O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir

FOTO: gazeta.uz
So‘zlarga boy, go‘zal ona tilimiz bor. Unga amal qilish, sofligini saqlash “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni bilan mustahkamlangan.
Fuqarolarni so‘z erkinligi fikrini ochiq ifodalash huquqlari ta’minlangan. Ammo bu efirda, matbuot sahifalari, seriallar, reportajlarda og‘ziga kelganini gapiraverish, ajnabiy so‘zlarni tiqishtiraverish, degani emas.
Afsuski, keyingi paytlar, ayniqsa, teleko‘rsatuvlarda kishining g‘ashini keltiradigan ajnabiy so‘zlar paydo bo‘lmoqda. Vaholanki, bu so‘zlarning o‘zbek tilida o‘z nomi, milliy atamalari mavjud. Misol uchun, “yoqimli ishtaha” iborasi bu rus tilidagi «priyatniy appetit» iborasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimasi. Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra, taom tanovuli chog‘ida «yoqimli ishtaha» emas «osh bo‘lsin!», deyiladi.
Futbol o‘yinlarini sharhlovchilar tilidan “rikoshet”, “darvozabondan seyf”, “fol” degan mujmal so‘zlar tushmay qoldi. Baraka topgurlar, o‘z tilimizda “darvozabon mahorat ko‘rsatdi”, “o‘yin qoidasi buzildi”, “to‘p o‘yinchi oyog‘iga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi”, degan so‘zlar bor-ku!
Uch-to‘rt boshlovchi erta tongdan soatlab safsata sotuvchi, bir-biriga o‘xshash teleko‘rsatuvlar tomoshabinlarning ensasini qotiradi. «Ketvotti», «borvotti», «san nima qivotsan?», «kevotti», «ichvotti» va hokazo so‘zlar odat tusiga kirganiga nima deysiz? Televizorni millionlab tomoshabin ko‘radi. Badiiy ko‘rsatuv bo‘ladimi, ijtimoiy mavzularmi, reklamami, “Davlat tili haqida”gi Qonunga amal qilinishi shart.
Yaqinda bir ko‘rsatuv bo‘ldi. Qandaydir “forum” bo‘libdi. Tavba, “anjuman”, “qurultoy”, deyilsa, bo‘lmaydimi? To‘g‘ri, forum jahon tiliga aylangan tadbirdir. Ammo muxbir ishtirokchilar fikrini bilish uchun mikrofon tutganda, hammasi bir so‘zni to‘tiday takrorlashi kishining ensasini qotiradi: «Forum bizga katta “motivatsiya” berdi…». Nima bu? Oliftalikmi yoki o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatishga urinishmi? O‘z tilimizda chiroyli qilib “Bugungi yig‘in bizni o‘z ustimizda yanada g‘ayrat bilan ishlashga ruhlantirdi”, desa bo‘ladi-ku!
«O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir», degan naqlni unutmaylik.
To‘g‘ri, til doim amaliyotda «harakatlanadi», xalqaro ijtimoiy, madaniy, savdo, sport va boshqa munosabatlarda bir-birini boyitib, baynalmilal mazmun kasb etadi. Lekin bu tilimizda nomlar, atamalarning chiroyli muqobil ifodasi bo‘la turib, oraga ajnabiy so‘zlarni tiqishtiraverish, degani emas-da.
Tog‘aymurod Shomurodov.