Ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchi ko‘rsatib qo‘yiladi

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari «Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak», dedi.

Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning olti oyida shahar va tumanlarimizda 428 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan. Ya’ni, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 ta (398/428) ko‘p avariya yuz bergan.

Yo‘l-transport hodisalarining 50 foizi yoki 214 tasida piyodalar urib yuborilgan.

Yo‘lning toifasi harakat jadalligiga mos emasligi va yoritish moslamalari tungi vaqtda ishlamasligi, piyodalar uchun trotuar yo‘qligi yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan.

Masalan, ko‘ngilsizliklarning 65 tasi to‘siqlar o‘rnatilmaganligi sababli haydovchilarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqishi oqibatida yuz bergan.

Shu ma’noda «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltirilishi belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Yana bir jihati, endi radarlar orqali byudjetga tushadigan mablag‘ning 25 foizi ham shu jamg‘armaga o‘tkaziladi.

Jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solish - yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirishga yo‘naltiriladi.

Davlatimiz rahbari qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilayotgani qayd etildi. Shu ma’noda viloyatimizdagi ayrim hududlarda mutasaddilar ishni to‘g‘ri tashkil qilolmayotgani ko‘rinib qoldi.

Negaki, Toyloq, Ishtixon, Past Darg‘om, Paxtachi, Payariq, Narpay, Jomboy hamda Oqdaryo tumanlarida umumiy yo‘l-transport hodisalar soni o‘tgan yilning olti oyiga nisbatan oshgan.

O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari ham ayni shu tumanlarda ko‘paygan. Misol uchun, Toyloq tumanida o‘tgan yili bunday holat 2 ta bo‘lgan. Joriy yilning olti oyida esa yo‘l-transport hodisalaridan 6 kishi vafot etgan. Payariq tumanida mos ravishda 3/6, Paxtachi tumanida 4/8, Past Darg‘om tumanida 4/7, Urgut tumanida 8/12, Bulung‘ur tumanida 3/4, Jomboy tumanida 7/9 o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari qayd etilgan.

Ahamiyatli jihati, davlat rahbari bunday qayg‘uli holatlarni kamaytirish uchun ham aniq yechimlarni qayd etdi. Jumladan, ichki yo‘llarni tartibga olish uchun viloyat va tuman hokimlari mas’ul bo‘ladi. 1 oktyabrga qadar boshqa respublika va xalqaro yo‘llar qatori "Toshkent – Samarqand – Termiz" hamda "Samarqand – Buxoro" yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligi o‘rganiladi. Yil yakunigacha qancha yer osti va yer usti qayrilish hamda piyodalar o‘tish joylari, zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari va chiziqlari kerakligi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilib, kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb qilish prognoziga bu maqsadlar uchun 200 million dollar kiritiladi.

Albatta, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida muayyan ishlar qilingan. Misol uchun, 61 ta avtomobil yo‘llarining xavfli uchastkalariga fotoradar qurilmalari, 69 ta chorrahada intellektual transport tizimini joriy etish uchun raqamli svetofor va yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlovchi 118 ta foto va video qayd qilish dasturiy texnika vositalari kompleksi o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Shuningdek, yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish bo‘yicha 1968 ta yangi hamda maktablar oldida tezlikni cheklovchi 69 ta yo‘l belgilari, yo‘nalishlarda dastlabki, aholi gavjum hududlarda piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan 11 ta svetoforlar o‘rnatilib, 23 ta yangi svetofor qurildi, 28 ta svetofor rekonstruksiya qilingan. Maktablar oldiga 40 ta “qavariq” piyodalar o‘tish joyi tashkil etilgan.

Lekin bu ishlar yetarli bo‘lmayapti-da. Agar aksi bo‘lganida, o‘tgan olti oy davomida 5 va undan ortiq huquqbuzarliklar sodir etgan haydovchilar viloyat hududida 5803 tani tashkil etmagan bo‘lardi. Shuningdek, yarim yilda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 94 tasiga haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya etmasligi sabab bo‘lgan.

Umuman, videoselektor yig‘ilishida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining ko‘pligi hamda surunkali qoidabuzarlar soni bo‘yicha Samarqand “yetakchi”lar qatorida ekanligi qayd etildi.

Bu haydovchilar davlatimiz rahbari aytganidek, “jarimani to‘lab qo‘ydim, bilganimdek yuraman” qabilida ish tutishgan. Endi surunkali qoidabuzarlarga ko‘riladigan choralar qat’iy bo‘ladi. “Ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz», - dedi Prezident.

Shavkat ShARIPOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.