Shahardagi tirbandlikka yechim bormi?

(ikkinchi maqola)
Hafta boshida shu savolni qo‘yib, ko‘rgan-kechirganlarimiz asosida fikrlarimizni bayon qilgandik. Garchi hali shahar mas’ullari bunga o‘z munosabatini bildirmagan bo‘lsa-da, jamoatchilik vakillari o‘z maktub va telefon xabarlarida tirbandliklar va yo‘llardagi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun piyodalar yo‘laklari, yer osti va yer usti o‘tish yo‘llariga ham e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqda.
Piyodalar yo‘laklari savdo maydoniga aylanmasligi kerak
Keyingi yillarda shahardagi yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, katta yo‘l yoqalari bilan mahallalardagi ichki yo‘llar atrofida ham piyodalar va velosipedda harakatlanish uchun yo‘laklar tashkil etildi. Bu birinchidan, yo‘llarda harakat xavfsizligini tartibga solishga xizmat qildi. Ikkinchidan, odamlar ko‘proq piyoda yoki velosipedda yurishni odat qildi va bu salomatlik uchun juda muhim.
– Ishga kelish va ketishda asosan, piyoda yuraman, – deydi Rustam Hayitov. – Yo‘l-yo‘lakay bugun nima ish qilishim kerakligini o‘ylayman, kechqurun ketishda esa kunlik ishlarimni sarhisob qilib olaman. Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur, Gagarin, Rudakiy, Beruniy, Bo‘stonsaroy ko‘chalaridagi piyodalar yo‘laklaridan yurish ancha qulay, bemalol yurasiz. Lekin Narpay, Buyuk Ipak yo‘li, Firdavsiy ko‘chalarida, Sartepa va Sug‘diyona massivlarida piyodalar yo‘laklari shu ko‘chadagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari egalari tomonidan egallab olingan yoki odamlar hech ikkilanmay avtomashinasini shu yerga qo‘yishadi. Ko‘p joylarda esa yo‘laklar avtomobil sotish maskanlariga aylanib qolgan. Yaqinda Qorasuv massiviga borgandim. Bu yerda yo‘llarning torligi yetmagandek, aholi shu yo‘llar chetiga, piyodalar yo‘laklariga va hatto maysazor ustiga avtomashina qo‘yganini ko‘rib, nahotki bu tartibsizliklarning oldini olib bo‘lmasa, deb o‘ylanib qoldim.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylik zarur
Piyodalar yo‘laklarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil harakatlanishi uchun sharoit bo‘lishi kerak. Bu haqda hukumat qarori ham mavjud. Dastlab viloyat, tuman va shahar markazlarida bittadan ko‘cha tajriba asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishiga moslashtirilishi, so‘ngra bu tajriba boshqa ko‘chalarda qo‘llanilishi belgilangan. Ammo shaharning Rudakiy va Ibn Sino ko‘chalarining bir qismida boshlangan bu ezgu ish shu holida qoldi, shekilli, boshqa joylarda bunga ko‘zimiz tushmadi.
Bir necha yil oldin Orzu Mahmudov ko‘chasi gastronomik ko‘chaga aylantirilganda bu yerdagi piyodalar yo‘laklari zinasiz holatda qilingandi. Bu ayniqsa, keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun juda qulay. Ammo bu tajriba boshqa joylarda qo‘llanilmadi. To‘g‘ri, yo‘lning relefi va boshqa jihatlar zinasiz yo‘lak tashkil etishga imkon bermas, lekin shu zina yonida nogironlik aravachasida harakatlanish uchun pandus yaratish mumkin-ku!
Deputatlar tirbandlik va yo‘laklar masalasini nega kengashga olib chiqmaydi?
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputatlari va shahardan viloyat Kengashiga saylangan deputatlar bilan gaplashib, shu masala haqida fikrlarini so‘raganimizda, ularning aksariyati tegishli idoralar va shahar hokimligiga deputatlik so‘rovlari yuborganligini aytdi. So‘rovga javob olganlardan olmaganlar ko‘proq ekan, bu boshqa mavzu. Ammo na shahar, na viloyat Kengashida mazkur masala alohida tarzda muhokama qilingan. Vaholanki, bugun Samarqand shahrida bu eng muhim, yechimini kutayotgan muammolari ko‘p bo‘lgan masala hisoblanadi.
Toshkent shahrida keyingi yillarda tirbandliklar ko‘paygani va jamoat transporti yuklamasi oshgani sababli ta’lim muassasalarida dars jarayonlari, ayrim tashkilotlarda ish vaqti boshlanishi va tugashi tartiblari o‘zgartirilgan edi. Nega bunday tartib haligacha Samarqand shahrida qo‘llanilmayapti? Aksariyat maktab va oliy o‘quv yurtlarida darslar soat 8-9 oralig‘ida boshlanadi. Bu masalani ham Kengashda ko‘rib, hokimlik va ta’lim muassasalariga taklif berish mumkin nazarimizda. Hech bo‘lmaganda tirbandlik ko‘p kuzatiladigan yo‘llar atrofidagi maktablar va o‘quv yuklamasiga ta’sir ko‘rsatmaydigan oliy o‘quv yurtlarida mashg‘ulot boshlanish vaqtini o‘zgartirish zarur.
