Samarqandda xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi
Davlatimiz rahbarining 25 noyabr kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida viloyatda xotin-qizlar bandligini oshirish, ishsizlikni kamaytirish va tashqi migratsiyadan qaytgan ayollarga ko‘mak berish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev rahbarlik qilgan yig‘ilishda Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi a’zolari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi xodimlari, shuningdek, tegishli korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev xotin-qizlarni ishga joylashtirish, ishsizlikni kamaytirish va migratsiyadan qaytgan ayollarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bugun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni migratsiyadan vatanga qaytarib, shu yerning o‘zida bandligini ta’minlash maqsadida viloyat, shahar va tuman shtablari tuzilgan va shtab a’zolari oldiga bir qator vazifalar belgilab berilgan. Shu asosda hududlarda xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, tashqi migratsiyada yurgan xotin-qizlarni qaytarish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida targ‘ibot tadbirlarini olib borish zarurligi aytildi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi Adiz Boboyev mas’ullarga topshiriqlarni o‘z vaqtida va samarali bajarishni qat’iy talab qildi. Shuningdek, xorijda bo‘lib turgan 89 ming nafar samarqandlik xotin-qizlar bilan suhbatlar o‘tkazib, ular uchun munosib ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.