Samarqandlik yosh dasturchilar AQShning yetakchi kompaniyalarida ishlayapti
2030 yilda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
Buning uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi yanada ko‘p ishlashi, vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari esa haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
– Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi, – dedi Prezident yaqinda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida. - Masalan, tarmoqlardagi ko‘plab korxonalar biznes jarayonlarini raqamlashtirib, xarajatlarini 10 foizgacha kamaytirayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt ham joriy etilsa, samaradorlik yanada oshishi ta’kidlandi.
Tabiiyki, mamlakatimizda juda tez fursatlarda olib borilayotgan raqamlashtirishda kadrlar masalasining ham o‘rni katta. Raqamlashtirish har bir sohaning o‘ziga tegishli dasturchilari va mutaxassislari bo‘lishini taqozo etadi. Xo‘sh, bu masalada ahvol qanday, sohadagi yangiliklar nimalardan iborat? Bu haqda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali rahbari o‘rinbosari, texnika fanlari doktori Dilfuza Yakubjanova bilan suhbatlashdik.
- Bu yil Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 70 yilligi, ushbu universitet Samarqand filialining 20 yilligi nishonlanyapti, - deydi D.Yakubjanova. – Tabiiyki, mazkur o‘quv dargohi o‘tgan yillar mobaynida yurtimizdagi barcha sohalar kabi takomillashtirilib, yangiliklarni tatbiq etgan holda faoliyatini davom ettirmoqda. Ayniqsa, bizning yo‘nalishdagi oliy ta’lim tizimi doimiy yangiliklardan boxabar va buni o‘z tizimida ifodalab borishi kerak. Aks holda, malakali mutaxassis chiqarishning imkoni yo‘q.
Filialda ayni paytda uch mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ular birinchi bosqichdan saralanib, ingliz tilini yaxshi biladigan va boshqa fanlardan natijasi yuqori talabalar bir guruhda jamlanyapti hamda ularga ingliz tilida mashg‘ulotlar o‘tilmoqda. Aytish kerakki, shu yil ilk bora masofaviy ta’lim tizimida o‘qigan talabalar bakalavrni tugatmoqda. Talabalarga IT sohasida zamonaviy bilimlarni berish uchun avvalo, pedagoglar ham o‘z ustida doimiy ishlashi barobarida sun’iy intellekt, dasturlash bo‘yicha bir qator davlatlarda doimiy ravishda malaka oshirib kelmoqda. Xususan, 2022-2025 yillar davomida 32 nafar pedagoglarimiz Xitoy, Koreya, Avstriya kabi davlatlarda turli muddatli malaka oshirish kurslarida bo‘lib qaytishdi.
- Axborot texnologiyalari sohasida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliyotning ham o‘rni juda muhim, shundaymi?
- Albatta. Mamlakatimiz rahbarining oliy ta’lim tizimi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlari davomida bir qator oliy ta’lim muassasalari sohaviy tegishliligiga ko‘ra turli vazirliklar tasarrufiga o‘tkazildi. Bizning universitet ham Raqamli texnologiyalar vazirligi tasarrufiga o‘tkazgach, amaliyot bilan integratsiya yuzaga keldi.
Xitoyning telekommunikatsiya va tarmoqlar bo‘yicha dasturiy vositalar ishlab chiqaruvchi Huawey kompaniyasi bilan yaqin hamkorligimiz bor. Ushbu kompaniya mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan kurslar juda qimmat bo‘lib, unda hamma ham o‘qiy olmaydi. Hamkorligimiz natijasida ushbu kompaniya filialimiz maxsus vaucherlar taqdim etmoqda va ma’lum bir yutuqlarga erishgan talabalar ushbu kompaniya mutaxassislaridan saboq olishi mumkin. Shuningdek, 1C kompaniyasi bilan hamkorlik natijasida o‘nga yaqin o‘qituvchilarimiz maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. Endilikda qo‘shimcha tarzda, talabalar tanloviga qarab ushbu dastur yo‘nalishi ham to‘liq o‘rgatiladi.
Keyingi yillarda amaliyot, ya’ni korxonalar bilan integratsiya faol tashkil etilayotgani bugunning asosiy yutug‘i, deb o‘ylayman. Chunki aslida ham xuddi shunday.
- Bugun yoshlar orasida dasturlash, IT sohasini o‘rganish uchun oliy ta’limda o‘qish shart emas, maxsus kurslarda ham yetarli bilim olib, zo‘r dasturchi bo‘lish mumkin, degan qarash ko‘paymoqda.
- Bugun nafaqat ushbu soha, balki boshqa ko‘plab kasblarni onlayn platformalar orqali o‘rganib, u orqali ro‘zg‘or tebratish mumkin bo‘lyapti. Bu ham o‘z navbatida IT sohasining rivoji bilan bevosita bog‘liq. To‘g‘ri, shunday kurslarda o‘qib, yaxshi dasturchi bo‘lib yetishayotgan xodimlar juda ko‘p. Lekin oliy ta’lim talabaning dunyoqarashini shakllantirish, uning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishi va muhimi, o‘z kasbini keng qamrovda o‘rganishiga katta turtki beradi.
