Angliya josuslari boshi uchun katta pul va’da qilgan samarqandlik olim

Bu inson 1917 yilda ko‘hna kentda arab grafikasi asosida nashr etilgan birinchi o‘zbek va tojik alifbolarining muallifi bo‘lgan. Ozarbayjon, rus, fors, arab, ingliz, nemis, fransuz, italyan va ibroniy singari 10 dan ortiq tillarni yaxshi bilgan ensiklopedik bilimlarga ega Markaziy Osiyodagi yirik olim rus va ingliz josuslarida "katta" qiziqish" uyg‘otgan.

S.A. va boshqa 20 ga yaqin taxalluslar bilan ijod qilgan bu insonning nomi uzoq vaqt vatandoshlarimizga ham noma’lum bo‘lib kelgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirovning yozishicha, qomusiy bilim sohibi jurnalist, noshir, shoir, tilshunosligidan tashqari muallim, murabbiy, muharrir, mutarjim, mug‘anniy, muarrix, aktyor va rejissyor ham bo‘lgan. Uning 500 ga yaqin asari tarjimalari nafaqat Markaziy Osiyo, balki Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Tatariston va Qrimda chop etilgan.

 Buyuk mutafakkirning dunyoga kelishi

Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda tug‘ilgan. Olti yil madrasada o‘qigan. 1904 yilda u yangi turdagi jadid maktabida dars berishni boshlagan. 1906 yilda dehqonlar farzandlari uchun maktab ochgan.

1916-1922 yillarda Behbudiyning "Padarkush", Molerning "Zo‘raki tabib", Uzeir Hojibekovning "Arshin mol olan", "Layli va Majnun", "Asli va Karam", Husayn Jovidning "Shaydo", "Shayx san’on" asarlarini sahnaga qo‘yishda qatnashadi, aktyor sifatida ayrim rollarini ijro etadi.

Samarqandda yashaydigan ruslar uchun kechki kurslar ochib, o‘zbek va fors-tojik tillari o‘qitadi. Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi bo‘lib ishga kirgan. Matbuotda faol mehnat qilgan.

1933 yildan Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan professorni 1937 yilda josuslikda ayblab, hibsga olishadi. Ikki yil davom etgan tergovda hech qanday dalillar topilmasa-da, soxta ayblov bilan u besh yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Keyinchalik bu muddat uzaytiriladi. Samarqand-Toshkent-Tobolsk-Vladimir turmalarida o‘tirgan Saidrizo Alizoda 1945 yil 24 dekabrida sil kasalidan vafot etadi.

Qisqacha tarix shundan iborat. Ammo bu ma’lumotlar qomusiy olimning butun hayotini, shaxsiyatini, undan olinadigan ibratni ochib berolmaydi.

 Yoshlar uchun haqiqiy kumir

Alizoda hayoti bilan tanisharkansiz, u bugungi yoshlar uchun tom ma’nodagi ibrat bo‘la olishiga ishonch hosil qilasiz. Negaki, bu iqtisodiy qiyinchilik davrida, qolaversa, bugungiday axborot texnologiyalari bo‘lmagan bir vaqtda 10 dan ortiq tillarni o‘rgangan.

E’tiborlisi shuki, u aksariyat tillarni mustaqil o‘zlashtirgan. Olgan bilimlari natijasida ulkan tarjimonlik maktabiga asos solgan. Oddiy misol, uning “Mehrobdon chayon” romanini tojik tiliga qilgan tarjimasiga o‘quvchi va mutaxassislar asar tojik tilida yozilganday taassurot qoldirishini bildirgan.

Sadrizo Alizoda "Kapitan qizi", "Boris Godunov", "Dubrovskiy", "Yevgeniy Onegin", "Tirilish", "Revizor", "Ochilgan qo‘riq", "Sement", "Po‘lat qanday toblandi" asarlarini ruschadan o‘zbek, fors, tojik tillariga o‘girgan, fransuzchadan Moler, Mopassan, inglizchadan Epton asarlarini tarjima qilgan. Ibn Sino, Firdavsiy, Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy asarlaridan rus tiliga tarjimalari mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan.

