan tanda,
Nega ko‘rinmaydi, yo‘lning adog‘i?
Nahotki bu yo‘lda yana qanchalab
Toza, yosh yuraklar chekadi ozor.
Nahot kimlardandir qilishar talab,
Xiyonat, ko‘z yoshi, qo‘shiq, aldov, zar...
Nahot umid yanglig‘ toza yuraklar,
Bu yo‘ldan toparlar qayta–qayta baxt.
Nahot ko‘pdir hali sirli so‘roqlar,
Javobin topmoqqa qilisharlar ahd.
Nahotki sigaret kabi men o‘zim,
Chekilib bo‘ldim-u, abad qolmadim.
Bu yo‘llar shunchalar ekanmi uzun,
Umr bo‘yi yurib, tugatolmadim?
Hech bo‘lmasa, bitta sigaret kabi
Dunyoning labida yondimi umrim.
Yokim kelajakning oyoqlariga,
Kul kabi to‘kilib qoldimi umrim.
1980 yil, kuz.
Aytishlaricha, she’r yozilmaydi, sodir bo‘ladi. So‘zda sehr bor emish.. Qirq besh yil avval bitilgan she’r nimalarni bashorat qilganini bilmadim. Bilmayman. Ammo ustoz Ahmadjon Mutorov maktabini o‘taganlar so‘zning qadrini bilishadi. So‘zga xiyonat qilishmaydi.
Iloho, ustozning joylari jannatda bo‘lsin. Nomlari mangulikka tutash bo‘lsin!
Xosiyat Bobomurodova,
shoira, O‘zbekistonda xizma ko‘ratgan madaniyat xodimi.