Samarqand–Toshkent (M-39) yo‘lidagi tirbandliklar: haydovchilarni qiynayotgan uch nuqta

Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan berilgan to‘rt kunlik dam olish kunlaridan keyin poytaxtga qaytuvchilar soni ko‘pligi bois Samarqand shahridan Toshkentga borguncha juda ko‘p joyda tirbandliklar kuzatildi.

Shuhrat Shokirjonov ushbu tirbandliklarning kelib chiqish sabablari haqida o‘z nuqtai nazari bilan o‘rtoqlashdi.

- Kecha Samarqanddan Toshkentga mashinada qaytdim. Ko‘pchilik yo‘lda yurganlar biladiki, M-39 yo‘li bilan Samarqanddan Toshkentga kelish-qaytishda uch joyda yirik tirbandlik (probka) hosil bo‘lmoqda.

Birinchisi — Samarqand va Jizzax viloyatlari chegarasidagi «Yuqori nuqta» yo‘l-patrul maskanida. Bunga sabab — postda juda noqulay «yotiq politsiyachi» sun’iy do‘ngligi o‘rnatilgani. O‘z-o‘zidan, bu do‘nglik mashinalarning postdan nihoyatda imillab o‘tishi va ortidan uzundan-uzun tirbandlik hosil bo‘lishiga olib kelmoqda. Zudlik bilan «sun’iy do‘nglik» olib tashlanishi kerak va bu g‘oya kimdan chiqqan bo‘lsa, ishdan bo‘shatilishi lozim.

Qolgan ikkita tirbandlik Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududida.

O‘smat va Baxmalga ketadigan T-simon chorrahalar svetofor bilan ta’minlangan. Chunki Jizzax tomondan kelib bu hududlarga burilish yoki, bu hududlardan ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib, Samarqand tomonga burilish uchun M-39 yo‘li orasidagi to‘siq ochib qo‘yilgan. Shu sababli 15-25 daqiqali tiqilinchlar yuzaga kelgan.

Svetofor olib tashlanib, yo‘l orasi bilan yopilishi kerak. Chunki O‘smat va Baxmalga buriluvchi va bu yo‘llardan chiquvchi mashinalar har svetofor o‘chib yonganda 2-3 tagina to‘planmoqda. Shu sabab bilan Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryodan kelayotgan minglab mashinalar to‘xtatib qo‘yilmoqda.

O‘smat va Baxmalga kirib-chiquvchi yakkam-dukkam mashinalar sal naridagi razvorot orqali burilib kelsa ham bo‘ladi.

Bu ikki nuqta va o‘rtaroqda kollej oldida yer osti piyodalar o‘tish joyi qurilishi lozim.