Kadastr xodimlari xatlovda nega rejadan ortda qolmoqda?
2025 yilda viloyat bo‘yicha 4528 holatda 754,26 gektar yer maydoni turli maqsadlarda foydalanish uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.
O‘sha fuqarolarga tushuntirish va yozma ko‘rsatmalardan so‘ng 1133 holatda (12,1 foiz) 91,61 gektar maydondagi qonunbuzilishlar ixtiyoriy bartaraf etilib, dastlabki holatiga keltirildi.
Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 403 holatda 202,1 gektar yer maydoni tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarildi.
Viloyat matbuot uyida kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Hotamov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi holatlar va kadastr sohasidagi ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Hozir kadastr sohasida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan jarayon “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni asosida joylardagi xatlov jarayonlarining borishi bo‘lmoqda. Bu borada mas’ullarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda viloyatdagi 179 mahallada 96081 ta ko‘chmas mulk xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilib, UZKAD dasturiga kiritilgan. Mazkur qonun doirasida xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan xatlov boshlangan (2024 yil 8 noyayabr)dan buyon bugungacha 4696 nafar fuqaroning uy-joylari va yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqi e’tirof etildi va bugungacha 941 tasi kadastr idorasidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
- Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga asosan viloyatimizning tuman-shaharlarida joriy yilda 231 ta mahallada 147 ming 747 ta ta ko‘chmas mulk ob’yekti xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan, - deydi R.Hotamov. – Buning uchun Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va boshqarmaning tuman-shahar filiallarida 300 dan ortiq xodim safarbar qilingan. Bir kunda o‘rtacha 710 ta xonadonga kirib, yer uchastkasi va bino-inshootlari o‘lchanib, ularning elektron xaritasi yaratilmoqda.
Bu jarayonlarni tezlashtirish masalasida fuqarolardan xatlov nega sekin ketmoqda, xatlov jadvalidagi uzilishlarga nima sabab, kabi savollar ko‘p uchraydi. Bu xatlovning rejadan ortda qolayotgani, belgilangan muddatlarda mutaxassislarning xonadonga kelmayotgani tufayli shunday murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur xatlov ishlarida belgilangan rejadan ortda qolinishi xatlov jarayonida mulk egasi, xonadon sohibi uyda bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa xatlov ishlarini bajarish uchun kadastr xodimlarini uyga kiritmaslik va shu kabi holatlar sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida kadastr xodimlari bir uyga bir necha marotaba takror borishiga, ko‘p vaqt yo‘qotishiga va oqibatda reja-jadvalda kechikishlarni yuzaga keltirmoqda. Talabga ko‘ra, bir mahallada xatlov ishlarini to‘liq yakunlamasdan boshqa mahallada xatlov ishlarini boshlash mumkin emas.
- Shu munosabat bilan aholidan xatlov ishlarida faollik ko‘rsatishlarini, kadastr xodimlari bilan hamkorlik qilishlarini va xatlov ishlarini tez, sifatli va samarali tashkil etishda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolamiz, - dedi matbuot anjumanida R.Hotamov.
O‘ktam Xudoyberdiyev.