“Beriladigani berib bo‘lindi, endi mehnat qilishga o‘rgatamiz”
Bulung‘ur tumanidagi Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi beshta kam ta’minlangan oila tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Ibragimovga biriktirilgan. O‘tgan vaqtda mas’ul ularning har biri bilan uchrashib, oilasidagi muhit, uy va hovli-joyining ahvolini o‘rgangan. Biroq biz borib, fuqarolar bilan muloqot qilganimizda, hokim o‘rinbosari ularga na pul va na boshqa moddiy yordamlar berganligi ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, buning sababi nima? Nega kambag‘allarga “yordam” berilmayapti?
Tumandagi 55 mahallada 201 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 505 oiladagi 2107 nafar fuqaro kambag‘al deb topilgan hamda Prezidentning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 101 nafar mas’ulga 5 ta oiladan biriktirgan. Ularning 6 nafari tumanning muvaffaqiyatli tadbirkori, 4 nafari katta hayotiy tajribaga ega nuroniy, qolgani esa davlat idoralari rahbarlari hisoblanadi.
— Biriktirilgan mas’ullarning vazifasi oilalarning kambag‘allik holatiga tushish sabablarini o‘rganib, muammolarni bartaraf qilish, - deydi Sherzod Ibragimov. – Shuningdek, biz mutaxassislarni jalb qilgan holda oilalarning o‘z tomorqasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi hamda oila a’zolarining, ayniqsa xotin-qizlarning kasb-hunar va xorijiy tilni o‘rganishi, ishga joylashishiga ko‘maklashishimiz kerak. Ko‘pchilik buni tushunmayapti va bizga biriktirilgan rahbarlar moddiy ta’minotimizga ham mas’ul deb o‘ylayapti. Shu vaqtgacha kam ta’minlanganlarga barcha turdagi moddiy yordamlarni berib bo‘ldik, natija o‘zini oqlamadi. Endi boqimandalikni yo‘qotishimiz, fuqarolarni ishlab, mustaqil pul topishga o‘rgatishimiz kerak. Ayni maqsadda ishsizlarni ishga joylashtirish uchun tumandagi 8 ta yirik tadbirkorlik sub’yekti bilan kelishuvga erishdik, hunar o‘rganaman, deganlar 3-6 oylik kasbga o‘rgatish kurslariga yo‘naltirilyapti.
Tumandagi har bir mahallada oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual reja ishlab chiqilgan. Unda oilaga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, uy-joy, bandlik, ta’lim, hatto xulq-atvor yo‘nalishlari ham qamrab olingan. Mazkur rejalarning ijrosi oilalarga biriktirilgan mas’ullar tomonidan tahlil qilib borilishi belgilangan.
— O‘rganish maqsadida ko‘p oilalarga kirdik, - deydi Sherzod Ibragimov. – Kambag‘al deyilayotganlarning aksariyatida 20-25 sotixdan bo‘sh yotgan hovli bor. U yerga faqat kam daromadli beda yoki jo‘xori ekib olingan. To‘qsonbosti ekin ekkanlar, issiqxona tashkil qilganlar juda kam. Holbuki, yerdan unumli foydalanilganda, hech kim kambag‘al bo‘lmaydi. Lekin bu endi yerga ekinni biz ekib beramiz, hosilini ular oladi, degani emas. Biz faqat jarayonga mutaxassislarni jalb qilib, ularga nima ekish, qanday parvarishlashni o‘rgatishimiz mumkin. Mehnat qilgan yaxshi yashaydi. Ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarmay, bersang yeymang, deb yotadiganlarga yordam berilmaydi. Subsidiya boqimandalarni ko‘paytiradi, kredit esa kambag‘alni yanada faqir, qarzdor qiladi. Harakatda barakat. Buni tushunishimiz kerak.
Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi Sarvinoz Sattorova tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Oila boshi shu kungacha mavsumiy ishlar bilan band bo‘lgan, yaqinda ishlash uchun xorijga ketibdi. Uyda 3 nafar farzandi bilan qolgan ona hunari ortidan ro‘zg‘or tebratmoqda.
— Uyimizga hokim o‘rinbosari bir necha marotaba keldi, - deydi Sarvinoz Sattorova. – Oxirgi kelganida kitoblar sovg‘a qildi. Daromadimiz, yashash tarzimizga qiziqdi. Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, yerdan unumli foydalanish bo‘yicha maslahatlar berdi. Erim qaytib kelsa, bu imkoniyatlardan, albatta, foydalanamiz.
Mas’ullar fuqaro va uning eriga 3 million so‘m atrofidagi maoshli ish taklif qilyapti. Farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish bo‘yicha ko‘mak beriladi. Uyidan chiqmay dehqonchilik yoki hunarmandchilik qilib, yaxshi daromad qilish ham o‘rgatiladi. Lekin tekinga hech nima berilmaydi.
Sherzod Ibragimovga ko‘ra, kambag‘al oilalar bilan yaqindan tanishish davomida asl sharoitini yashirib, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kirib olgan, amalda esa “tagi”da mashinasi va ikki qavatli imorati bor fuqarolar ham aniqlanmoqda. Ular hech bir xijolatsiz haqiqiy ehtiyojmandlarning haqiga ko‘z olaytiryapti. Eng achinarlisi, shundaylar orasida davlat xizmatchilari ham bor ekan. Ma’lumotga ko‘ra, sentyabr oyida tumandan 6088 ta oila tegishli reyestrga kiritilgan bo‘lib, dastlabki o‘rganishlar xulosasiga muvofiq, 1121 ta oila undan chiqarilgan. O‘rganish ishlari davom etyapti.
Asqar BAROTOV.