«Yil ayoli» tanlovi g‘olibasi mukofot pulini xayriyaga sarflamoqchi
Xabaringiz bor, o‘tgan yilning so‘nggi kunlarida «Yil ayoli» tanlovida Samarqand davlat tibbiyot instituti otorinolaringologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Mahzuna Nasriddinova birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, 20 million so‘mlik vaucher bilan taqdirlangandi. Olima yurtimizda qariyb o‘rganilmagan mavzuni chuqur o‘rgangan. Eshitishda nuqsoni bor bolalar uchun doimiy ravishda ko‘riklar o‘tkazib turadi. O‘zi tashkil qilgan bog‘chada – eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar, nutqiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun guruh ham tashkil etib, ularga imkon qadar yordam berishga bel bog‘lagan. Doimiy ravishda xayriya ishlarini amalga oshirib turadi. Tanlovda unga mukofot sifatida berilgan 20 million so‘m mablag‘ni ham xayriyaga sarflash niyatida. Olima bilan faoliyati va xayriya maqsadlari haqida suhbat uyushtirdik.
- Mukofot pulini xayriyaga sarflayman, deb oldindan niyat qilganmidingiz?
- Tanlovda pul mukofoti berilishidan xabarim yo‘q edi. Mukofot sifatida moliyaviy rag‘bat borligini eshitgan zahotim o‘zim doim ham tibbiy, moliyaviy ko‘mak berib keladiganim - Samarqand shahridagi 61-son eshitishda nuqsoni bor bolalar uchun mo‘ljallangan maktab bolalari xayolimdan o‘tdi. Ularga qachon, nima kerak bo‘lishini ham yaxshi bilaman. Shu ma’noda bu mablag‘ ular uchun juda muhim.
- Ushbu maktab bilan hamkorligingiz qachon va qay yo‘sinda boshlangan?
- Otorinolaringolog mutaxassis bo‘lganim sababli ilmiy ishga kirishmasimdan avvaloq maktab bilan hamkorlikni boshlaganman. Doimiy ravishda bolalarning tibbiy ahvoli bilan tanishib, ularni ko‘rikdan o‘tkazardim. Bilasizmi, ko‘pincha ota-onalarning e’tiborsizligi sabab ba’zi bolajonlarning eshitishdagi nuqsonlari kuchayib boradi. Agar o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tganlarida ko‘pchiligining eshitish faoliyatini yaxshilash imkoni bo‘lardi. Afsuski, e’tiborsizlik tufayli ularning ba’zilari imkoniyati cheklangan bolalarga aylanadi. Yoki oz bo‘lsa-da gapira oladigan bolalarni ham ota-onalari ushbu maktabga berishga intiladi. Natijada ular gapirish imkoniyatidan voz kechib, maxsus imo-ishoralar bilan gapirishga o‘tib ketadi. Bu borada hali qilinadigan jiddiy ishlar bor, o‘ylaymanki, bosqichma-bosqich tarzda amalga oshiriladi.
- Ilmiy ishingiz mamlakatimizda juda kam o‘rganilgan mavzu ekanligini aytib o‘tdingiz…
- “Inson bosh suyagida joylashgan ichki quloq patologiyasi” mavzusi nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida kam o‘rganilgan soha sanaladi. O‘zbekistonda esa birinchilardan bo‘lib ushbu sohada ilmiy ishni amalga oshirdim. Rossiyada otorinolaringologiya markazida ikki yil tadqiqot olib borganimdan so‘ng, ishimni mamlakatimizda davom ettirdim. Markaz tomonidan stabilometriya apparati grant sifatida ajratilib, bosh aylanishi kuzatiladigan bemorlarda erta tashxis qo‘yish va davolash uchun qo‘llanilmoqda.
- Mavzuni yanayam oddiyroq tushuntirsangiz…
- Ko‘pchilik bosh aylanishini bir xil deb o‘ylaydi. Ammo ular orasida quloq sohasidagi ba’zi nuqsonlar tufayli kelib chiqadigan bosh aylanish ham mavjud. Afsuski, shu paytgacha buni aniqlash uchun mutaxassis ham, zarur texnologiyalar ham yo‘q edi. Hozir imkoniyat keng bo‘lmasa-da, ammo bor. Faqat o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilish lozim. To‘g‘ri, imkoniyat deganim ham bir viloyat miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, juda kichkina. O‘z vaqtida mutaxassislar bilan tibbiy ko‘riklar olib borish, bosh aylanish, qulog‘ida shovqin bo‘lgan bemorlarni yanayam erta aniqlash, imkoni borlarni o‘z vaqtida davolash ishlarini amalga oshirish lozim. Inklyuziv ta’limni joriy qilish, gapirishda nuqsoni bo‘lsa-da nutqiy rivojlanishi bor, fikrini tushuntira oladigan bolalarni oddiy maktablarda o‘qitish kerak.
- Adashmasam, o‘zingiz shu uslubni maktabgacha ta’lim tizimida boshladingiz, shundaymi?
- Davlat-xususiy sherikchilik asosida bog‘cha tashkil qilganimda, menda muolaja oladigan bolalarning onalari farzandlarini shu bog‘chaga olishimni iltimos qilib kela boshlashdi. Garchi, bu tarbiyachilar uchun murakkab bo‘lishini bilsam-da, ammo ularni qabul qildik. Bu qanday natija berishini hozircha bilmayman, ammo bolalarda yaxshi o‘zgarishlarni kuzatyapmiz. Tarbiyachilarga bu bolalar bilan muloqotda nimalarga e’tibor berishlari haqida doimiy ravishda ko‘rsatmalar berib boraman. O‘zim ham tibbiy jihatdan ularning ahvolini kuzatib turaman.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.