​​Yaxshi kun

Umri xola bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, tasbeh o‘girib o‘tirdi, keyin tilovat qildi, o‘tganlarga bag‘ishladi. Cholini alohida duo qildi. Qaytib o‘rniga yotgisi kelmadi.

Hovliga chiqdi. Nimadir ish qilgisi keldi-yu kelinidan qo‘rqdi. Suv jo‘mragi yaxshi buralmaganmi, suv jildirab turibdi. Shuni o‘chirib qo‘ya qolay, deb chelakka qoqildi. Hech qayeri og‘rimadi. Kelinining "Nima qilyapsiz?", deydigan  dashnomidan qo‘rqadi. Atrofga alanglab, hech kim eshitmaganiga ishonch hosil qilgach, yengil tortdi. "Borib joyimga yota qolay, tinchgina...".

O‘y-o‘ylab ketdi. U bir umr davlat ishida ishladi. Hammasini uddaladi. Er-xotin bir bo‘lib shu hovli-joyni qurdi. Bolalar hammasi o‘z yo‘lida ketdi. Qizlari ham o‘zidan tinib o‘tiribdi, o‘g‘illari ham... Eri bechora nafaqaga chiqib, ko‘p yashamadi. Umri xola odamzotning bunchalik tez, bunchalik oson jon berishini sira ko‘rmagandi.

Hozir choliga havasi keldi. Negadir o‘zini keraksizdek his qiladi keyingi kunlarda. O‘g‘li ham qo‘lidan hech narsa kelmaydigan shu noshud kelini bilan maslahat qiladi, unga ishi, rejalari haqida og‘iz ochmaydi. Keladi, ovqatini yeydi, uyiga kirib ketadi. Kelini kechgacha telefon bilan andarmon. Ammo muzlatkichni ochib ko‘rsa ham baloga qoladi. "Ha, nima qidiryapsiz?". Bir tili qichib "Tug‘ib, katta qilgan o‘g‘lim topib kelgan narsalardan yesam maylimi?", degisi keladi-yu, indamaydi.

Nevaralari birpasda baqirib urishib ketadi, tanbeh bersa, kelinidan baloga qoladi, indamay xonasiga kirib ketadi. Ba’zida ishini sog‘inadi. Harna ovunardi. Hovlida biror ishni qilaman, desa, kelini qo‘liga yopishadi - "O‘g‘lingizga o‘zingizni ko‘rsatmoqchimisiz?". Yo, tavba, o‘g‘li uni qanaqaligini bilmas ekanmi?".  Indamaydi, ko‘ziga tikondek botayotgan shu ish bajarilmaydi. Kelini uni shu ishdan chetlatib qutuladi.

Qizlari kelsa, yayrab qoladi. Ular birovning hasmi, quruq kelsa ham xafa bo‘lmaydi. Gaplashib o‘tirsa bo‘ldi. Bir oyda bir kelib-ketadigan qizlarini ko‘cha boshigacha kuzatadi, nafaqasidan olib qo‘yganlarini qo‘liga tutqazadi, yegisi kelgan narsalarini o‘z pulidan olib kelib mehmon qiladi. Shu kuni kun juda tez o‘tadi.

Ertalab o‘rtancha o‘g‘li bilan kelini keldi. U ham o‘zi bilan o‘zi ovora. Domini sotib, hovli boshlashdi. Bitmagan hovlida yashab yurishibdi. "Sizni olib ketgani keldik!", dedi kelini, keyin hayron bo‘lib qolganini ko‘rib," Qo‘rqmang, oyijon, atigi bir kunga!", - didi va odatiga muvofiq sharaqlab kuldi. Uyog‘ini o‘g‘li davom ettirdi.

"Hovliga daraxt ekmoqchimiz. Uyimizdagi hamma ko‘chatlarni o‘zingiz ekkansiz. Bizga kerakli ko‘chatlarni tanlab berasiz". Umri xola quvonib ketdi.

Ikki tup, ikki tup qilib foydali meva ko‘chatlarini  tanladi, qaysi birini qayerga ekishni ham o‘zi ko‘rsatib o‘tirdi. "Bodomni ko‘rinadigan joyga ek, erta bahor gullasa, hovling chaman bo‘ladi, anjir odatda odamning ko‘zi tushmaydigan joyga ekiladi...!"

Birinchi ko‘chat uchun yer tayyor bo‘lganda kelini Umri xolaning qo‘lidan tutib, chuqurchaning oldiga olib bordi, gilos ko‘chatini uzatib "O‘zingiz boshlab bering, oyijon", dedi. Umri xola to‘lqinlanib ketdi. Ko‘chatni duo qilib, yaxshi niyatlar tilab ekdi...

Kechki payt o‘g‘li o‘zining uyiga olib kelib qo‘ydi. Ajabo, u sira charchamagan, ruhida ham qandaydir ko‘tarinkilik bor edi.

— Yaxshi kun bo‘ldi, Xudoga shukur, bir chiroyli daraxtlar ekdik, — dedi u foydasi tekkanidan xursand bo‘lganini yashirmay. O‘g‘li endi og‘iz juftlamoqchi edi, kelini chaqqonlik qildi.

—Shuni o‘zlari eksa bo‘lmas ekanmi, sizni urintirmay!

Umri xola odatdagidek indamadi, ammo ko‘nglidan "Seni bunga farosating yetarmidi? Ertaga qarib, bolalaring chetga surib qo‘ysa bilasan!", degan o‘y o‘tdi...

Yana ko‘p gaplarni gapirgisi keldi. Indamadi. Vaqt o‘zi ko‘rsatadi..

Feruza Salxojayeva.