Samarqand tumanida kambag‘al va yolg‘iz yashovchilarga qanday yordam ko‘rsatilyapti?

Bu haqda "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi rahbari Kamoliddin G‘afforov Zarnews.uz muxbiriga ma’lumot berdi.
- Yil boshidan buyon Samarqand tumanida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslardan aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, og‘ir ahvolga tushib qolgan aholiga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish bo‘yicha 9 ming 889 ta kelib tushdi, - deydi K.G‘afforov. - Murojaatlarning 8 ming 754 tasiga xizmat ko‘rsatildi. Shuningdek, yil boshida ijtimoiy xodimlar tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida 3853 ta oila kambag‘al oilalar reyestriga kiritildi. Shundan 827 tasi "qizil" toifa 2212 tasi "sariq" toifa 814 tasi "yashil" toifa. O‘tgan davr davomida 1380 ta oilaga amaliy yordamlar ko‘rsatilishi natijasida ularning real daromadlari oshishiga erishildi va reyestrdan chiqarildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funsionalligini baholash yo‘nalishida jami nogironligi bo‘lgan shaxslarning 356 nafarining bandligi ta’minlandi, 786 nafari reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya moslamali bilan ta’minlandi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan 287 nafariga adaptiv sportga tavsiya berildi, ularning 136 nafari adaptiv sportga jalb qilinib, 36 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasida 549 nafar reabilitatsiya qilindi.
Tumanimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa, yolg‘iz yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar 115 nafarni tashkil etadi. Shundan 82 nafariga ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, 10 nafariga uy sharoitida qarab turish, 63 nafariga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, 8 nafariga kunduzgi qatnov asosida qarab turish, 2 nafariga shaxsiy yordamchi xizmati ko‘rsatilmoqda. Quvonarlisi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa, yolg‘iz yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, 10 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtojlar uy sharoitida qarab turish xizmatiga qamrab olinib, oila a’zolari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatidan o‘tkazildi va ko‘rsatilgan xizmat vaucher asosida qoplab berilmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yakka yolg‘iz, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning 35 nafarining yo‘qolgan hujjatlari markaz aralashuvi bilan qayta tiklandi, 17 nafar yolg‘iz yashovchi keksalarning qarindoshlari bilan munosabati tiklandi, 7 nafari reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi, 11 nafariga ijtimoiy xodim assistentlari biriktirildi, 14 nafari to‘garaklarga jalb qilindi, 16 nafarining yashash sharoitlari moslashtirildi, 99 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tashqari 165 nafar fuqarolar ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi 11 ta sanatoriyaga yuborilib, sog‘lomlashtirildi.
Joriy yilda markazga bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu bolalarning har birining havfsizligi ta’minlangan va xavfsiz oila muhitiga qaytarilgan. Ularning barchasi mahallada ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, voyaga yetmaganlarni ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida joriy yilda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va ota-onasi migratsiyada bo‘lgan jami 685 nafar bolalarga individual rivojlanish rejalari va "Yoshlarga hamrohlik dasturi" ishlab chiqib, ularga 254 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi, xususan, 4 nafar bola imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalariga jalb qilindi, 16 nafar bola bandligi ta’minlandi, 171 nafar bola sport va fan to‘garaklariga jalb qilindi.
Toyloq tajribasi asosida Konigil mahallasidagi 53-maktabda "Ilk rivojlanish" markazi tashkil etilib, bolalar soni 60 nafar yetkazildi, keyinchalik bu qamrovni 120 nafarga yetkazish belgilangan.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etib, ushbu xizmatga 43 nafar bola jalb qilindi.