Institutda xurmoni quritish inshooti ishga tushdi
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) hamda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti vakillari keldi.
Mehmonlar “Samarqandda xurmo mevasini quritish orqali qishloq aholisi daromadini oshirish” loyihasi doirasida institutda erishilgan natijalar, kelgusidagi istiqbolli rejalar hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Loyiha doirasida joriy yilda institutda xurmo quritish inshooti qurildi. Ushbu omborda yaponiyalik ekspertlar tomonidan xurmoni quritish usuli ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Xurmoni quritish inshootining maydoni 0,10 ga bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 80-100 tonna xurmo quritiladi. Shuningdek, xurmo mevalarini saqlash uchun 200 tonnalik 4 ta bo‘lmadan iborat zamonaviy sovutgich ombori tashkil etilgan.
- “Uzun Agro Star” MChJ homiyligida tashkil etiladigan o‘quv kurslarida institut olimlari aholi daromadini oshirishga qaratilgan, xurmo mevasini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash zanjirini yaratishga o‘qitib boriladi, - dedi institut rektori, professor Shavkat Hasanov. - Aholining xurmo mevasini yetishtirish, quritish, saqlash hamda sotish bo‘yicha savodxonligi oshirilib, daromadlari ortadi hamda bandligi ta’minlanadi. Hududlarda mahsulot tannarxi past bo‘lgan taxir ta’mli (limonli) xurmo mevalari qayta ishlanib, yangi quritilgan milliy brenddagi eksportbop meva mahsuloti yaratiladi. Aholining sog‘lom ovqatlanish tarzi yaxshilanib, yod tanqisligining oldi olinadi.
Xurmo mayizlariga bo‘lgan ehtiyoj dunyo miqyosida ham yuqoriligini inobatga olsak, uni eksport qilish istiqbollari ham katta. Ushbu loyiha qishloq aholisi daromadini oshirish maqsadida amalga oshirilyapti.
Xurmoni quritish usuli yaqin yillarda keng ommaga yetkaziladi.