"Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi ogohlantiradi: Kremli mahsulotlar iste’mol qilishda hushyor bo‘ling!
                                                                        Keyingi paytlarda kremli qandolat mahsulotlari iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish holati yuzaga kelmoqda.
Tort, pirojne va kremli shirinliklar bugungi kunda har bir bayram dasturxonining ajralmas qismi. Ular bayram kayfiyatini yaratadi. Lekin noto‘g‘ri tayyorlansa yoki saqlansa, ovqatdan zaharlanish xavfini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, kremli mahsulotlar sanitariya talablariga rioya qilinmagan sharoitda tayyorlanganda sog‘lik uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Kremli shirinliklar juda tez buziluvchi mahsulotlar sirasiga kiradi. Ularning yaroqlilik muddati odatda 24 soat, ayrim hollarda 48 soatgacha bo‘ladi. Tort, pirojne va kremli shirinliklarni xarid qilish paytida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini sinchiklab tekshiring. Belgilari o‘chgan, ustidan yopishtirilgan yoki o‘zgartirilgan mahsulotlarni xarid qilmang.
Kremli tort va shirinliklar +2°C dan +6°C gacha bo‘lgan haroratda saqlanishi shart. Aks holda, ularning tarkibida bakteriyalar, xususan, salmonella va stafilokokk tez ko‘payadi va buning oqibatida zaharlanish holati kelib chiqishi mumkin. Uy sharoitida tortni faqat muzlatkichda saqlang. Xona haroratida 2 soatdan ortiq qoldirmang.
Sifatli kremli shirinlikning hidi yoqimli, kremi silliq bo‘ladi. Agar hidi nordonlashgan bo‘lsa, krem ustida suv ajralgan bo‘lsa, bezak mevalari chiriyotgan bo‘lsa, u mahsulot iste’mol uchun yaroqsiz. Kremli shirinliklar faqat sanitariya talablariga rioya qilinadigan, sertifikatga ega qandolat korxonalarda tayyorlanishi kerak. Ko‘chada yoki bozor atrofida sotilayotgan tortlardan saqlaning.
Uy sharoitida kremli shirinlik tayyorlash sog‘liq uchun xavfli. Chunki sanitariya talablarini to‘liq bajarish imkoni yo‘q. Ishlatiladigan tuxum, sut va qaymoq yetarli darajada qaynatilmaydi. Xona harorati va idishlarning tozaligi nazorat qilinmaydi. Oqibatda bunday mahsulotlar tez buziladi va ovqatdan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.
Kremli shirinliklar bolalar organizmi uchun, ayniqsa, xavfli. Chunki ularning immun tizimi hali to‘liq shakllanmagan. Shuning uchun maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda kremli tort, pirojne, kremli pishiriqlar taomnomaga kiritilmasligi kerak. Bolalarga mo‘ljallangan tadbirlarda tort va turli xil kremli qandolat mahsulotlari olib kelmaslik, ularni bolalarga bermaslik lozim.
Zaharlanish belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling!
O‘zingiz va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymang. Sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish – zaharlanishni oldini olishning eng samarali usulidir.
"Sanepidqo‘mita" Samarqand viloyat boshqarmasi.