“Yil ayoli”da respublika bosqichida Samarqanddan ikki kishi g‘oliblar qatoridan joy oldi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Anjumanlar saroyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlovning bu galgi respublika bosqichida oliy o‘rin hamda uchta faxrli o‘rinlar egalari Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan taqdirlandi. Belgilangan nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga diplom va pul mukofotlari topshirildi.
Mazkur tanlovda samarqandlik xotin-qizlar ham faol ishtirok etdi. “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasida Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Navbahor Tursunova g‘oliblikni egalladi. Shuningdek, “Gender tenglik faoli” tanlovida Samarqand televideniyesi muxbiri Nozigul Rustamova “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi teledastur” nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.