Samarqandning eng faol, tashabbuskor ayollari aniqlandi
Samarqand shahrida “Yil ayoli” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat hayotida faol ishtirok etib, tashabbusi va ibrati bilan ajralib turuvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlov yil davomida ma’lum bir natijalarni qo‘lga kiritgan xotin-qizlarni jamladi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova aslida oilada chiroyli muhit yaratib o‘tirganlar, hunari-yu kasbi bilan ro‘zg‘ori butligiga hissa qo‘shayotgan ayollarning barchasi bugun "Yil ayoli" nomiga munosib, deya e’tirof etdi.
Tanlovning quyi bosqichlarida ishtirok etgan 170 nafar ayol orasidan 24 nafari viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ishtirokchilar o‘z faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni taqdim etishi barobarida, bu amallarni videotasvirlarda namoyish ham etishdi.
- Markazimiz yaqinda ish faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, bir nechta yirik grantlarni qo‘lga kiritdik va qator amaliy ishlarni boshlab yubordik, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshidagi immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi rahbari, texnika fanlari doktori, professor Dilafro‘z Xolmurodova. – Markazimizning asosiy maqsadi aholi orasida turli xastaliklar, shu jumladan genetik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va ularni amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan hamkorlik olib boryapmiz. Jahon bankining grantiga bir qator zamonaviy laboratoriya jihozlari oldik, endilikda bir qator, ayniqsa ba’zi onkologik xastaliklarni eng so‘nggi usulda, deyarli o‘lim holati uchramaydigan tarzda davolashni tatbiq etishga urinyapmiz.

Dilafro‘z Xolmurodova ushbu yo‘nalishdagi ishlari bir talay, shuning uchun tanlovda “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. Shuningdek, tanlovda "Eng yaxshi ijodkor ayol", "Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli", "Yilning eng yaxshi jonkuyar ustozi", "Yilning eng yaxshi IT dasturchi ayoli" kabi ko‘plab nominatsiyalar g‘oliblari aniqlandi.