Samarqandda “Ilmli ayol – ta’lim taraqqiyotining poydevori” respublika forumi bo‘lib o‘tdi

Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida tashkil etilgan ushbu tadbirda jamiyatimizda faol bo‘lgan ilmli, ma’rifatli, olima ayollar ishtirok etdi.

- Taraqqiyparvar davlatlarda oilani mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlash borasida ilmiy izlanishlar olib borilyapti va amaliy ishlar bajarilyapti, - dedi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. – O‘zim ham ayni kunda oilani mustahkamlash borasida ilmiy ish qilyapman. Ajrimlarning sabablarini tahlil qilib, nizoli oilalar bilan muntazam ishlar olib boryapman. 

Tadbirda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ular tomonidan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar e’tirof etildi.

- Agar qizlarni o‘qitsak, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz, - dedi viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktori A’lamjon Ibragimov. – Oilada ayol kitob o‘qisa, farzandlar ham kitob o‘qiydi. Ayollar nafaqat oilada, balki jamiyat rivojida ham o‘z ta’sir kuchiga ega. Shuning uchun ham har qanday buyuk shaxs ortida ma’rifatli ayol bo‘lgani tan olingan haqiqat. Bizning jamoamizda faoliyat yuritadigan ayollar ham o‘z faolligi bilan ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Markazimizda 2019 yilda ilmiy salohiyat 14 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 45 foizga ko‘tarildi.

Forumda ayollarning ham oila, ham mamlakat rivojida jasoratli mehnati haqida iliq gaplar aytildi.

Samarqand davlat universiteti professori Mahkamoy Tursunova bizga olimalik momolarimizdan qolganligini, olib borayotgan ilmiy izlanishlari natijasida 187 nafar temuriy malikaning nomi tiklanganini ma’lum qildi. Shuningdek, tadbirda viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida faoliyat olib borayotgan olima ayollarning ilmiy faoliyati tanishtirildi.

Tadbirda bir guruh faol, ilmli, ma’rifatli ayollar taqdirlandi.

Xurshida ERNAZAROVA.