O‘qituvchilar sihatgohlarda dam olyaptimi?

O‘quv yili davomida o‘quvchilarining sho‘xliklariga sabr qilib, ularga fan sirlarini o‘rgatgan murabbiy va o‘qituvchilar ta’tilni qanday o‘tkazyapti? Qanchasi sihatgohlarda dam olyapti? O‘qituvchi yangi o‘quv yiliga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra oladimi? Keling, shu haqda mulohaza qilamiz.

- Yaqinda hamkasblar bilan uch kunga Zominga dam olishga bormoqchimiz, - deydi Nurobod tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining birinchi toifali ona tili fani o‘qituvchisi Mahfuza Haydarova. – Hamkasblarim bilan qisqa muddatli dam olishga borib turaman. Ammo uyim-joyim, bolalarim deb shu paytgacha yo‘llanma asosida biror sihatgohga bormabman. Nasib bo‘lsa, shu yilgi yozgi ta’tilda tumanimizdagi Ibn Sino sihatgohida dam olishni rejalashtiryapman.

- Maktabda ish boshlaganimga 26 yil bo‘ldi, - deydi Bulung‘ur tumanidagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabining birinchi toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Risolat Imomqulova. – Shu paytgacha bolalar tarbiyasi, ro‘zg‘or ishlaridan ortib, uzoq muddatga sihatgohlarga dam olishga bormadim. Ta’tilda va bayram kunlari oilam bilan qisqa muddatli dam olish joylariga borib turaman. Qishloq joylarda yozda mavsumga oid turli yumushlar bo‘ladi. Tomorqa ishlari ham toliqqan asablarni tinchlantiradi.

Darhaqiqat, ko‘pchilik o‘qituvchilar yozgi ta’tilni oila davrasida, ro‘zg‘or yumushlariga ko‘milib o‘tkazadi. Yil davomida charchagan asablariga yengillik berish uchun biron sihatgohga borishni rejalashtiradigan o‘qituvchilar kamchilikni tashkil qiladi. Fikrimizning isbotini quyidagi raqamlardan ham bilishi mumkin.

2025 yilning 1 iyun holatiga 359 nafar pedagog kasaba uyushma byudjeti mablag‘lari hisobidan, 118 nafari ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sihatgohlarga yo‘llanma olgan. Vaholanki, bugun viloyatda 61 mingdan ortiq pedagog umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mehnat qiladi.

- Ta’lim tizimi xodimlari asosan yoz oylarida sihatgohlarga yo‘llanma olish uchun murojaat qiladi, - deydi O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Iftixor Rahimov. – Bugun yigirma bitta sog‘lomlashtirish sihatgohlariga yo‘llanma berish imkoniga egamiz. Pedagoglar kasalligiga qarab, o‘zlariga mos sihatgohni tanlaydi. Faqat tartib-qoidaga ko‘ra talabgorlar ikki oy oldin murojaat qilishlari kerak. Shuningdek, bizda yo‘llanmalar har bir xodimga ikki yilda bir marotaba beriladi.

Bugun sihatgohlarga beriladigan yo‘llanmaning o‘rtacha narxi 4 million 600 ming so‘m bo‘lib, uning 45 foizi xodim tomonidan, 55 foizi kasaba uyushmasi tomonidan to‘lanadi. 2025 yilda kasaba uyushma budjeti mablag‘laridan 1200 nafar, ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan 960 nafar pedagogning sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu prognoz talabga ko‘ra, bundan ham ortiq bo‘lishi mumkin.

Demak, fakt va raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, viloyatda 2023 yilda 2472 nafar, 2024 yilda 2316 nafar pedagog xodimlar ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasi byudjeti mablag‘lari hisobidan sihatgohlarda davolangan. Joriy yilda ham shuncha atrofida pedagoglar sog‘lashtirish sihatgohlarida dam oladi. Ammo bu ko‘rsatkich viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining taxminan 3,5 foizini tashkil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, bu juda past ko‘rsatkich.

Afsuski, respublikamizda yagona bo‘lgan Oqdaryo tumanidagi “Ustoz” sihatgohi ham bugun viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida emas. Bir paytlar ushbu sihatgoh qanchadan-qancha pedagoglarning salomatligini tiklashga yordam bergan bo‘lsa, bugungi kunda xususiylashtirib yuborilgan.

To‘g‘ri, ayrim o‘qituvchilarga sihatgohlarning 45 foizli yo‘llanmasi ham qimmat. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Shuning uchun yozgi ta’tilda o‘qituvchilarni sog‘lomlashtirish sihatgohlariga yuborish, ularning har tomonlama yaxshi dam olishini tashkil qilish masalasi hukumatimiz tomonidan jiddiy ko‘rilishi lozim. Kerak bo‘lsa, pedagoglar uchun alohida sihatgohlar ishga tushirilishi, yil davomida ularning ishlashini ta’minlash zarur. Yutuqlarga erishgan ayrim o‘qituvchilarning bepul dam olishini tashkil etish ham maqsadga muvofiq.

Ta’lim sifatining oshishiga jiddiy e’tibor berilayotgan bir paytda ta’lim sohasi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, salomatligini tiklash uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish zarur. Siz qanday fikrdasiz?

Xurshida ERNAZAROVA.