Samarqandda «Yil ayoli» tanlovi g‘oliblari aniqlandi

 Samarqandda «Yil ayoli» tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning shahar, tumanlarida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan, faol xotin-qizlar ishtirok etdi.

Anjumanda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

- Ayni paytda viloyatda ming nafar lider ayollar, 7 mingga yaqin faol qizlar ro‘yxati shakllantirilgan, - dedi G.Alimova. -  Bugun 74 foiz xotin qizlar ijtimoiy sohada faoliyat ko‘rsatmoqda. Xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Aslida oilasida fidoyi beka bo‘lishi barobarida, jamiyatda faol ayollarning barchasi «Yil ayoli» nomzodiga loyiq.

Taqdirlash marosimida bir guruh faol, jamiyatda munosib o‘ringa ega ayollar innovatsion g‘oyalarni targ‘ib qilgan eng faol olima, yilning eng yaxshi ijodkori, eng ilg‘or talbirkor, fermer, yilning eng yaxshi huquq tartibot xodimalari bir qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

- Xalq ta’limi tizimida uzoq yillardan buyon faoliyat ko‘rsataman. Ayni paytda Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limida ishlayman, - deydi «Yilning eng yaxshi mutaxassisi» nominatsiyasi sovrindori Zebiniso Musurmonova. - O‘tgan vaqt mobaynida men ishlayotgan boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida 5 nafar o‘qituvchining ishlari ommalashtirildi. Har yili an’anaviy tarzda, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida «Ziyo» tanlovini o‘tkazib kelamiz.

Taqdirlanganlar orasida «Samarkandskiy vestnik» gazetasi muxbiri Zamira Boltayeva, Samarqand teleradiokompaniyasi muxbiri Umida Mamadaliyeva xotin-qizlar mavzusini yaxshi yoritgan jurnalist sifatida e’tirof etildi.

Gulruh MO‘MINOVA.