Tashabbus faqat viloyat hokimligidanmi?
Yaqinda Samarqand shahar Shohi Zinda ko‘chasida (Siyob bozori ko‘prigi ostida) svetofor o‘rnatilib, piyodalar yo‘lagi tashkil etilgani aholiga manzur bo‘ldi. Chunki ko‘prik yonida piyodalar uchun yo‘lak borligi sababli necha yillardan buyon bu masala ko‘tarilsa-da, hal etilmasdi. Odamlar yo‘l o‘rtasidagi temir panjaralardan oshib o‘tar va bu turli ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lardi.
O‘n yillar oldin yopib yuborilgan Samarqand temiryo‘l vokzalidagi va Registon ko‘chasidagi piyodalar yer osti o‘tish yo‘laklarining ham viloyat hokimi e’tibori bilan ochilayotgani haqida shunday fikrlarni aytish mumkin. Bu ikki yer osti o‘tish yo‘lining ochilishi aholi uchun juda katta qulaylik yaratishi, turli xil yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qilishini aytib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Birgina temiryo‘l vokzalidagi yer osti o‘tish yo‘lining ochilishi yo‘lovchilarning vokzal binosiga kirmasdan ikkinchi va uchinchi temiryo‘lga o‘tishlari va to‘g‘ri shaharga chiqishlariga imkoniyat yaratadi.
Shu kecha-kunduzda Qorasuv massivida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali tez tibbiy yordam avtomashinalari uchun alohida yo‘l tashkil etilayotgani ham oddiy masaladek tuyulsa-da, gap inson salomatligi, vaqt va masofani tejash hisobiga bemorlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qilishini inobatga olsak, juda katta ezgu ish sanaladi. E’tibor bering, M-37 yo‘lidagi Motrid chorrahasi yonidan tez yordam avtomashinalari uchun 205 metrlik yo‘l ochilsa, 6 kilometr masofani bosib o‘tishga hojat qolmaydi. Ana – shu oddiygina choraning ahamiyati.
Shahar aholisi va mehmonlariga qo‘shimcha qulaylik, imkoniyat yaratadigan bu chora-tadbirlar viloyat hokimligi e’tibor va tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Muhimi, buning uchun juda katta mablag‘, vaqt talab etilmayapti.
Aslida, bunday tashabbuslar shahardan, shahardagi mutasaddi idoralardan, ziyoli va fidoyilardan chiqishi kerak emasmi? Shaharsozlik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarimiz, loyiha institutlarimiz-chi? Ular ham shiddatkor zamon talabi, shahar aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqib, shunday tashabbuslar bilan chiqishi kerak emasmi?
Yer osti o‘tish yo‘laklari ko‘zdan pana joy emas
Yer osti o‘tish yo‘laklarining ochilayotgani quvonarli, albatta. Endi ularga e’tiborni kuchaytirish bilan birga aholining munosabatini o‘zgartirish va madaniyatini oshirish lozim. Chunki ayni paytda foydalanilayotgan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bo‘stonsaroy va Dahbed ko‘chalaridagi piyodalar yer osti o‘tish yo‘laklarining holatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Avvalo, bu yo‘laklarning hamma vaqt toza-ozoda saqlanmayotgani, yoritish chiroqlari ishlamasligi, yomg‘irli kunlarda ayrimlarida chakka o‘tishi va suv to‘planib qolishi eng katta muammo bo‘lmoqda. Go‘yoki bu joylar egasizdek tasavvur uyg‘otadi. Aslida esa yer osti yo‘laklari toza-ozodaligi, xavfsiz va qulay bo‘lishiga mutasaddi tashkilotlar bor, faqat biroz mas’uliyatni his qilib ishlash talab etiladi, xolos. Piyodalar ham yer osti yo‘laklariga ko‘zdan pana joy deb qaramasdan, o‘zlarining xavfsizliklari uchun yaratilgan qulaylik sifatida qabul qilishi zarur. Bunday yo‘laklarni sifatli saqlash va ulardan samarali foydalanish uchun balki xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga berish kerakdir.
Umuman, Samarqand bugun yirik sayyohlik markazi, xalqaro forum va siyosiy mashvaratlar o‘tkaziladigan shaharga aylanib bormoqda. Qadimiy va hamisha navqiron kentda mahalliy aholi va sayyohlarga qulaylik yaratish, zamon talabi va xalqaro andazalarga mos xizmat ko‘rsatishda eng kichik masalalar ham e’tibordan chetda qolishi kerak emas. Bunga albatta, shahar hokimligi bosh bo‘lishi va barcha tashkilot, muassasalar, hatto fuqarolar ham o‘zini burchli deb bilishi lozim.
G‘olib HASANOV.