Avtomobillar sonining oshishi muammolar keltirib chiqaryapti(mi)?

Bir necha yil ilgari Andijon viloyatiga borganimda yo‘l chetidan turnaqator bo‘lib velosiped minib ketayotgan otaxonlarni ko‘rib, hayron qolgandim. Izboskanlik do‘stim Ahmadaliga “Qariyalar o‘rtasida velosport musobaqasi bo‘lyaptimi” deb so‘raganimda, ”Yo‘g‘-yey, nimalar deyapsiz, to‘yga yoki bozor-o‘charga borayotgandir-da, bizda ko‘pchilik shunday yurishadi,” deb qo‘shib qo‘ydi.

Darhaqiqat, avtomobil yo‘lining ikki tomonida piyodalar va veloyo‘laklar qurilgan bo‘lib, nafaqat erkaklar, velosiped haydab ketayotgan xotin-qizlarni, piyoda ketayotgan keksa otaxonu onaxonlarni ham uchratdik. Tan olish kerak, bunaqa manzara Samarqandda uchramaydi.

Xo‘sh, nega ko‘rmayapmiz, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy?

Chunki bizda piyodalar uchun yoki velosipedda bemalol harakatlanish uchun shart-sharoit yetarli emas. To‘g‘ri, “Salomatlik yo‘laklari” bor, lekin ulardan faqatgina mashinalar to‘xtash joyi sifatida foydalanib kelamiz. Jumladan, Samarqand shahridagi Rudakiy, Amir Temur, Mirzo Ulugbek, Buyuk Ipak yo‘li, Narpay ko‘chalarida, to‘yxona, restoran va savdo do‘konlari yonida yo‘laklarda qatorlashib turgan yengil mashinalarni ko‘rishimiz mumkin. Ularni piyodalar ham aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi.        

Bugungi kunda yurtimizda aholi ko‘payib borgani sayin avtotransport vositalarining soni ham oshmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda viloyatimizda transport vositalari soni 5 baravar ko‘paygan. Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi ham rivojlanmoqda. Samarqand shahrida zamonaviy avtobus va elektrobus, tramvaylar olib kelinib, yangi yo‘l va ko‘priklar barpo etilib, yerusti metrosini qurish rejalashtirilmoqda.

Joriy yilda qariyb 100 ming aholining transport xizmati yaxshilanib, ularning transportga ketadigan vaqti o‘rtacha 15-20 minutga qisqardi. Lekin shahrimiz ko‘chalarida yuklamalar ko‘p, yo‘l harakatini tartibga solishda kamchiliklar yetarli. Transport vositalari tirbandligi yildan-yilga ortib borayotir.

Shahrimizda yuzdan ortiq chorraha bo‘lib, ularning teng yarmida transport vositalarini o‘tkazish darajasi past. Avtomobil to‘xtash joylari yetishmasligi sababli yo‘lning birinchi qatorida mashinalar yig‘ilib, qatnovga xalaqit bermoqda. Haydovchilar uchun yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari ham yetishmaydi. Piyodalar va velosipedlar harakati uchun noqulayliklar juda ko‘p.

- Tirbandlik ko‘p kuzatilayotgan yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda avtomobil saqlovchi parkomatlar tashkil etish kerak, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Haqberdi Narzullayev. - Piyodalar va velosiped yo‘lakchalari, ayniqsa, ko‘zi ojiz nogironlar uchun ham yo‘laklar qurilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, ayrim xiyobonlarda nogironlar uchun  yo‘laklar bor. Lekin ularning soni kam.      

- Shaxsiy avtomobillar va yo‘lovchilar soni tobora ortib borayotgani bois transport masalasi shahrimizning eng og‘riqli muammolaridan biriga aylandi, - deydi viloyat transport boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Xalilov. - So‘nggi 10-12 yilda avtomobillar soni ikki baravar oshgani, boz ustiga, jamoat transporti yo‘nalish tarmoqlari o‘tgan asrning 80-yillarida tuzilgani, ammo shu vaqtga qadar mukammal tarzda qayta ko‘rib chiqilmagani oqibatida shahar jamoat transporti tizimida jiddiy muammolar yuzaga keldi.

Darhaqiqat, shaharga kunlik kirib-chiqishlarni inobatga olsak, jamoat transporti xizmatini rivojlantirish naqadar muhim ekanligini anglash qiyin emas. Mashina qancha ko‘p bo‘lsa, tirbandlikni keltirib chiqaradi. Tirbandlikni esa faqat jamoat transporti sonini ko‘paytirish orqali bartaraf qilish mumkin.

O‘zbekistonda atmosferaga jami zararli tashlamalarning 58 foizi (1,4 million tonna) avtotransportlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Ularning yildan-yilga ko‘payib borayotganini muammoning naqadar jiddiy tus olayotganini ko‘rsatadi.

Muntazam o‘tkazilib kelinayotgan «Toza havo» tadbirlarida avtotransport vositalarining 2,7 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori, atmosferaga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori me’yordan ortiqcha ekanligi aniqlangan.

- Avtomobillar sonining ortishi, tirbandliklar muammosini bartaraf etish chorasi sifatida yo‘llarni kengaytirish samarali yechim emas, - deydi nafaqadagi yo‘lsoz Alisher Bo‘lakov. – Shuningdek, muammolar avtobuslar sonini ko‘paytirganda ham hal bo‘lmaydi. Avvalo, jamoat transportini isloh qilish, ularda harakatlanish boshqa mashinada manzilga yetib borishdan tezroq va afzalroq bo‘lishi lozim. Yo‘lovchilar buni amalda his etishi zarur. Biroq bugun shahar uchun eng kerakli bo‘lgan jamoat transportining xizmat sifatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Avtobuslar oraliq kutish vaqti juda katta va noaniq, manzilingizga o‘z vaqtida yetib bora olmaysiz, ko‘p kutasiz va tiqilinchda azoblanasiz.

Tirbandlik, yo‘l-transport hodisalari, jarohatlar, ekologik zarar va boshqa muammolarining asosiy yechimi – qulay jamoat transporti, piyoda yoki velosipedda yurish, bizningcha.

Dilmurod To‘xtayev.