Bugungi kunda filialimizda “Ma’lumotlarni qayta ishlash”, “Inkubatsiya va akseleratsiya”, “Karera va til” markazlari faoliyat ko‘rsatadi. “Raqamli transformatsiyada sun’iy intellekt”, “Machine Learning and Intelligence Lab”, “GIS Lab” hamda “Natural Language Processing (NLP) Laboratory” ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida magistr va o‘qituvchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bunday laboratoriyalarda bevosita ishlash imkoni esa oliy ta’lim tizimida mavjud.
Bugungi kunda filial bitiruvchilari AQShning Frost Pixel Studio, Express Scripts kabi mashhur IT kompaniyalarida, Yaponiyaning RIKEI CORPORATION, Janubiy Koreyaning Sejong universitetida, Rossiyaning Factor group korporatsiyasida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, iqtidorli bitiruvchilarimiz mamlakatimizdagi bir qator vazirliklarda yuqori lavozimlarda ishlayapti.
- Yoshlarning zamonaviy texnologiyalar sohasida o‘zib ketayotganini bugun ko‘pchiligimiz kuzatyapmiz. Shunday vaziyatda talabalar bilan ishlash qiyin bo‘lmayaptimi?
- To‘g‘ri, bugun bolalarga tug‘ilganidanoq telefon berib qo‘yishmoqda, ularda texnologiya bilan muloqot murg‘ak yoshidan yuzaga kelyapti. Sal esini tanigan bola internet orqali izlanishni o‘rganyapti, bu ham o‘ziga xos ko‘nikma. Keyinchalik ota-onalar e’tibor qilsa, bu bolalar maxsus kurslarda turli sohalardagi dasturlar bilan yaqindan tanishyapti. Aynan shunday izlanish aslida oliy ta’limda ham davom etishi kerak. Butun dunyoda oliy ta’lim tizimida shunday usul shakllangan. O‘qituvchining faqat ma’ruzadan foydalanishi shart emas, u talabaga ma’lum bir yo‘nalishlarni berishi kerak. Nega chet elda talabalar kutubxonadan chiqmaydi? Sababi, ularga o‘qituvchilar faqat ko‘rsatkichlarni ko‘rsatadi, ularni ma’lum bir o‘quvga yo‘naltiradi va talabalar shu sohada mustaqil izlanish olib boradi. Ammo bu degani o‘qituvchi yo‘nalish beradi bo‘ldi, degani emas. O‘qituvchi ham, tabiiyki, izlanishi lozim. Muhimi, yaxshi o‘qituvchining o‘z uslubi bo‘lishi kerak. Deylik, u o‘z darsini interaktiv doskada emas, oddiy doskada yaxshiroq tushuntirishi mumkin. Uni Touch Paneldan foydalanishga majburlash mantiqsiz, deb o‘ylayman. O‘qituvchiga ham erkinlik berish kerak.
O‘qituvchilarning xorijda amaliyot o‘tayotgani, filialimizda ham zamonaviy laboratoriyalarning ish olib borayotgani, umuman, sohaga e’tibor tufayli talabalarga bugun yetarli darajada bilim berilib, amaliyot o‘talmoqda.
Qolaversa, filial 30 dan ortiq mamlakatlardagi dunyoning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Belgiya, Turkiya, Serbiya, Hindiston, Malayziya, Belarus kabi davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligimiz bor. Ularning tajribasi doimiy o‘rganib boriladi va amaliyotga tatbiq etiladi.
- Gap raqamlashtirish haqida ketayotgan ekan, ushbu tizimning ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Uzoqqa bormaylik, o‘zim faoliyat olib borayotgan tizim misolida aytadigan bo‘lsam, qator masalalar turli elektron platformalar orqali amalga oshirilgach, oliy ta’lim tizimida korrupsiya holati keskin kamaydi. Bularning hammasi raqamlashtirish ta’sirida bo‘ldi. Yaxshi bilasiz, keyingi yillarda asta-sekinlik bilan emas, juda tezkor sur’atda ko‘p sohalarda raqamlashtirish tizimi kirib kelmoqda, inson omili kamaymoqda. Ijtimoiy xizmatlar, murojaatlar, qo‘yingki, qaysi sohani olib qaramang, ularda IT jadallik bilan joriy etilmoqda.
Alohida ta’kidlashni istardim, mamlakatimizda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.
O‘tgan yili sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi, Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.
Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, mamlakatlar tuzilmalarida raqamlashtirish indeksi bo‘yicha xalqaro reytinglar bor. Keyingi yillarda O‘zbekiston bu reytingda yildan-yilga yuqori pog‘onalarni egallayotgani quvonarli. Ammo hali yaxshi natijalar oldinda.
Bu esa dasturchilarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini ko‘rsatib turibdi. Qolaversa, filialimiz o‘qituvchilari tomonidan har yili turli sohalarning minglab vakillari ushbu yo‘nalishda o‘qitilmoqda. Xususan, shu kunlarda tibbiyot sohasi raqamlashtirilyapti, soha vakillari uchun o‘quvlar olib borilmoqda.
- Demak, filial o‘qituvchilari nafaqat talabalar, balki turli soha vakillarini ham IT bo‘yicha o‘qitarkan-da.
- Albatta, bugungi talab, qolaversa, raqamlashtirish tizimi har bir soha xodimidan o‘ziga tegishli bo‘lgan dasturlarda ish olib borish ko‘nikmasini taqozo etadi.
- Suhbatingiz uchun rahmat.
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.