Yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish. Davlat siyosatining bu ustuvor yo‘nalishida nima ishlar qilinmoqda?

Qayd etilayotgan masala avvalida ayrim raqamlarga to‘xtalib o‘tsam. Zero, aynan shular qilingan va qilinayotgan ishlar mohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega.

Jumladan, bugungi kunda viloyatda 1 million 638 ming nafar iqtisodiy faol aholi mavjud. Tahlillarga ko‘ra, ish bilan band bo‘lganlar 1 million 554 ming nafarni tashkil etadi. Shundan rasmiy sektorda bandlar 702,6 ming nafar, norasmiy sektorda bandlar 599,6 ming nafar, xorijga ishlash uchun ketganlar 252,4 ming nafar, ishsizlar 83,3 ming nafar.

Bandlik dasturi amalda

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 34 ming 404 nafar fuqaroning ishga joylashishiga ko‘maklashildi (19474 nafari xotin-qizlar va 11064 nafari yoshlar).

Bugungi kunda viloyatdagi 13357 ta korxona va tashkilotda 36 mingta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlarining 10991 tasi oliy, 22308 tasi o‘rta-maxsus ma’lumot talab etsa, 2734 tasi ma’lumot talab etmaydi.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi sessiyalari qarorlari bilan tasdiqlangan reja-grafiklarga asosan joriy yilning yanvar-avgust oylarida 219,2 ming aholini band qilish belgilangan bo‘lib, amalda 265,1 ming aholi daromadli mehnat bilan band qilindi.

Xususan, investitsiya loyihalari hisobiga 11,5 ming, aholini doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish sohasida 183,9 ming, qishloq xo‘jaligida 58,3 ming, qurilish yo‘nalishida 11,6 ming aholi doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda band qilindi.

Amalga oshirilgan ishlar hamda chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha yil yakuni bilan Bandlik dasturi 360 mingtaga yoki 112,5 foizga bajarilishi prognoz qilingan.

Bepul kasb-hunarga o‘rgatiladi

Viloyatimizda Prezidentimizning “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitishning vaucher tizimi joriy qilingan.

Bunda kasb-hunarga o‘qish istagida bo‘lgan fuqaro vaucher asosida ta’lim muassasasini erkin tanlash imkoniyatiga ega. Ishsiz va band bo‘lmagan aholi kasb-hunar va xorijiy tillarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bepul o‘qitiladi.

Viloyatimizda band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 6 ta kasbiy ko‘nikmalar markazi hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadida ecosys.mehnat.uz dasturidan o‘tgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi 24 ta kasb-hunar maktabi va 20 ta nodavlat ta’lim muassasasi mavjud.

Joriy yilda 16,9 ming nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 17,3 ming nafar ishsizlar talab yuqori bo‘lgan 36 ta yo‘nalishda kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitildi.

Ishlar mahallabay amalga oshiriladi

Yilning o‘tgan davri mobaynida hokim yordamchilari bilan birgalikda 154 ming 643 nafar aholi o‘zini-o‘zi band qilgan, 100985 nafar fuqaro doimiy ish joylariga joylashtirilgan, 6838 nafar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Viloyatda hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida o‘qish istagini bildirgan 16604 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.

2025 yilning o‘tgan davri mobaynida har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani ishga tushirish topshirig‘i asosida, hokim yordamchilari tomonidan “Online-mahalla” platformasida 37 389 ta mikroloyiha kiritildi va 1,7 trillion so‘mlik bu loyihalarda 76673 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 253 nafar fuqaroga 2,9 milliard so‘m ssuda hamda 90 nafar fuqaroga 635,8 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar aholining mahallalar o‘sish nuqtalari (drayver) asosida daromadlarini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Shu maqsadda jismoniy va yuridik shaxslarga 314,2 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, ushbu moliyaviy manbalar mahallalarda ishsizlar, yoshlar va xotin-qizlarning kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ko‘mak bo‘lmoqda.

Mehnat inspeksiyasi amalga oshirgan ishlar

Joriy yilning o‘tgan yanvar-sentyabr oylari davomida davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan jami 740 ta korxona va tashkilotda o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida 3396 ta kamchilik aniqlangan. Bu kamchiliklar bo‘yicha 705 ta ish beruvchi mansabdor shaxslarga nisbatan 1612,3 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari tomonidan biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va oyma-oy zarar pullarini undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta (345,7 million so‘mlik) da’vo arizasi kiritilgan.

2025 yil yanvar-sentyabr oylari davomida viloyat miqyosida korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish bilan bog‘lik holda 37 ta baxtsiz hodisa tekshirilib, hisobga olindi.

Kambag‘allik darajasi pasaytiriladi

Viloyatda yil boshida 70285 oila (321173 a’zolari soni) kambag‘allik reyestriga kiritilgan bo‘lib, joriy yilda 35663 ta oila (a’zolari 163384 nafar) ni kambag‘allikdan chiqarish rejasi tasdiqlangan.

Yilning 9 oyida mazkur oilalar uchun tuzilgan individual rejalar asosida 29238 ta oilaga daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar ko‘rsatildi.

Jumladan, 22940 kishi doimiy ishga joylashtirildi, 23633 kishi tadbirkorlikka jalb etildi, 8240 nafariga kredit va subsidiya mablag‘lari ajratilgan hamda 489 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi.

Kambag‘al oilalarga ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida yilning o‘tgan davri mobaynida 30002 ta oila (a’zolari soni 124611 nafar) kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Yil yakuniga qadar 8983 ta oilani kambag‘allik reyestridan chiqarish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan.

Temur MAHMUDOV,

viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i.