Xotin-qizlar uchun IT-mehnat bozoriga yo‘llanma

Samarqand shahridagi School 21- xalqaro texnologiyalar maktabida Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida IT va raqamli sohada karera qurishni maqsad qilgan qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "Women Empowerment Week" nomli to‘rt kunlik ta’lim loyihasi o‘z ishini boshladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Gender tenglik va boshqaruv indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Bu xotin-qizlarimizning ta’lim, tadbirkorlik va texnologiya sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli amalga oshirildi.
Mazkur loyihada ishtirok etish uchun respublikamizning barcha viloyatlarida yashovchi 400 dan ortiq talabgordan arizalar kelib tushdi. Tashkilotchilar ular orasidan 50 nafar eng sara ishtirokchini tanlab oldi. Tadbir doirasida qizlar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, jumladan, ovqatlanish, yotoqxona, kompyuterdan foydalanishlari mumkin.
- Mazkur haftalik qizlarga texnologiyalar sohasiga dadil kirib borish, zarur bilimlarni egallash va raqamli dunyoda o‘z o‘rnini topishga yordam berish maqsadida tashkil etildi, - deydi Raqamli texnologiyalar vazirining yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha maslahatchisi Kamola Sobirova. - Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash masalalarida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Buni xalqaro reytinglardagi o‘sish ko‘rsatkichining oshib borayotganligidan ham yaqqol sezish mumkin. Bugun minglab iqtidorli va intiluvchan qizlar yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga, raqamli sohada karera qurishga va iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatmoqda. Tadbir nafaqat sohaga endigina qadam qo‘yayotgan qizlarga zarur ko‘nikmalarni egallashga va o‘z kuchlariga ishonishga yordam beradi, balki ular uchun yuqori maoshga ega bo‘lgan istiqbolli kareraga yo‘l ochib beradi.
Haftalik ishtirokchilar orasida talabalardan tashqari, turli sohalarda ishlaydigan mutaxassislar va ayollar ham bor. Farzandi bilan keladigan onalarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar xonasini tashkil etildi. Loyiha ishtirokchilar uchun samarali bo‘lib, ularga yangi ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish, o‘z kuchiga ishonish va texnologiya sohasida ishlash orqali mehnat bozoriga chiqish imkonini beradi.
Ishtirokchilar loyiha va mahsulot menejmentini o‘zlashtirish bilan birga, frilans platformalaridan IT buyurtmalarini izlashni, bozorga kirish uchun kuchli rezyume va portfolio yaratishni o‘rganadilar. Dastur sohaning mahalliy va xorijiy tajribaga ega yetakchi ekspertlari, jumladan, TBC, Rayme, Group-IB va Women in Tech mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.