Oq sement, suv va olovga chidamli dekorativ suratlar
                                                                        Xabar berganimizdek, Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida “BUILD PRO EXPO-2025” qurilish sohasidagi to‘rtinchi xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mahalliy korxonalardan tashqari Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan 70 ga yaqin kompaniya va ishlab chiqaruvchilar 700 ga yaqin mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmada qurilish materiallari, muhandislik tizimlari, professor-o‘qituvchilarning sohaga oid ilmiy adabiyotlari, interer va eksterer dizayn, arxitektura, "aqlli" texnologiya va barqaror qurilish mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma ochilishida ishtirok etgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyat yalpi hududiy mahsulotida qurilish-pudrat ishlari 7 foizni, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish jami sanoatda 8,2 foizni tashkil etishini ta’kidladi. Bu ko‘rsatkichlar ushbu sohaning naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi. Qurilish mollari ishlab chiqaradigan korxonalar soni 1700 dan ortgan va ular tomonidan yiliga qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada ilk bor Turkiya texnologiyasi asosida ko‘mir yoqilg‘isida tayyorlangan 500-600 markali oq sement taqdim etildi. Bu qurilish xomashyosi bino-inshootlarning tashqi qismlariga ishlov berish, ko‘tarma konstruksiyalar, beton plitalar, qolaversa, mustahkam poydevor qorishmalarida ham qo‘l keladi.
Jomboy tumanida joriy yilning may oyida ish boshlagan “Marmaks holding invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati “PLASTECO” brendi ostida 40 xildan ortiq ko‘rinishdagi egiluvchan panellar bilan ishtirok etmoqda.
- Bu mahsulotimiz to‘liq mahalliy xomashyodan – plastmassa va tosh aralashmasidan tayyorlanadi va ultrafeolit lak yordamida dekorativ surat joylashtiriladi, - deydi jamiyat direktori Amin Yorboboyev. – Mahsulotni kafel o‘rnida uy, ishxona, mehmonxona, idoralar, hammomlarda ichki pardozlash ishlarida ishlatish mumkin. Mahsulotimizning afzalligi shundaki, u suv va olovga chidamli. Hozirda respublikamizning barcha viloyatlarida mahsulot sotishni yo‘lga qo‘ydik. Qo‘shni davlatlardan ham buyurtmalar tushmoqda. Afg‘onistonning 4 ta viloyati va rossiyalik tadbirkorlar bilan eksport hamkorligi borasida kelishuv olib boryapmiz.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2024 yilda O‘zbekistonda 233,8 trillion so‘mlik (2023 yilga nisbatan 8,8 foiz ko‘p) qurilish ishlari amalga oshirilgan. Hozirda esa respublikamizda 27 mingdan ortiq qurilish tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.
Past Darg‘om tumanidagi “OPTIMA WINDOWS” mas’uliyati cheklangan jamiyati asosan eshik-rom, ular uchun rezina va PVX profillar ishlab chiqaradi. Mazkur korxona joriy yildan 7000 seriyali 5 kamerali beko forts profil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘di. Shuningdek, Turkiya, Germaniya texnologiyasi asosida Yevropa standarti asosida eshik-romlar ishlab chiqarish boshlandi.
5 noyabrgacha davom etadigan ko‘rgazmada o‘tgan yilga nisbatan arxitektura-dizayn, startap loyihalar, ilmiy ishlanmalar, muqobil energiyaga asoslangan muhandislik yechimlari ko‘proq namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada qurilish sohasidagi ilmiy ishlanmalar, yangiliklar, innovatsion yechimlar, arxitektura-dizayn, zamonaviy shaharsozlik modellari namoyish etilishi bilan birga soha vakillari uchun mutaxassislar ishtirokida xalqaro qurilish forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.