Mantiq chegarasini buzib tashlagan

Alloma faoliyati, uning ijodi bilan tanisharkansiz, bu fikrga to‘liq qo‘shilasiz. Chunki, u qisqa umri davomida maktablar uchun 12 ta darslik yozgan, dasturlar tuzgan.

Tarjimalarini qo‘shmaganda ham qamoqqa olinishidan avval yozgan 3 ta kitobi, keyinchalik Lohurda chop etilgani, qo‘lyozmalari shunchaki qoralamalar bo‘lmaganidan dalolat beradi.

Alizoda mantiq chegarasini buzgani haqida gap ketganda u kosmosga oid alohida kitob yozganini ham misol keltirish mumkin. Texnologiya rivojlangan, ilm olish uchun imkoniyatlar keng bo‘lgan bugungi davrda ham fazo ilmi borasida kuchli mutaxassislar barmoq bilan sanarli. Biroq o‘sha davrda Alizodaning bu borada yozgan kitobi 2000 yillarda Rossiya kosmonavtikasi muzeylari assotsiatsiyasi (AMKOS) tomonidan ham yuqori baholangan.

 

Lavozimgamas, xizmatga shay turgan

Tarixda shunday misol bor: mashhur alloma, yetuk olim, hazrat Abu Xanifaga qozilik lavozimi taklif qilinadi. Ammo Imom A’zam bu taklifni rad etgan ekan.

Taqdirni qarangki, Alizoda hayotida ham ayni shunga monand voqelik yuz beradi. Ya’ni, o‘tgan asrning 20-yillarida bir qator qo‘shni davlatlar – Eron, Turkiya, Afg‘onistonda Alizoda yuqori lavozimlarga taklif qilingan. Masalan, Afg‘onistonning birinchi prezidenti Omonulloh Xon Alizoda ushbu mamlakatda ta’lim va matbuotni o‘rnatish sohasida ishlashga taklif qiladi. Bunda olimning roziligini olish uchun hatto ikki marta o‘zining maslahatchisi Muhammad Dovudni Samarqandga yuborgan, ammo Saidrizo Alizoda har safar taklifni minnatdorchilik bilan rad etgan.

Bundan u nima yutdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ma’lumotlarga ko‘ra, Alizodaning ilmiy faoliyati faqat tarjima bilan cheklanmagan. U "Turkiston tarixi", "Islom tarixi", "Diniy qonunlar" ilmiy asarlari muallifi. Ikki jildli 61 ming so‘zni o‘z ichiga olgan birinchi ruscha-tojikcha lug‘atni tuzgan.

Turkiston maktablari uchun arifmetika, tarix, geografiya, astronomiya, tabiatshunoslik va arab grammatikasi bo‘yicha darsliklar yozgan.

 Hali ko‘p va xo‘p o‘rganilishi zarur

Saidrizo Alizodani elga tanitishda, avvalo, geolog nabirasi Farhod akaning, qolaversa, yirik olim, G‘aybulloh as-Salomning xizmatlari katta. To‘g‘ri, keyinchalik ham jadidchilikni tadqiq etgan olimlar u kishining ijodi bilan qiziqqan.

Biroq Alizoda hali chuqur o‘rganilishi, asarlari, ilmiy faoliyati tadqiq etilishi kerak. Qolaversa, allomaning bugungi avlod uchun ibrat qilib ko‘rsatishga arzigulik sifatlari shu qadar ko‘pki, ular faqat o‘rganishni, ilmiy mulohazalarni taqozo etadi.

Bundan tashqari, Angliya razvedkasi josuslari uning boshi uchun 50 ming funt-sterling mukofot ajratgan, deyiladi. Xorijda mashhur bo‘lgan alloma bolsheviklar tomonidan xalq dushmaniga chiqarib, hibsga olinadi. Bunday dramatik taqdirning o‘zi haqida tom-tom asarlar yozilsa arziydi.