Zulfiya mukofoti: yo‘nalishlar ko‘paygan, iqtidorlilar ham
Bundan bir necha yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga hujjat topshirganlar orasida zo‘rma-zo‘raki kitob chiqarib, uch-to‘rtta faxriy yorliq yoki viloyat, respublika miqyosidagi to‘rt-beshta tanlovda ishtiroki bilan shu mukofotni olmasam bo‘lmaydi, deya mutasaddi tashkilotlar eshigini qoqqanlar ko‘p edi...
Bu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etayotgan qizlar bilan suhbatlashar ekanmiz, tamoman o‘zgacha manzaraga guvoh bo‘ldik. Sababi oddiy, iqtidorli yoshlar safi oshyapti, o‘z bilimi, iqtidori bilan katta natijaga erishayotganlar ko‘paymoqda. Farzandlari, qizlarining ham ta’limiga investitsiya kiritayotgan ota-onalar safi kengaymoqda.

Samarqandda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlovning viloyat bosqichida uning quyi saralashlarida g‘olib bo‘lgan 130 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.
- Mukofot berilayotgan qizlar soni o‘sishi barobarida, ishtirokchi qizlar orasida xorij tillarida o‘z kitoblarini nashr qilgan, xalqaro miqyosdagi tanlovlarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritayotgan yoshlar ham ko‘paymoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova. – Shu kunga qadar viloyat miqyosida 34 nafar qizlar ushbu nufuzli mukofot sohibasi bo‘lishga erishdi. O‘tgan yildan boshlab tanlov ishtirokchilari uchun raqamli texnologiyalar yo‘nalishi ham kiritilib, endilikda qizlar 7 yo‘nalishda o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazishmoqda.

Tanlovda ishtirok etayotgan Rayhona Jamolova Urgut tumanidagi maktabning 10 -sinfida tahsil oladi. Hali maktab yoshida bo‘lishiga qaramay, Turkiya, Hindistonda bo‘lib o‘tgan qator xalqaro konferensiyalarda ishtirok etib, xorij tillarida maqolalar chop ettirishga ulgurgan. Ishtixonlik Xurshida Rahmonova esa ta’limning magistratura bosqichida o‘qish bilan bir qatorda tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanadi, shuningdek, qator ijtimoiy loyihalarda qatnashib, ko‘ngilli sifatida ham jamiyatning faol yoshlaridan biriga aylangan.
Yosh chegarasi o‘zgargani ham tanlovga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Ishtirokchilar orasida turli tashkilotlarda faoliyat yuritib, allaqachon o‘z sohasida natijaga erishayotganlar ham talaygina.
Gulruh Mo‘minova.